
“So‘g‘diyona-W” bosh murabbiyi: "Jamoa bugungi o‘yinga 100 foiz tayyor"
Xabaringiz bor, “So‘g‘diyona-W” jamoasi bugun "AFC Women's club championship" turnirida Eronning "Bam Hatun" klubiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yin oldidan “So‘g‘diyona-W” jamoasi bosh murabbiyi Sherali Bobokulov OFK rasmiy saytiga intervyu berdi.
– Sizningcha, bu revansh uchrashuv jamoangiz uchun osonroq bo‘ladimi yoki qiyinroqmi?
– Murabbiylar shtabi bilan birgalikda raqibni har tomonlama o‘rganib chiqdik. Bu albatta bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishimizga va nimaga qodir ekanimizni ko‘rsatishimizga yordam beradi. Buni albatta o‘yinda ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Ikkala jamoa ham bir-birini yaxshi o‘rganib chiqqanligi sababli, bugun ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatamiz deb o‘ylayman.
– Raqib jamoangizning kuchli tomonlari nimada?
– O‘rganish jarayonida, raqiblarimizning kuchli tomoni himoya, kuchli intizom va oxirigacha kurashish qobiliyati ekanligiga amin bo‘ldik. Albatta, biz bu jihatlarning barchasini hisobga oldik va shu asosda o‘yinni quramiz.
– Oxirgi o‘yindan keyin jamoangizga nima dedingiz? Va jamoa hozir qanchalik tayyor?
– Jamoamga keyingi o‘yinga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishimiz kerakligini, ortiqcha his-tuyg‘ularsiz maqsadimizni amalga oshirishimiz zarurligini aytdim. Agar jamoa avval ham doim ko‘rsatgan o‘yinni ko‘rsata olsa, jamoada finalga chiqish uchun etarlicha kuch va imkoniyatlar bor. Jamoa bugungi o‘yinga 100 foiz tayyor. Biz tiklanish mashg‘ulotlarini o‘tkazdik. Bizda jarohat olgan futbolchilar bilan muammo yo‘q. O‘ylaymanki, keyingi o‘yinga to‘liq tayyorgarlik ko‘rganmiz va zimmamizga yuklatilgan vazifani uddalay olamiz.
Fikrlar