
Shomurodov urgan golning qiymati baland bo‘lib chiqdi!
Klaudio Raneri boshchiligidagi “Roma” asta-sekin 2025 yil davomida A Seriyada eng yaxshi natija qayd etayotgan jamoaga aylanib bormoqda.
Hozircha milliy chempionatning ikkinchi yarmida “bo‘rilar”ni to‘xtatadigan jamoa topilmayapti. Italiya A Seriyasining 33-turida rimliklar mashhur “Olimpiko” stadionida murakkab raqib – “Verona”ni qabul qilib, kichik hisobda g‘alaba qozondi.
Poytaxtliklarga uch ochko keltirgan yagona gol muallifi Eldor Shomurodov bo‘ldi. O‘zbek futbolchisi “Roma”ning muvaffaqiyatlarida muhim figura hisoblanadi. “Verona”ga qarshi bahsda o‘zbek legioneri gol urishdan tashqari, hisobni ushlab qolishda jamoaga katta yordam berdi.
Bu bellashuvda “Roma” futbolchilari qariyb o‘n yil avval kuzatilgan rekord natijani qayd edi. Jamoa ketma-ket 17 ta uchrashuvda engilmadi. “Bo‘rilar” mag‘lubiyatsiz seriya davomida 12 ta uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi va besh bor durang o‘ynadi. Rimliklarning A Seriyadagi oxirgi mag‘lubiyati 2024 yilning 15 dekabrida “Komo” bilan safar o‘yinida qayd etilgan.
Avvalgi rekord 2016 yilning yanvar-may oylarida kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda “Roma” Luchano Spalletti qo‘l ostida 14 ta g‘alaba va uchta durangga erishdi. Agar Klaudio Raneri shogirdlari ijobiy natijalar seriyasini “Inter”ga qarshi o‘tkaziladigan kelasi bahsda ham davom ettira olsa, bu borada yangi rekord o‘rnatadi.
Joriy chempionat boshida “Roma”ning ilk golini urgan Eldor Shomurodov musobaqaning ikkinchi yarmida samaradorligini oshirdi. 2025 yilda chempionat doirasida uchta to‘p kiritgan hamyurtimiz jamoasi jami etti ochko ishlab olishiga hissa qo‘shdi.
29 yoshli legionerimiz gol urgan uchrashuvlarda “Roma” futbolchilari “Montsa”ni 4:0, “Verona”ni 1:0 hisobda taslim qilib, “Yuventus” bilan durang o‘ynadi – 1:1.
Bu masalaga jamoa bosh murabbiyi Klaudio Raneri quyidagicha munosabat bildirdi.
- Do‘stlar bunday natijalarga erishish oson emas. Shunisi aniq ayta olamanki, qo‘l ostimdagi yigitlar uddalab bo‘lmas ishlarga qo‘l urmoqda, biz orzuga erishish yo‘lida harakat qilyapmiz. Biroq orzu qilish o‘z yo‘ligi, muhimi harakat qilish.
Biz juda ko‘p ishlashimiz kerak, chunki oldinda “Inter” va “Fiorentina”ga qarshi fantastik to‘qnashuvlar kutib turibdi. Bu bahslarda bizga oson bo‘lmaydi.
Biz kurashdan chiqqanimiz yo‘q, yaxshi natijalarga erishishni istaymiz, muxlislarimiz mavsumni qanday yakunlaganimizdan faxrlansin. Mavsumning boshi omadsiz bo‘lgan, biroq uning yakunini chiroyli qilishga urinyapmiz.
Bu juda yaxshi jamoa. Lekin men uni tark etaman. Kerakli hamma ishni qildim, ketish qarorim to‘g‘ri. Yangi murabbiyga jamoani o‘ziga moslashtirish uchun vaqt kerak. Men yana qolsam, bir yil yo‘qotiladi. Men “Roma” vaqt yo‘qotishini istamayman.
Oldinda ish ko‘p, erishiladigan marralar bor, men chetga chiqib, yutuqlarni qo‘lga kiritishni biladigan murabbiyga joy bo‘shatishim kerak, - dedi Klaudio Raneri.
Ta’kidlash joiz, Eldor Shomurodov qishki transferlar vaqtida “Venetsiya”ga ko‘chib o‘tishi deyarli hal bo‘lgan masala edi. Biroq aynan Klaudio Raneri o‘zbek futbolchisi unga kerak ekanini ta’kidlab, Eldorni jamoada olib qoldi.
Mana endi mavsumning hal qiluvchi pallasida Shomurodov “Roma” uchun juda muhim o‘yinchiga aylandi. Ekspertlar garchi o‘zbek legioneri kam gol urayotgan bo‘lsa-da, jamoaviy o‘yinga va umumiy natijaga juda katta ta’sir ko‘rsatayotganini alohida tilga olishmoqda.
Endi Husanovga yanada qiyin bo‘ladi!
O‘zbekistonlik “iblis”! Ekspertlar Shomurodovga yana qanday ta’rif berishyapti?
Shomurodovga fanatlar yangi talab qo‘ydi!
Shomurodov hammani qutqardi!
“Roma”ni Chempionlar ligasiga etaklayotgan Shomurodovning o‘yinini ekspertlar qanday baholadi?
Fayzullaev nega Evropada o‘ynamayapti? “Barsa” sobiq yulduzi vaziyatni tushuntirib berdi
Fikrlar