Siz unutmagan Nikolay Shirshov - hozirgi hayoti, terma jamoamizdagi faoliyati, kim bilan faxrlanishi va yurtimizga qaytish yo qaytmasligi haqida

  • 20.10.2020 23:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Nikolay Shirshov milliy terma jamoamizning etakchilaridan biri bo‘lgan holda ko‘p yillar to‘p surgan. O‘z vaqtida “Paxtakor”da ancha mavsumni o‘tkazganidan keyin Nikolay faoliyatini davom ettirish uchun Rossiyaga ketdi va shu bo‘yi o‘sha erda qoldi.

Yodingizda bo‘lsa, Shirshov “Rostov” safida besh yil davomida munosib to‘p surganligini yaxshi bilamiz. Keyinchalik hamyurtimiz Rossiyaning biz uchun u qadar yaxshi tanish bo‘lmagan klublarida to‘p surdi. Futbolchilik faoliyatini tugatganiga ancha bo‘ldi.

Natijada Shirshov haqidagi xabar va yangiliklar deyarli bo‘lmadi. Go‘yoki, biz uni yo‘qotib qo‘ygandek edik. Lekin Nikolayni Rostovda ekanligi to‘g‘risida eshitgandik. “Rostov” klubi akademiyasida murabbiy bo‘lib ishlayotgan hamyurtimiz Andrey Akopyants orqali uni topdik.

Ma’lum bo‘lishicha, Nikolay Shirshov Rostovdan uncha uzoq bo‘lmagan Novoshaxtinsk shahrida yashab kelmoqda. Sobiq futbolchimiz hozir nima ish bilan shug‘ullanayotgani haqida shunday dedi:  

-  Faoliyatimni tamomlaganimdan so‘ng, menga BO‘SM (bolalar o‘smirlar sport maktabi)ni boshqarish taklifi bilan chiqdilar. Mana, besh yildirki, o‘sha maktabda murabbiy bo‘lib ishlayapman. Ishlarim joyida, hammasi yaxshi.

Rosti, u bizning O‘zbekistondan ekanligimizni bilgach, bundan quvonganini yashirmadi. Unga esa yurtimizda hamon ishqibozlar Nikolay Shirshovni yoqimli xotiralar bilan eslashlarini aytganimizda o‘z-o‘zidan oldingi voqealar yodiga tushdi. 

shirshov4

-  Albatta, meni hamon eslab turishgani uchun o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga katta salom yo‘llayman! Darhaqiqat, O‘zbekiston bilan bog‘liq menda juda yaxshi taassurot, xotiralar qolgan. Axir men o‘sha erda tug‘ilib katta bo‘lganman va futbol o‘ynashni boshlaganman. Futbolchilik hayotimdagi eng yorqin damlar esa bevosita terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlar bilan bog‘liq. Kiritgan barcha gollarim, murabbiylar shtabida kimlar ishlagani va kimlar bilan to‘p surganimni juda yaxshi eslayman, - deya o‘tmishini yodga oladi Shirshov.

Ha, hammadan ham, Nikolayning milliy terma jamoamizdagi o‘yinlari ajoyib chiqqan. Ba’zi futbolchilar bo‘ladiki, ular klubidagi o‘yinlarini termada ko‘rsata olishmaydi. Lekin Shirshov bunday emasdi, klubida ham, terma jamoada ham barqaror o‘ynay olishni eplardi. Muxlislar orasida esa aynan Nikolay o‘ynagan terma jamoani hozirgisidan kuchliroq, deb hisoblaydiganlari ham bor. Shirshov esa, o‘zi o‘ynagan terma bilan bugungi kundagisini solishtirar ekan, bizga shunday dedi:

shirshov6

- Rostini aytsam, bu masalada javob qaytarishim qiyin. Chunki o‘ynayotgan chog‘larimda bu haqda o‘ylamasdim. Agar ikkala jamoaga chetdan nazar tashlansa, ikkisi ham yomon o‘yin namoyish etmagan. Ikkala terma jamoa ham juda yaxshi ko‘rinadi. O‘zim to‘p surgan kezlarda jamoa ichi va uning atrofida nimalar yuz berayotganini doim bilib turardim. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, xotiramda eng saqlanib qolgan o‘yinlar bu terma jamoa libosidagi o‘tkazgan barcha bellashuvlardir. Aytishim kerakki, o‘yinchi sifatida eng oliy maqsadim jahon chempionatida to‘p surish edi. Baxtga qarshi men o‘ynagan kezlarda mundialga chiqishga oz qolganiga qaramay, buning iloji bo‘lmagan. Umid qilamanki, endi bugungi terma jamoa uzoq yillardan beri armon bo‘lib kelayotgan jahon chempionati final bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqib, millionlab muxlislarni benihoya quvontira oladi.

O‘z vaqtida Shirshov boshqalarning eng sevimli futbolchisi ham bo‘lgan. O‘zi esa qaysi o‘zbekistonlik o‘yinchini yoqtirishi haqida gapirar ekan, jumladan shunday dedi:

-  Mening nazarimda, o‘zbekistonlik eng yaxshi legioner sifatida Mirjalol Qosimov gavdalanadi. U men bilan o‘ynagan ijrochilar orasida shubhasiz eng yaxshisi bo‘lgan. Menga uning o‘yini, texnikasi va taktikasi yoqardi.

shirshov3

“Rostov”da o‘ynagan sobiq o‘yinchi sifatida Eldor Shomurodovga ham to‘xtaldi.

-  Eldor o‘zini “Rostov” klubida juda yaxshi tomonlama ko‘rsatdi. O‘z navbatida, Shomurodov gollar kiritishni boshlab yuborganidan so‘ng, mahalliy muxlislar mehrini yanada ko‘proq qozongandi. Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, endilikda Shomurodov jahondagi eng kuchli ligalardan biri sanaladigan Italiya A seriyasida to‘p surishga kirishdi. Mana shunday yigit mening yurtdoshim bo‘lganidan faxrlanaman. Endi bunday keyin u to‘p surishni boshlagan “Jenoa” klubiga muxlislik qilamiz, - dedi Nikolay.

shirshov5

Ancha vaqtdan buyon Rossiyada yashab kelayotgan hamyurtimiz yurtimizga qaytadimi? O‘zbekistonda murabbiylik qilish xohishi bormi? Unga shu kabi savol bilan murojaat qildik.

-  Hozirda havaskorlar jamoasini boshqaryapman. Keyinchalik o‘zimni professional maqomdagi klubda ham sinab ko‘rish istagi yo‘q emas. O‘zimni sportning ushbu turidagi murabbiy sifatida tasavvur qilyapman. Murabbiy sifatida Rossiyadami yoki O‘zbekistonda ishlashning men uchun farqi yo‘q. Eng asosiysi, hayotimni futbolsiz tasavvur qila olmayman, - deya javob berdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!