"So‘g‘diyona"ning OFK kubogidagi raqibi "Xo‘jand" bilan yaqindan tanishamiz

  • 16 avgust, 2022, 20:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Jizzaxning "So‘g‘diyona" klubi OFK kubogi pley-off bosqichida Tojikistonning “Xo‘jand" jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yindagi g‘alaba ikki jamoa uchun ham o‘ta muhim.

Biz "bo‘rilar" haqida etarlicha ma’lumotga egamiz. Uning tarixi, o‘tmishda qayd etgan natijalari, hozirgi darajasi, o‘yin uslubi va shu kabi narsalardan yaxshigina xabardormiz. Biroq raqib "Xo‘jand" haqida nimalarni bilamiz? Bu klub ichki va xalqaro maydonda qanday mavqega ega? Tarkibda qanday futbolchilar harakatlanadi? Klubning tarixi haqida qanday ma’lumotlar bor? Shu haqda SPORTS.uz muxbiri Shohrux Zoirov quyida batafsil to‘xtalib o‘tadi.

xo‘jand

Klub tarixi

"Xo‘jand" jamoasiga 1976 yilda asos solingan. Ungacha ham shu nomdagi havaskor klub SSSR chempionati ishtirokchisi bo‘lgan "Pomir"ga futbolchilar etkazib berish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik xo‘jandliklar ham alohida jamoa sifatida mamlakat birinchiligida ishtirok etgan.

Raqibimiz so‘nggi ikki yilda Tojikiston chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritib kelmoqda. Jamoa bu mavsum hozircha 6-pog‘onadan joy olgan. Oxirgi 4 yil klub ketma-ket OFK kubogida ishtirok etib kelmoqda. Esingizda bo‘lsa, "xo‘jand" o‘tgan yili shu musobaqada "Nasaf" bilan bir guruhdan joy olgandi. O‘zaro o‘yinda vakillarimiz 3:0 hisobida zafar quchgan. Uchrashuvda gollarga Akmal Mozgovoy, Husniddin Aliqulov va Sherzod Nasrullaev mualliflik qilgandi.

"Burgutlar" Tojikiston kubogida 4 marta g‘olib bo‘lgan, mamlakat superkubogining 4 karra vitse-chempioni sanaladi. Qayd etish lozim, "Xo‘jand" bu mavsum ilk marotaba OFK kubogi guruh bosqichidan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

kxo‘jand

Hozirgi holati

Rustam Xodjaev shogirdlari yuqorida aytib o‘tganimizdek milliy chempionatda 7-o‘rinda ketmoqda. O‘tkazilgan 10 bahsda Temur Malik yurti vakillari 3 g‘alaba, 4 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan. 10 ta jamoa ichida 7-pog‘onada ekani biz uchun quvonarli bo‘lishi mumkin. Ammo raqib bor e’tiborini bitta o‘yinga qaratsa, "So‘g‘diyona"ga etarlicha muammo tug‘dirishi mumkin.

OFK kubogida "burgutlar" "F" guruhidan joy olgandi. Ushbu guruhda 3 jamoa bo‘lib, "Xo‘jand" 2 o‘yinda 4 ochko jamg‘arib, uchlik ichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

xo‘jandd

Rahbariyat, murabbiy va futbolchilar haqida

Ushbu klub rahbari Rajabboy Ahmadzoda hisoblanadi. Klub sport direktori lavozimida Murodjon Umarov ish olib boradi. Bosh murabbiy yuqorida aytib o‘tganimizdek, Rustam Xodjaev sanaladi.

Xodjaev asosan, faqat Tojikistonda murabbiylik bilan shug‘ullangan. U klub bosh murabbiyligiga kelishidan avval ayni paytda "Qizilqum" bosh murabbiyi bo‘lib turgan Nikola Lazarevichga aynan "Xo‘jand"da yordamchilik qilgan. Shuningdek, u Tojikistonning ko‘p karra chempioni "Istiqlol"da selektsiya ishlariga ma’sul xodim bo‘lgan. 2016-2018 yillar oralig‘ida mutaxassis Tojikiston terma jamoasi murabbiylar shtabidan o‘rin olgan. Shu bilan birga unga o‘sha vaqtda xo‘jandliklar bosh murabbiyi lavozimi ham ishonib topshirilgan.

Bu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, qo‘shnilarimiz bosh murabbiyi o‘z mamlakati, xususan, "Xo‘jand"ning qanday o‘yin o‘ynashi kerakligini juda yaxshi biladi. Uning etarli tajribaga ega ekani tarjimai holidan ham ma’lum bo‘lib turibdi.

Futbolchilarning ko‘pi Tojikistonning o‘zidan, tabiiyki. Ahamiyatlisi, jamoada 5 nafar o‘zbekistonlik legioner bor. Shuningdek, yana 2 rossiyalik futbolchi "Xo‘jand" sharafini himoya qiladi. O‘zbekistonlik legionerlar sifatida Dilmuhammad Ochilov, Samandar Ochilov, Firdavs Abdusalimov, Shahboz Salimboev va Xushnud Bozorov nomi keltirilgan. 

Klub sardori hujumchi Jahongir Ergashev hisoblanadi. Shuningdek, u bu mavsumda xo‘jandliklarning to‘purari bo‘lib turibdi. Jahongir hisobida 3 ta gol mavjud.  

Ushbu o‘yin oson o‘tmasligi aniq. Nima bo‘lganda ham biz "So‘g‘diyona"ga muvaffaqiyat tilab qolamiz. Halqaro maydonda har bir klubimizning yutug‘i biz uchun o‘zgacha qadrga ega.

 

"Vikipediya" va "Transfermarkt" ma’lumotlari asosida Shohrux Zoirov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!