
Slavko Lukich - Serbiyaning qahramonligi, O‘zbekistonning mundialga qachon chiqishi, Qo‘qondagi inglizcha futbol va keyingi rejasi haqida
“Qo‘qon-1912” jamoasida to‘p surib kelayotgan serbiyalik Slavko Lukichni futbol muxlislari yaxshi bilishadi.
U mavsum boshida klubga qo‘shildi. Bungacha chempionatimizda “Nasaf” hamda “Navbahor”dagi o‘yinlari orqali hurmat qozongan. “Qo‘qon-1912” – Lukichning O‘zbekistondagi uchinchi jamoasiga aylangan. Qanot himoyachisi sifatida o‘z vazifasini puxta bajarishga odatlangan bu legioner jurnalistlar bilan ham yaxshi munosabatda.
Lukich Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytarish uchun bajonidil rozilik bildirdi. Suhbat davomida hozirgi klubidagi holati, Serbiyaning jahon chempionatiga chiqqani va oldingi faoliyati haqida gap bordi.
- Slavko, avvalo sizni Serbiya terma jamoasining jahon chempionatiga chiqqani bilan tabriklayman. Siz bunday natijani kutganmidingiz yoki...
- Tabrik uchun katta rahmat. Biz bunday quvonchli onlar kelishini uzoq kutgandik. Oldingi safar jahon chempionatiga chiqishimizga atiga bir qadam qolganida penaltilar seriyasida alamli tarzda mag‘lub bo‘lgandik. Qolaversa, o‘sha chog‘da jamoa tarkibi endi shakllanayotgani bois bir-birini tushunishda muammolar yo‘q emasdi. Oradan ancha vaqt o‘tib, ko‘rib turganingizdek, bizda endi ancha uyushqoq jamoa shakllandi. Natija ham shunga mos bo‘ldi. Bungacha yuqorida aytganimdek, jahon chempionatiga chiqish yo‘li ancha mashaqqatli bo‘ldi. Portugaliyaga qarshi kechgan oxirgi o‘yinda biz qanday jamoa yuzaga keltira olganimizni barchaga ko‘rsatib qo‘ydik.
- Serbiya terma jamoasida do‘stlaringiz bormi?
- Do‘stlarim bor. Jumladan, termamiz uchun muhim golni kiritgan Aleksandr Mitrovichni ko‘rsatishim mumkin. Boz ustiga biz ikkimiz hamshahar hisoblanamiz. Bundan tashqari, Tadich, Matich ham do‘stim hisoblanishadi. Ular bilan terma jamoada o‘ynaganmiz. Stefan Mitrovich esa bizga bir yil davomida murabbiylik qilgan.
- Slavko, nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston terma jamoasi nima sababdan jahon chempionatiga chiqa olmayapti?
- O‘zbekistonda yaxshi saviyadagi futbolchilar etarli. Ammo ularning terma jamoa tarkibida bir-birlarini so‘zsiz darajada tushunib etishlari uchun fursat kerak bo‘ladi. Shundan keyingina terma jamoa muhim maqsad uchun bemalol kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Shomurodov, Masharipov, Yaxshiboev kabi mohir ijrochilaringiz shu yo‘lda astoydil ter to‘kishga tayyor ekanliklarini namoyish etmoqdalar. Shu kabi iqtidorli futbolchilar o‘yinlarda mahoratlarini toblab borishar ekan, terma jamoaning kelajagiga umid bilan boqish mumkin. Asosiysi, ular yosh va ishtiyoqmand. Bunday o‘yinchilar o‘zlarini katta uchrashuvlarga tayyorlab boraveradilar.
- “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida AGMK bilan durang o‘ynadi. Ammo ushbu uchrashuvda zaxirada qoldingiz. Jarohatingiz bormi yoki...
- Kimni maydonga tushirish yoki tushirmaslik masalasini doimo murabbiy hal qiladi. Maydonda bo‘lgan paytimda esa men hamisha maksimal darajada borimni berib harakat qilaman. Xudoga shukrki, anchadan beri jarohat olmayapman.
- Umuman aytganda, qayd etilgan durang adolatlimi?
- Ikki jamoa o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi. Shuning uchun jamoalarning g‘alaba uchun kurashayotgani ko‘rinib turdi. O‘yin esa juda chiroyli bo‘ldi. Shu sababli har bir to‘p uchun ham jiddiy kurash kechdi. Bu o‘yinda Qo‘qonda inglizcha futbol kuzatildi.
