SPORTS.uz Belgrad-2021. Madiyar Saidrahimovning kubalik bokschiga qarshi jangi yakunlandi. Hamyurtimiz bronza medalini qo‘lga kiritdi

  • 05.11.2021 01:05
  • Bekzod Isayev
  • 1
  • Boks

Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati hal qiluvchi pallada. Musobaqada chorak finallar yakunlandi. Endi navbat yarim finallarga.

Bir necha daqiqadan so‘ng Madiyar Saidrahimov (-92 kg) kubalik La Kruz Peraza bilan ringga ko‘tariladi. Jang Toshkent vaqti bilan taxminan 00:45dan so‘ng boshlanadi.

Bokschilar ringga chiqib kelishdi. Hamyurtimiz ko‘k libosda, uning raqibi esa qizil formada harakat qiladi. Bizni superto‘qnashuv kutmoqda.

Birinchi raund boshlandi.

Madiyar ikkilik zarbasi yo‘lladi. Bittasi aniq. Klinch holati. Bokschilar bir-birini poylamoqda...

Qoyil hamyurtimiz chap qo‘li bilan raqibining yuziga ikki bor aniq zarba yo‘lladi. Yaxshi, vakilimizning aylanma zarbasi ham aniq chiqdi. Klinch holati...

Kruzning texnikasi ancha yuqori. Shu bois u hamyurtimizning hujumini ba’zi hollarda ortiqcha qiyinchiliksiz bartaraf etmoqda.

Birinchi raund kubalik bokschi foydasiga 5:0.

Ikkinchi raund boshlandi.

Ikki bokschining zarbalari havoga uchmoqda. Klinch holati ko‘paydi. O‘tayotgan vaqt Kruzning foydasiga. Madiyar uni ta’qib etmoqda. Aniq zarba berdi. Ammo hakamlar inobatga olarmikin? Hakamlardan qo‘rqib qoldi odam. Klinch ko‘payib ketdi.

Madiyar Saidrahimov bu raundni ham boy berdi 5:0.

Uchinchi raund boshlandi. 

Endi bizni faqat nokaut qoniqtiradi. Ochkolar boy berildi. Madiyar oxirigacha kurashadi. Shunday ham bo‘lmoqda. Hamyurtimiz zarbalar bermoqda. Ayrimlari noaniq. Kruz esa ortiqcha hujum qilmayapti. U yakkalik zarbalarini bermoqda.

Jang yakunlandi. Hakamlar Kruzning g‘alabasini qayd etishdi. Madiyar esa bronza medali bilan cheklandi. Kubalik bokschi finalga yo‘l oldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
05/11/2021 11:39
Мадиёр жуда яхши курашди! Хисоб бу даражада катта фарк булмаган эди. Бу жангда ёки кичик хисоб ёки дуранг булиши керак эди. ХАкамлар бошка жангни бахолашган булишса керак!!!