
Sovuq bahor bilan qaytgan Superliga
Bahor bilan birga Superliganing yangi mavsumi ham start oldi. 1-4 mart kunlari 1-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
“Navbahor” chempionatning ilk turini boshlab berdi. Ushbu bahsda “lochinlar” Ligaga qaytgan “Dinamo”ni 3:1 hisobida taslim etdi. “Nasaf” o‘z uyida “Olimpik”ni engdi. Muammolar girdobida qolayotgan “Bunyodkor” Toshkentda “Qizilqum”ga imkoniyatni boy berdi.
“Neftchi” Jizzaxdan muhim g‘alaba bilan qaytdi. Tarkibda katta o‘zgarishlarni amalga oshirgan OKMK “Andijon” bilan nursiz durangga imzo chekdi. “Lokomotiv” mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. O‘z maydonida mehmon bo‘lgan “Paxtakor” mezbon “Surxon”ni tor-mor etdi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
1-turda stadionlarimizga jami 13497 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 1928ni tashkil qiladi.
Ilk bahsdanoq tomoshabin jamlash borasidagi etakchilik “Navbahor”ga o‘tdi. Namanganliklarning “Dinamo” bilan o‘yiniga 7891 ishqiboz tashrif buyurdi. Shuni qayd etish kerakki turning qolgan uchrashuvlariga kirgan jami tomoshabinlarni birga hisoblasa ham “lochinlar”ga eta olmadi!
“Nasaf” – “Olimpik” va “So‘g‘diyona” – “Neftchi” kabi markaziy bellashuvlarga afsuski 3 ming odam ham kelmadi. Bu balki bahorning ilk kunlari bo‘lishiga qaramay sovuq va qorli havo bilan bog‘liqdir. Umid qilamiz, shiddatli o‘tishi kutilgan Superliganing bu mavsumida stadionlarimiz to‘la bo‘ladi.
Eng kam tomoshabin poytaxtda. “Bunyodkor”ni natijalar bilan birga muxlislari ham tark etayotgandek. Moliyaviy muammolar ostida qolgan “qaldirg‘ochlar”ning “Qizilqum”dan engilgan o‘yinini 251 ishqiboz arenadan kuzatdi. Bir so‘z bilan aytganda “Bunyodkor” osmonida qora bulutlar.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Navbahor” – “Dinamo” 3:1. 7891 tomoshabin
“So‘g‘diyona” – “Neftchi” 1:2. 1810 tomoshabin
“Nasaf” – “Olimpik” 2:0. 1154 tomoshabin
OKMK – “Andijon” 0:0. 890 tomoshabin
“Lokomotiv” – “Metallurg” 2:2. 812 tomoshabin
“Surxon” – “Paxtakor” 0:3. 689 tomoshabin
“Bunyodkor” – “Qizilqum” 1:3. 251 tomoshabin
Fikrlar