SPORTS.uz talqini bo‘yicha "Golden boy" sovrini uchun 10 ta da’vogar

  • 22 sentabr, 2020, 16:06
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsum yakunlanganidan keyin doim “Oltin to‘p” uchun reytinglarga ko‘zimiz tushar edi. Biroq bu mavsum pandemiya tufayli na “France Football”, na “FIFA” bu sovrinni topshirmaslikka rasman qaror qildi. Shunday bo‘lsa-da, “Tuttosport” nashri taqdim etadigan “Golden boy” sovrini bu yil ham o‘z egasiga topshiriladi. 2003 yildan buyon beriladigan ushbu kichik “Oltin to‘p” 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarga beriladi. Bu borada faqat bir shart bor: nomzod Evropa klublari safida to‘p tepayotgan bo‘lishi lozim. Bo‘lmasa, bizning yoshlar ham ushbu sovringa nomzod bo‘larmidi!

Dunyoga mashxur “Transfermarkt.de”nashri 2019/20 yilgi mavsum uchun 40 nafar “tilla bola”ni nomzod qilib ko‘rsatmoqda. Biz esa ularning orasidan haqiqatan bu sovrinni qo‘lga kiritish uchun potentsiali yuqori bo‘lgan iste’dodlarni ajratib oldik. Dastavval, to‘liq ro‘yxat bilan tanishib chiqishingiz mumkin:

Marle Ake “Marsel”;

Markos Antonio “Shaxtyor” Donetsk;

Adil Aushish “Sent-Eten”;

Benua Badiashile “Monako”;

Mitchel Bakker PSJ;

Mayron Boadu “AZ Alkmar”;

Dennis Borkovski “RB Leyptsig”;

Marko Karnesechchi “Atalanta”;

Rayan Sherki “Lion”;

Jonatan Devid “Lill”;

Sergino Dest “Ayaks”;

Sebastyano Espozito “Inter”;

Amin Guiri “Nitstsa”;

Rayan Gravenberx “Ayaks”;

Muhammad Ihattaren PSV;

Ozan Kabak “Shalke 04”;

Mixal Karbovnik “Legiya”;

Tangi Nyanzu “Bavariya”;

Rafael Kamashu “Sporting” Lissabon;

Vladislav Supryaga “Dinamo” Kiev;

Dominik Soboslai “Red Bull”;

Tomash Eshtevesh “Portu”;

Tomash Tavarish “Benfika”;

Xristos Tsolis PAOK;

Neko Uilyams “Liverpul”;

Eduardo Kamavinga “Renn”;

Fabio Silva “Vulverxempton”;

Xadson-Odoi “Chelsi”;

Deyan Kulusevski “Yuventus”;

Bukayo Saka “Arsenal”;

10. Sandro Tonali “Breshiya”/”Milan” 36 o‘yin, 1 ta gol 7 assist

Ro‘yxatimizni “yangi Pirlo” ochib bermoqda. Bu mavsum “Breshiya” etakchisi bo‘lgan italiyalik yosh iste’dod bejiz Andrea Pirloga qiyoslanmayapti. Uning maydonni ko‘ra olish qobiliyati, aniq krosslaridan tashqari, markazdagi faolligi ham tahsinga loyiq. Tonali tayanch zonasida ham ancha foydali harakat qiladi. A Seriya yakunlariga ko‘ra, quyi ligaga ravona bo‘lgan jamoa safida 20 yoshli Sandro yaqqol ajralib turdi. Uning kelajagi uchun “Milan”ga o‘tish qarori foydali bo‘lishi mumkin. Biroq bu mavsum uning ko‘rsatgan o‘yini eng yaxshi bo‘lish uchun etarli emasdi.

1_2

9. Vinisius Junior “Real” 38 o‘yin, 5 ta gol 4 ta assist

Braziliyalik iste’dod allaqachon “Real” asosiy tarkibida tez-tez ko‘rinish bera boshladi. Ammo hamon u hal qiluvchi vaziyatlarda oqsamoqda. Raqibni aldab o‘tishi, tezkorlik bilan himoyachilarni dog‘da qoldirishi bir tomon-u, darvoza qarshisida o‘zini yo‘qotib qo‘yishi bir tomon. Aynan ikkinchi jihat birinchisidan og‘irroq tosh bosayotgandek, go‘yo. Biroq Zidan yordamida o‘zidagi kamchiliklarni bartaraf etishga kirishayotgan Vinisiusni porloq kelajak kutayotgani ko‘p bor ta’kidlanmoqda. Qizig‘i, bu mavsum “El klasiko”da urilgan ikkita goldan biri aynan unga tegishli. Keyingi o‘yinlarda ham unga ishonch bildirilishi uchun 20 yoshli vinger o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligi shart. Yo‘qsa, jamoasidan maksimal natija talab qiladigan “Real” prezidenti Florentino Peres unga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘yishi ehtimoli yuqori.

