"Sinib qolgan" PSJ, "sehrsiz" tayoqchalaridan foydalanmagan Potter va minimalizmning g‘alabasi
Evropa Chempionlar ligasida chorak finalga yo‘l olgan to‘rt jamoani aniqlab ulgurdik."Chelsi", "Benfika", "Bavariya" va "Milan" "ko‘hna qit’a"ning nufuzli turnirida o‘z yurishini davom ettiradi. Har bir bellashuv muxlislarga o‘ziga xos emotsiyalarni taqdim etdi. Keling, barcha uchrashuvlarga birma-bir to‘xtalib o‘tamiz.
"Chelsi" - "Borussiya" 2:1 (0:1, 2:0)
Dastlabki bahsda "Borussiya" Dortmund Karim Adeyemi tomonidan kiritilgan super gol evaziga amallab London klubini taslim etgandi, ammo Angliyada o‘tgan javob o‘yinida chindan ham haqli jamoa g‘alaba qozondi. Sababi, "aristokratlar" har ikki uchrashuvda hujumkor futbol namoyish etdi. Biz "asalarilar"ni hujumkor futboli uchun yaxshi ko‘rardik, biroq negadir ikki bellashuvda ham ular bu hislatni va kutganimizni bizga taqdim eta olmadi. "Chelsi"ning muvaffaqiyat siri esa ikkinchi o‘yindagi to‘g‘ri tanlov bo‘ldi. 
Yuqorida londonliklar ilk uchrashuv uchun tanlagan boshlang‘ich tarkibi. Deyarli yarim himoyasiz o‘ynagan Potter shogirdlarining hujumdagi samaradorligini maqtab bo‘lmasdi. Hujumkor futbolchilarning say-harakatlari evaziga yaratilgan xavfli vaziyatlar ko‘p bo‘lsa-da, jamoaviy futbol hamda sifatli hujumlar juda kam edi. Ikkinchi bahsda yondashuvni o‘zgartirgan Grem to‘g‘ri yurishni amalga oshirganini tanlangan tarkibning o‘zi aytib turibdi. 
Sterling baribir top darajadagi va katta o‘yinlarni ko‘rgan futbolchi. Yarim himoyani kuchaytirgan London klubi "Borussiya" o‘yinchilarini markazning o‘zida to‘xtatishni uddaladi. Pozitsion va xotirjam futbol namoyish etib, raqibni taslim etdi. Qizig‘i, javob bahsida har ikki jamoa 13 tadan zarba yo‘lladi, aniqlari ham bir xil - 4 ta. G‘alabaning siri oddiy va "xalqona" - barcha pozitsiyalardagi balans va foydali ish koeffitsientining maksimalligi. Potter "amerika" ochmadi. Murabbiy sifatida shunchaki to‘g‘ri tarkib tanlashning o‘zi kifoya qildi. 
"Tottenxem" - "Milan" 0:1 (0:1, 0:0)
Minimalizmning futbol maydonidagi vizual ko‘rinishi. Bu uchrashuv haqida uzoq to‘xtalib o‘tirishning keragi yo‘q. Har ikki jamoa o‘z imkoniyati darajasida o‘yin ko‘rsatdi. Ikki uchrashuvda ham tenglik guvohi bo‘ldik. "3-4-2-1"lar jangida Italiya tomon Jiruning yagona goli evaziga g‘alaba qozondi. "Milan" omad evaziga zafar quchdi, deyishimiz mumkin. Biroq Keyn va Son kabi ijrochilari bor jamoaga qarshi ikki bellashuvda ham gol o‘tkazmaslik tartib va tanlangan to‘g‘ri taktikaning mahsuli, desam adashmagan bo‘laman. "Tottenxem" omadsiz. Shu bilan birgalikda hujumdagi potentsialidan foydalana olmadi. Bu "shporlar"ga qo‘yilgan eng to‘g‘ri tashxis. 
