SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 26-tur ramziy terma jamoasi

  • 4 dekabr, 2020, 19:14
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Darvozabon: Javohir Ilyosov (“Lokomotiv”)

Superliga joriy mavsumi bizga taqdim etgan tuhfalardan biri aynan Javohir Ilyosovdir. Nesterov mavsum yarmida jamoani tark etgach, ko‘pchilik “temiryo‘lchilar”ning darvoza chizig‘idan xavotirga tushgan edi. Ammo Ilyosov tajribali darvozabondan ham yaxshiroq harakat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda. 

“Nasaf”ning ketma-ket hujumlari golga aylanmaganining bosh “aybdori”  - Javohir!

photo_2020-12-04_12-23-50

Markaziy himoyachi: Anzur Ismoilov (“Paxtakor”)

Ushbu ramziy terma jamoani 3-6-1 taktik sxemasi bo‘yicha tuzib chiqishga qaror qildik. Bunda, albatta, 3 ta markaziy himoyachi xizmatidan foydalanamiz. Ismoilov Superligada jon saqlab qolish uchun tish-tirnog‘i bilan harakat qilayotgan “Andijon” hujumlarini qaytarib turgan qoya bo‘lib yodimizda qoldi. O‘z tajribasiga munosib o‘yin!

photo_2020-12-03_17-26-41

Markaziy himoyachi: Boburbek Yo‘ldoshev (AGMK)

Markaziy himoyachi zonasida olmaliqliklarda muammo mavjud emasligini ramziy terma jamoalarimiz ketma-ketligi isbotlab turibdi. So‘nggi 3 turda Mirjalol Qosimov shogirdlari mudofaa markazidagi fenomenal o‘yinlari bilan ajralib turgani bois e’tiborimiz markaziga tushib kelmoqda. 

photo_2020-12-03_22-37-03

Markaziy himoyachi: Sherzod Fayziev (“Lokomotiv”)

Qarshiliklar Ilyosov postiga yo‘l topgan bo‘lishardi… Agar Fayziev mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini aynan mana shu bahsga saqlab qo‘ymaganida. Markaziy himoyada Jumaboev bilan yaxshi tandem hosil qilib kelayotgan futbolchini ramziy jamoamizga kiritishga qaror qildik. 

photo_2020-12-04_12-23-50 (2)

Markaziy yarim himoyachi: Azim Ahmedov (“Navbahor”)

“Vodiy derbisi”ning bezagiga aylangan gol muallifi o‘z jamoasini butun mavsum davomida oldinga boshlab keldi. “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinning eng hal qiluvchi, asabiy pallasida urilgan gol amalda ko‘p narsalarni o‘zgartirib yuborishi kerak edi. Ammo bir necha daqiqadan so‘ng, qo‘qonliklar ham javob golini super tarzda kiritdi. Bu haqida keyinroq…

photo_2020-12-03_21-34-45

Markaziy yarim himoyachi: Oybek Bozorov (“Nasaf”)

“Nasaf” hujumidan hech bir vakil ramziy jamoamizga kirmasligini anons sifatida aytib o‘tishim mumkin. Chunki ular Bozorov yuzaga keltirgan bir qancha vaziyatlarni ko‘kka sovurishdi. Oybek maydon markazida kesuvchi paslari bilan raqib himoyasini mudom xavf ostida qoldirib keldi. 

photo_2020-12-03_15-03-04

Hujumkor yarim himoyachi: Javohir Sidiqov (“Paxtakor”)

Tarkibimizdagi ikkinchi Javohir ham haqli ravishda ushbu o‘ringa ega chiqmoqda. Gol urishdan tashqari o‘yin davomidagi faol harakatlari bilan ajralib turgan futbolchi “Paxtakor”ning g‘alabasidagi eng muhim figura bo‘lib xizmat qildi. 

photo_2020-12-03_17-27-18

Hujumkor yarim himoyachi: Quvondiq Ro‘ziev (“Qo‘qon-1912”)

Azim Ahmedovning goli Ro‘zievning super zarbasi bo‘lmaganda turning eng chiroylisi bo‘lishi tayin edi. Qo‘qonliklarning jarohatga moyil yarim himoyachisi o‘yin davomida bir nechta xavfli reydlarni ham amalga oshirdi. Kiritilgan gol shunchaki o‘xshab qolgan zarba mahsuli emasdi. 

photo_2020-12-04_09-29-50

Chap qanot vingeri: Elguja Grigalashvili (AGMK)

AGMK mavsumning ikkinchi qismini nostabil tarzda o‘tkazdi. Gruziyalik futbolchi “Buxoro”ga qarshi o‘yinda tom ma’noda porladi. Husniddin G‘ofurovning muhim goliga pas berishdan tashqari, o‘yin yakunining xotirjam kechishida aynan uning kiritgan to‘pi asosiy rolni o‘ynadi. 

photo_2020-12-03_22-37-21

O‘ng qanot vingeri: Husniddin G‘ofurov (AGMK) 

Ketma-ket o‘yinlarda gol urib kelayotgan G‘ofrov o‘z o‘yinini mana endi topib olgandek bo‘lmoqda. “Buxoro”ga qarshi o‘yinni uning dubli hal qilib qo‘ydi. O‘z tarixida birinchi marotaba medallarni qo‘lga kiritgan olmaliqliklar uchun uning gollari muhim o‘rin tutib keldi. 

photo_2020-12-03_22-36-39

Markaziy hujumchi: Humoyun Murtozoev (“Mash’al”)

Mavsum kashfiyotlari qatorida Humoyunni ham tilga olishimiz o‘rinli bo‘ladi. Ketma-ket o‘yinlarda mavsum debyutantlari safida gol urib kelayotgan Murtazoev “Metallurg”ni mag‘lub etgan golning ham muallifi bo‘ldi. Markaziy hujumchilar orasida hech bir futbolchi Humoyun kabi tur o‘yinining hal qiluvchi qahramoni bo‘lmadi. 

photo_2020-12-03_14-40-03

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!