junior

8. Ferran Torres “Valensiya”/”Manchester Siti” 44 o‘yin, 6 ta gol 8 ta assist

“Siti”ning yangi xaridi ortda qolgan mavsumda “Valensiya” tarkibida yomon harakat qilmadi. Cho‘kayotgan kemaning so‘nggi matrosi rolida namoyon bo‘lgan yosh vinger har tomonlama pastlab ketayotgan “ko‘rshapalaklar” safida 6 ta gol urdi. Qo‘shimchasiga, 8 bor sheriklarining goliga hammualliflik qildi. Bu yoshida eng kuchli ligalarning birida 20 yoshli futbolchi uchun havas qilgulik natija. Va xizmatlarining samarasi o‘laroq, mavsum so‘ngida Manchester klubidan taklif. Torres uchun barchasi endi boshlanmoqda. Hamyurti qo‘lida o‘zining bor potentsialini ko‘rsata olsagina, “Siti”da o‘z o‘rnini mustahkam egallay oladi. Aks holda, dunyoda yosh iste’dod, “shaharliklar”da esa pul serob.

ferran

7. Ansu Fati “Barselona” 33 o‘yin, 8 ta gol 1 ta assist

Uni Leoga qiyoslanib, “bo‘lajak Messi”, deyilayotganini siz ham eshitgandirsiz. To‘g‘ri, statistika yomon emas. Dribling, texnika, zarbalar ham. Biroq Messi shunday yuqori darajaga chiqib ulgurganki, eng kamida 10 ta mavsum super formada o‘ynash ham uning darajasini anglatmaydi. Bu mavsumga keladigan bo‘lsak, 17 yoshli Fati 8 ta gol urdi. “Barsa” tarkibida Chempionlar Ligasi hamda Millatlar Ligasida debyut qildi. Shu bilan birga, bu turnirlarda gol urishga ham erishdi. Terma jamoa tarkibida rasmiy uchrashuvda to‘p kiritgan eng yosh futbolchiga aylandi. Vanihoyat, bizning nazdimizda “Golden boy”sovrini uchun kuchli o‘nlikka kira oldi.

fati

6. Rodrigo “Real” 26 o‘yin, 7 ta gol 3 assist

Rodrigoning Chempionlar Ligasi guruh bosqichidagi “Galatasaray” bilan o‘yindagi xet-trigi yodingizdami? Nimchorak final ikkinchi o‘yinidagi Benzemaning yagona goliga uzatgan pasichi? Jamoadagi sherigi Vinisiusdan farqli o‘laroq, Rodrigo hujumlarga so‘nggi nuqtani qo‘yishda yaxshi harakat qiladi. Samarali uzatmalari ham ko‘proq. Chempionlar Ligasidagi eng yosh xet-trik muallifiga aylangan 19 yoshli vinger kimsan Raulning natijasini o‘zlashtirdi. Unda iste’dod etarli. Demak, Rodrigodan talab qilinayotgan narsa faqat o‘z ustida ishlash. Buni amalga oshirmaydiganlar esa bir necha yillardan keyin Rodrigodan ko‘plab gollar qabul qilishga tayyor tursin.

rodrigo_1

5. Fil Foden “Manchester Siti” 38 o‘yin, 8 ta gol 9 ta assist

Gvardiolaning ishongan futbolchilaridan biri hisoblanuvchi Foden ajoyib mavsum o‘tkazdi. “Shaharliklar” safidan sekin-asta o‘ziga joy hozirlayotgan ingliz xavbekining  20 yoshdagi natijasi chakki emas, nazarimizda. 8 ta gol urgan Fil 9 ta assistni ham amalga oshirgan va butun dunyo mutaxassislarining nazarini o‘ziga qaratgan. Pep unga ishonmoqda. Mavsum davomida tajribali David Silvaning o‘rniga uni o‘yinga tushirganini ko‘p ko‘rdik. Hatto, “Real” bilan hal qiluvchi bahsni ham aynan Foden asosiy tarkibda boshladi. Bundan tashqari, “Liverpul” bilan o‘yinda ham u nimalarga qodirligini isbotlagandi. Kimsan Alisson ojiz qoldirilgan edi o‘shanda.

foden

4. Meyson Grinvud “Manchester Yunayted” 49 o‘yin, 17 ta gol 5 ta assist

Bu yigit hali 18 yoshda. Biroq MYuning asosiy tarkibida o‘ynaydi. Grinvudning vaziyatlarni yakunlash qobiliyati tahsinga loyiq. Mavsum davomida 17 ta gol urish osonmi? Yana shularning 10 tasi APLda. Sulsherning yoshlarga berayotgan imkoniyatlaridan unumli foydalanayotgan Meyson o‘z o‘rnini Sanchoga bo‘shatib bermaslik uchun o‘z ustida ko‘proq ishlashi zarur. Unda o‘smirlik davrida aksariyat futbolchilarga etishmaydigan jihat – xotirjamlik bor. Hal qiluvchi vaziyatlarda Grinvud o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Mana bu xislat tufayli ingliz vunderkindining kelajagi porloq bo‘lishi kutilmoqda.