"Bavariya" - PSJ 3:0 (1:0, 2:0)
Jamoaviy futbol har ikki klubning imkoniyatlarini tenglashtirib qo‘ygan bo‘lsa, yo‘qotishlar + tartibsiz futbol bir tomonning oson g‘alabasini ta’minlab berdi. Ha, PSJ yulduzlari "Bavariya" futbolchilaridan ancha yorqinroq edi.
Qandaydir tahlil va matematikaga muhtoj bo‘lmagan uchrashuv. Shunda ham to‘xtalib o‘tish kerak bo‘lgan kichik elementlar topiladi. Birinchi navbatda Parij tomonning jismoniy holati uchun e’tirozlar bor. Ilk bahsda Mbappe ikkinchi taymda zaxiradan maydonga tushdi, shuningdek, Xakimi jarohat olib ikkinchi taymni o‘tkazib yubordi. Javob uchrashuvi uchun "syurpriz" Neymarning jarohati bo‘ldi. Shuningdek, Myunxendagi o‘yinda Markinos shikastlanib, birinchi taymning o‘zida almashtirildi. Balki etar? Yo‘q! Aynan Markinosning o‘rniga Tushgan Mukiele ikkinchi taym avvalida zaxiraga olindi, uning o‘rniga esa 2005 yilda tug‘ilgan Bitshiabu maydonga tushdi.
"Bavariya"ga qarshi javob bahsining ilk taymini yaxshi o‘tkazgan "Pari Sen-Jermen"ga bu yo‘qotish ham o‘ziga xos zarba bo‘ldi. Ikkinchi taymni futbolchilar "shok" holatida boshladi. 51-daqiqada nemis klubi hisobni ochdi, ammo ushbu gol ofsayd tufayli inobatga olinmadi. Ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i PSJ futbolchilari quloqlariga yaxshi chalinmadi, nazdimda. 10 daqiqa o‘tib himoyadagi qo‘pol xato evaziga Shupo-Moting Donnaruma darvozasini ishg‘ol qildi. "Qovun"ni esa Veratti va Bitshiabu tushirdi. Na Messi va na Mbappe jamoasini bu qiyin holatdan olib chiqib keta oldi. Sababi, "mashina" zamonamizning eng zo‘r futbolchilarini ham zararsizlantira oladigan darajada mukammal ishlayotgandi. Qandaydir 2-3 yulduz butun tizimni buzishning uddasidan chiqishi qiyin masala. 89-daqiqada urilgan Gnabrining goli PSJ ustidan "tuproq tortib" yuborish uchun etarli bo‘ldi.
Bu mag‘lubiyat Frantsuz klubi rahbariyati tafakkur qilishi uchun yana bir imkoniyat. 3-4 yulduz bilan ish bitmasligini futbol jamoatchiligi necha yillardan buyon ta’kidlab keladi. Ular eshitishni istamaydi. Yulduzlar kerak emas degan fikrdan yiroqman. Shunchaki, o‘sha yulduzlar atrofiga yaxshi darajadagi futbolchilarni olib kelib, yaxlit bir mexanizmni yaratish lozim. Qaysarlikni yig‘ishtirib, kuchli va nomdor klublarni boshqarishga qodir mutaxassisga bu ishni amalga oshirish uchun imkon berish darkor. Bundan tashqari, jamoada qimnidir o‘ta ulug‘lanishi muhitga salbiy ta’sir qiladi. Bu taraflama ham rahbariyat katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Katta klublar istalgan paytda qaysar yulduzlardan voz kecha oladi. Men esa katta g‘alabalarga tayyorligi tarafdan PSJNi katta klub demagan bo‘lardim. Klanlarga bo‘lingan va g‘oliblik formulasini qidirishda davom etayotgan Frantsiyaning eng kuchli klubi - "Pari Sen-Jermen".
"Benfika" - "Bryugge" 7:1 (2:0, 5:1)
Nima ham deyish mumkin. "Benfika" shunchaki "Bryugge"dan ancha kuchli ekan.
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar