“Siti” futbolchisi olti yillik ayriliqdan keyin ortga qaytishi mumkin
Yozgi transferlar oynasi davrida “Manchester Siti”ni tark etishi kutilayotgan markaziy himoyachi Natan Akeni oʻz yurti Niderlandiyada kutishmoqda.
Mamlakatning yetakchi klubi “PSV Eynxoven” 31 yoshli futbolchi jamoaga kelib, tarkibni kuchaytirishiga umid qilayapti. Taniqli futbol mutaxassis Villi van de Kerkhof ham Natan Ake olti yillik ayriliqdan keyin Niderlandiyaga qaytishiga ishonch bildirdi.
- Agar siz buni hali bilmagan va eshitmagan boʻlsangiz, Ake allaqachon PSV oʻyinchisiga aylangan. Har qanday holatda ham.
Natan PSV oʻyinchisiga aylanmoqda. Men bunga toʻliq ishonaman. Bu PSV uchun ham juda yaxshi. Ular yana bir nechta yaxshi oʻyinchilar ustida ish olib bormoqda, ammo biz ozgina kutib turishimiz kerak, - dedi PSV afsonasiga aylangan Villi van de Kerkhof.
Natan Ake aslida “Feyenoord” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2011 yili “Chelsi” akademiyasiga oʻtgan. Turli yillarda London klubi himoyachini “Reding”, “Uotford”, “Bornmunt”ga ijaraga bergan.
“Manchester Siti” 2020 yili uni 45,3 million yevro evaziga oʻz tarkibiga qoʻshib olgan. Natan Ake Xosep Gvardiola qoʻl ostida klublar miqyosidagi barcha nufuzli turnirlarda bosh sovringa erishgan futbolchilardan hisoblanadi.

Fikrlar