Shomurodov bo‘yicha xavotirli holat
“Kalyari” mashg‘ulotlarida o‘ng oyoq barmog‘ini sindirib olgan Eldor Shomurodov Rim shahridagi “Villa Styuart” klinikasida professor Attilio Santuchchi tomonidan operatsiya qilingan edi.
Sardiniya klubi tibbiy bo‘limi boshlig‘i Marko Skorku jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgani haqida bayonot bergan. Eldor Shomurodovning o‘zi ham maydonga yana kuch va ishtiyoq bilan qaytishi va o‘zini qiyin paytda qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorlik bildirib, ijtimoiy tarmoq orqali muxlislarga murojaat qilgandi.
Italiya futbolini yoritayotgan manbalar Eldor Shomurodovning tiklanish jarayoni qancha davom etishi, “Kalyari”da bu borada yuzaga kelgan vaziyatga aniqlik kiritishga harakat qilmoqda.
Sarliniyada nashr qilinadigan La Nuova Sardegna gazetasi jurnalistlari “Kalyari” Eldor Shomurodovning jarohati tufayli yanvarda transfer bozoriga kirishi va yangi hujumchi qidirishi haqida ma’lumot berdi.
- Klaudio Raneri jarohat tufayli barmog‘idan operatsiya qilingan Eldor Shomurodov xizmatlaridan anchagacha foydalana olmaydi. O‘zbekistonlik futbolchi ikki oy atrofida davolanadi.
Keyingi oydan hujumchi Zito Luvumbo ham 13 yanvardan 11 fevralga qadar davom etadigan Afrika Millatlari kubogida Angola terma jamoasi sharafini himoya qilish uchun jo‘nat ketadi, - deb yozdi La Nuova Sardegna gazetasi jurnalisti Stefano Ambu.
L'Unione Sarda nashri esa, “Kalyari” rahbariyati “Roma” bilan ijara shartnomasini bekor qilib, Shomurodovni Rimga qaytarib yuborishi mumkinligini ma’lum qildi.
- Eldor Shomurodov operatsiya qilinganidan keyin kamida fevral oyining o‘rtalarigacha maydonga tusholmaydi. Legionerning jarohati tufayli “Kalyari” yangi hujumchi transfer qilishi mumkin. Aslida klub rahbariyati Shomurodovni Rimga qaytarishni rejalashtirayotgani haqida ham ma’lumotlar bor edi. Endi mutasaddilar tezroq bir qarorga kelishi talab etiladi, - deb yozdi L'Unione Sarda gazetasi eksperti Albero Masu.
Yana bir nufuzli manba – cagliarinews24.com sayti jurnalisti Emmanuele Olla Eldor Shomurodovning Osiyo kubogidagi ishtiroki ham mavhum bo‘lib qolayotganiga e’tibor qaratdi.
- O‘zbekistonlik hujumchi uchun 2023 yil erta tugadi. Olti oy davomida endi samara bera boshlagan futbolchi so‘nggi uchrashuvida Pavolettining goliga ajoyib pas uzatgan edi.
Endi Eldor Shomurodov 13 yanvar kuni Qatarda boshlanadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etadigan Osiyo kubogini o‘tkazib yuborishiga ham to‘g‘ri kelishi mumkin, - deb yozdi Emmanuele Olla.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov Osiyo chempionatida ishtirok etishni maqsad qilgan. 28 yoshli futbolchimiz tezroq oyoqqa turish uchun jarohatini operativ yo‘l bilan davolashga rozilik bergan va shifokorlardan o‘zini Osiyo kubogining birinchi turiga qadar tezroq maydonga qaytarishni so‘ragan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi qit’amizning eng nufuzli musobaqasi guruh bosqichida Avstraliya, Suriya va Hindiston futbolchilari bilan raqobatlashadi.
Eldor Shomurodov bosh jamoamiz tarixidagi eng sermahsul futbolchi hisoblanadi. Hujumchimiz xalqaro miqyosda jami 68 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga 38 ta gol yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar
Кайтишингизни кутамиз