
Shomurodov va A Seriyada ro‘za tutayotgan yulduzlar
FIFA kunlari yakunlanib, o‘z milliy terma jamoalari o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va xalqaro uchrashuvlarga jalb etilgan futbolchilar klublariga qaytib bordi.
“Spetsiya” vakillaridan o‘n nafardan ziyod futbolchi turli terma jamoalarga jalb etilgan edi. Ular orasida Eldor Shomurodov Srechko Katanets taklifiga ko‘ra, Saudiya Arabistonida tashkil etilgan yig‘inda ishtirok etdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘in doirasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, Eldor Shomurodov gol urgan bahsda Boliviyani 1:0 hisobida taslim qildi. Venesuelaga qarshi ikkinchi bellashuvda 1:1 hisobida durang qayd etildi.
Endi “Spetsiya”ni 2 aprel kuni A Seriya doirasida “Salernitana”ga qarshi o‘yin kutmoqda. Italiya matbuoti Ramazon oyi munosabati bilan ro‘za tutayotgan musulmon futbolchilar borligini inobatga olish lozimligini yozmoqda.
“Spetsiya” faoliyatini yortib borayotgan https://www.calciospezia.it sayti jurnalisti Manuel Arena jamoa bosh murabbiyi Leonardo Semplichi bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik jarayonida Eldor Shomurodovning ro‘za tutayotganini inobatga olishga chaqirdi.
- Islom diniga e’tiqod qilayotganlar bir oy davomida Ramazon oyi ro‘zasini tutishadi. Bu gal Ramazon 21 aprelga qadar davom etadi. A Seriyada ro‘za tutayotgan futbolchilar ko‘p. Ular orasida “burgutlar” vakili Eldor Shomurodov ham bor. Kun bo‘yicha taomlanmaslik va suv ichmaslik, mashg‘ulotlar va o‘yinlarda futbolchilarni qiynab qo‘yishi mumkin. Leonardo Semplichi bu holatni to‘g‘ri baholashi kerak, - deb yozdi Manuel Arena.
Bo‘lajak raqib – “Salernitana” haqida yozadigan https://www.calciosalernitana.it sayti ham bu masalaga to‘xtaldi.
- O‘z milliy terma jamoalaridan qaytib kelgan malilik etakchi yarim himoyachi Lassana Kulibali va jamoaning senegallik to‘purari Bulaye Dia Ramazon ro‘zasini tutyapti. Ro‘za musulmonlar uchun dinining besh ustunidan biri. Ular erta tongdan kechgacha taom va suvdan o‘zini tiyadi. Bosh murabbiy Paulu Souzu 22 aprelga qadar buni inobatga olishi kerak, - deb yozmoqda mazkur sayt.
Italiya matbuotining yozishicha, “Spetsiya” va “Salernitana” futbolchilaridan tashqari A Seriyaning yana bir necha yulduzlari ham ro‘za tutishni kanda qilayotgani yo‘q.
A Seriyada birinchi o‘rinda borayotgan “Napoli” vakillaridan kamerunlik Andre Zambo-Angissa, jazoirlik Karim Zedadka va makedoniyalik Elif Elmas, “Inter” o‘yinchilaridan turkiyalik Hakan Chalxano‘g‘li va bosniyalik Eden Jeko, “Milan”ning jazoirlik yarim himoyachisi Ismoil Bennaser, “Atalanta”ning turkiyalik himoyachisi Merix Demirel, “Bolonya”ning gambiyalik hujumchisi Musa Barrou, “Fiorentina”ning marokashlik yarim himoyachisi Sufyon Amrabat kabi yana bir necha futbolchilar ham ro‘za tutmoqda.
O‘zbekiston bilan o‘ynash qiziq emas, axir!
Legionerimiz endi ispaniyalik murabbiy bilan ishlaydi!
Fikrlar