grinvud_1

3. Erling Xoland “Red Bull” Zaltsburg/”Borussiya” Dortmund 40 o‘yin, 44 ta gol 10 ta assist

Kuchli uchlik doimgidek eng ko‘p munozaralarga sabab bo‘ldi. Yakunda 3-o‘ringa Erling Xolandni loyiq ko‘rdik. Uning natijalari shunchaki fantastika: 40 o‘yinda 44 ta gol hamda 10 ta assist. Uning qurbonlari orasida “Liverpul”, “Napoli”, PSJ kabi grand klublar bor. Qo‘shimchasiga, 20 yoshli vunderkind Chempionlar Ligasida 10 ta gol urdi va faqatgina Levandovskidan ortda qoldi. O‘tgan mavsumda Xoland bitta vaziyatda bitta gol ura olishini isbotladi. PSJ darvozasiga yo‘llagan dublida uni hech kim ochiq darvoza qarshisida ojiz qoldirmagan, Alisson postini ishg‘ol qilganida joy tanlash borasida mukammal o‘yin ko‘rsatgan edi. Demak, “Golden boy” sovrini uchun yaqqol nomzodlarning to‘purari Xoland. Biroq gollar doim ham sovrin uchun etarli bo‘lavermaydi. Chunki...

xoland

2. Alfonso Devis “Bavariya” 42 o‘yin, 3 ta gol 9 ta assist

Chunki eng iste’dodli sifatida tan olinish uchun kattaroq o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatish, o‘yin natijasiga amalda ta’sir o‘tkazish ham lozim. Aynan Alfonso Devis “Bavariya”ning trebl qayd etishida benazir bo‘ldi. Kanadalik himoyachi katta tezlikda yugurishidan tashqari, foydali dribling ham ishlata oladi. Uning yoshida katta turnirlarda o‘zini ko‘rsatish, o‘zidan tajribali futbolchilarga master-klass o‘tash, raqib futbolchilarini ruhan sindirish har kimga ham nasib qilavermaydi. Bungacha Ashraf Hakimi 36,2 km/s tezlik bilan yugurib, Bundesliga rekordini o‘rnatgandi. Devis esa “Verder”ga qarshi bahsda bu ko‘rsatkichni 36,51 km/s ga etkazdi va rekordni o‘zlashtirdi. Shuningdek, printsipial uchrashuvda marokashlik loteralga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. EChL doirasida “Barselona”ga qarshi nimalar qilganini ortiqcha ta’riflash ham shart emas. Myunxenliklarning haqiqiy kashfiyoti Devis oldindagi bellashuvlarda ham yuqori darajada harakat qilishi zarur. Chunki u keyingi yili ham “Golden boy” uchun kurashadi. Bu mavsum esa biroz unga omad etishmagandek. Buning sababiga esa quyida to‘xtalamiz....

devis

1. Jeydon Sancho “Borussiya” 44 o‘yin, 20 ta gol 20 ta assist

Uning ko‘rsatkichlari ham, narxi ham yuqorida nomi tilga olingan vunderkindlardan yuqori. Va shubhasiz, uning o‘yini narxiga munosib. 128 mln evroga baholanayotgan vinger eng yaqin ta’qibchisi Sanedan 40 mln evroga qimmat. Jeydon kerakli paytda foydali dribling ishlata oladi, uzoqdan yaxshi zarba yo‘llaydi, texnik harakatlari bilan jamoadoshlari va muxlislarga kayfiyat ulashadi. Shuningdek, to‘pni qizg‘onmaydi. Uning yoshidagi ba’zi “yulduzchalar”da paydo bo‘ladigan egoizm unda deyarli yo‘q, deb qo‘rqmay ayta olamiz. Negaki, 20 yoshida mavsum davomida 20 ta assistni o‘z nomiga yozdirgan futbolchi haqida bunday fikrlash xato, nazdimizda. Uning 20 ta gol ham urganligi statistikasini ham tengsiz ko‘rinishga keltirdi. O‘z tarkibida, asosan, yoshlarga imkoniyat beradigan dortmundliklar safida 3 mavsum o‘ynagan ingliz vunderkindining vataniga, xususan, bolalik yillari o‘tgan shahriga qaytish vaqti keldi. U “Borussiya”da barchasini isbotlab bo‘ldi. Endi navbat butun Evropaga! “Asalarilar” esa boshqa iste’dodlarni kashf etishda davom etishi lozim.

sancho

Biz yuqoridagi vunderkindlarni faqat o‘z talqinimiz bo‘yicha sanab o‘tdik. Ishonamizki, ularning barchasini porloq kelajak kutmoqda. Jahon futboli ushbu sovrinning omadsiz egalarini ko‘p ko‘rgan. Bizning nomzodlarimiz futbolda yangi davrga asos solishi lozim. Axir, Ronaldu-Messi erasidan keyin futbolni kimdir o‘z elkasida ko‘tarib turishi xam kerak-ku.

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!