“So‘g‘diyona” - “Navbahor” uchrashuviga oid raqamlar
Superliga 20-turi doirasida "Navbahor" jamoasi Jizzaxda “So‘g‘diyona” klubi mehmoni bo‘ladi. Bellashuv oldidan "Navbahor" klubi matbuot xizmati o‘yinga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur jamoalar O‘zbekiston chempionatlarining Cuperliga (oliy liga)da o‘zaro 47 marta uchrashishgan. Ushbu o‘yinlarning 24 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, “So‘g‘diyona” 17 ta bahsda zafar quchgan, 6ta o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbatidagi ko‘rsatkich 86-57, “Navbahor”foydasiga. Namanganliklar o‘zaro o‘yinlarda 78 ochkoni qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, jizzaxliklar hisobida 57 ochko mavjud.
“So‘g‘diyona” – “Navbahor” klublari o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik hisob 1996 yili qayd etilgan. O‘shanda "lochinlar" Namanganda jizzaxliklar darvozasiga 7ta javobsiz to‘p kiritishgandi.
Sermahsullik borasida esa 2000 va 2014 yillardagi uchrashuvlar tarixda qolgan. E’tiborlisi, o‘sha o‘yinlarda darvozalarga to‘qqiztadan gol urilgan. 2000 yili Namanganda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 6:3 hisobida zafar quchishgan bo‘lsa, 2014 yili Jizzaxda o‘tkazilgan bahsda “So‘g‘diyona” 5:4 hisobida g‘alaba qozongandi.
Jizzaxda shu paytgacha bo‘lib o‘tgan bahslarda mezbonlar 17ta o‘yinda g‘alaba qozonib, 2ta uchrashuvda durangga imzo chekishgan hamda 4ta bahsda mag‘lubiyatga uchrashgan.
Ushbu jamoalarning Namanganda bo‘lib o‘tgan birinchi davradagi uchrashuvida “lochinlar” Slavko Lukichning goli va Aleksandr Kasyanning “dubl”i evaziga 3:1 hisobida zafar quchishgandi.

Fikrlar