- Oxirgi turda Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘ynaysizlar. Bu jamoa uchun begona emas. Bir yil davomida u erda ham o‘ynagansiz. O‘ziga yarasha unutilmas onlarni o‘tkazgansiz va stadiondagi muhitni ham yaxshi bilasiz...
- Ha, Namanganda ham yaxshi xotiralar qolgan. Men buni hech qachon unutmayman. “Navbahor” turnir jadvalida birinchi o‘rinlarda yuradigan jamoa. Chunki jamoaning juda yaxshi ishqibozlari bor.
- Jamoangizning bu yilgi ishtiroki haqida nima degan bo‘lardingiz?
- O‘ylaymanki, bu yilgi chempionatda hozirgidan ham yaxshiroq natija qayd eta olgan bo‘lardik. Ammo bo‘lar ish bo‘ldi. Endi bundan afsuslanishning foydasi yo‘q.
- Sizningcha, O‘zbekiston chempionatining saviyasi oshdimi yoki...
- O‘ylaymanki, chempionat juda shiddatli ko‘rinishda o‘tdi. Buni oxirgi ikki o‘yin qolgan taqdirda ham muxlislarning e’tibori katta ekanligidan bilib olish qiyin emas. Oxirgi o‘yinlar ishqibozlarga bir-biridan kutilmagan natijalarni taqdim eta olishiga ishonchim komil. Yuqoridagi gapni bejiz aytmadim. Chunki o‘zingiz guvohi bo‘lib turganingizdek, musobaqa jadvalining 2- 3- 4-o‘rinlarini qaysi klublar band etishi noma’lum. Shuningdek, elitani tark etib, pro ligaga yo‘l oladigan jamoalar aynan qaysilar bo‘lishini hech kim oldindan aytib bera olmaydi. O‘ylaymanki, mana shunday intrigalarga boy yakunni kuzatish muxlislarning o‘zlariga ham manzur bo‘ladi.
- Klubda sizni hamma narsa qoniqtiryapti?
- Ha, albatta.
- Darvoqe, kelasi yili ham yana Qo‘qonda qolasizmi?
- Hozircha bu masalada klub rahbariyati bilan gaplashganimcha yo‘q.
- Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov bilan munosabatingiz qanday?
- O‘rtamizdagi munosabat haqiqiy professionalarga xos. Qolaversa, bosh murabbiyning o‘zi ham juda yaxshi futbolchi bo‘lgan. U endi murabbiy sifatida qo‘l ostidagi yigitlar bilan qanday muloqot qilishni juda yaxshi biladi.
- “Nasaf”ga qarshi o‘yinda mahalliy muxlislar stadionda sizni ismingizni aytib, olqishlashlariga guvoh bo‘ldik. Bu holat siz uchun yoqimli bo‘lsa kerak-a?
- Albatta, bu juda yoqimli bo‘ldi. Qarshiga tashrif buyurgan chog‘imda ichimdan nimalar kechganini so‘z bilan ta’riflab bera olmasam kerak. Boz ustiga klubda ishlagan barcha insonlar bilan xuddi aka-ukadek inoqlashib ketgandim. Qarshida o‘tgan faoliyatimni eslash men uchun juda yoqimli. Chunki eslashga arzigulik juda ko‘plab quvonchli damlarni boshdan o‘tkazganman.
- Yana bir qiziq holat. O‘zbekiston chempionatida o‘ynayotganingizdan beri himoyachi bo‘lsangizda, gol urasiz va golli uzatmalarni amalga oshirib kelasiz. Masalan, “Qo‘qon-1912” 1 ta gol urdingiz va 3 ta assist vazifasini bajardingiz. Siz bunday ishlarni oldin ham bajargansiz. Albaniya chempionatida 13 ta golli uzatma bilan birga 6 ta gol ham urgansiz. Trnavaning “Spartak” jamoasida esa 5 ta assist hamda 2 ta golga mualliflik qilgansiz. “Nasaf”da ham xuddi shu natijani takrorlagansiz. Bunday statistik raqamlar siz uchun yoqimlimi?
- Savol uchun rahmat. Ayniqsa, gollar yoki golli uzatmalar bilan bog‘liq holatlarni esga olish o‘yinchiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Bu yil unchalik ko‘p golli uzatmalarni amalga oshira olmadim. Chunki Murod Xolmuhammedov birinchilik davomida shunday ishlarni yaxshi bajara olishini ko‘rsatib qo‘ydi. U bilan ko‘pincha shu masalada kelishib olamiz. Ustiga-ustak Xolmuhammedov sardor sifatida boshqalarga o‘rnak bo‘lishga harakat qiladi.
Fikrlar