
SPORTS.uz talqini bo‘yicha top-5 chempionatlar hafta ramziy terma jamoasi
Bosh murabbiy: Din Smit (“Aston Villa”)
“Aston Villa”ning natijalarini tushunish qiyin. Sababi, ular o‘z darajasidagi o‘rtamiyona raqiblardan mag‘lubiyatlarni qabul qilib, “Arsenal” kabi APL grandlarini ayab o‘tirmayapti. Albatta, o‘z vaqtida Chempionlar kubogi g‘olibi bo‘lgan jamoaga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz lozim. Ammo yaqin davrlar mobaynida “Villa Park” egalari Premer-liganing o‘rtamiyona jamoalari orasida ham qayd etilmayotgandi.
Din Smit o‘z etakchilarini yozgi transferlar oynasi mobaynida saqlab qolishga erishdi va qo‘shimchasiga tarkibni Emiliano Martines va Ross Barkli kabi yaxshi darajali futbolchilar bilan to‘ldirib oldi.
Bugun o‘sha jamoa APL jadvalining 6-pog‘onasida bormoqda. Zaxirasida yana bir grand klubga qarshi bahs borligini inobatga olsak, Smit jamoasi yanada yuqorilashi mumkin.
Darvozabon: Kasper Shmeyxel (“Lester”)
Haftaning eng chiroyli zarbasi Ruben Neveshga tegishli bo‘ldi. O‘sha zarba golga aylanmadi va vaziyat qahramoni Kasper Shmeyxel yilning eng chiroyli seyvlaridan birini amalga oshirdi. Aylanma harakat olgan bu qadar kuchli zarbani bartaraf eta olish posbonlardan misli ko‘rilmagan mahorat talab qiladi. Mana shunday harakatlari va sariq sochlari orqali Kasper otasiga o‘xshab ketadi. Ammo afsonaviy posbon o‘g‘liga muntazam barqaror o‘yin nimaligini uqdirmagan, shekilli.
Chap qanot himoyachisi: Rafael Gerreyru (“Borussiya” Dortmund)
"Top-5" chempionatlarda markaziy bellashuvlar doim ham kutilganidek shiddatli o‘tavermaydi va ushbu bahslardan ramziy terma jamoaga kirish holatlari kam uchraydi. “Der Klassiker” esa bizga 5 ta gol, 90 daqiqa tom ma’nodagi futbolni taqdim etdi.
Ushbu uchrashuvda portugaliyalik loteral himoyachining 2 ta golli uzatmasi ham myunxenliklarning taslim etilishiga kifoya qilmadi. Ammo bizningcha u o‘z pozitsiyasida ushbu haftaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga mos o‘yin ko‘rsata oldi.
Markaziy himoyachi: David Alaba (“Bavariya”)
Nemis klasikosidan yana bir vakil hafta ramziy jamoamizdan o‘z o‘rnini ola bildi. Mag‘lub dortmundliklar futbolchisini eng yaxshilar qatoriga kiritgan ekanmiz yoki eng zo‘r murabbiy Flik bo‘lishi yoxud Myunxen klubi futbolchilaridan ham kamida bir nomzod ushbu jamoadan joy olishi lozim edi.
David Alaba “Bavariya”ning muammoli markaziy himoyasida alternativ hisoblanadi. Ammo u chap qanotdagi kuchli raqobat tufayli ham markazga siljishga majbur bo‘lgandek. Asli, “tug‘ilishidan” markaziy himoyachi bo‘lgan Boateng va Zyulening xatolari oldida, avstriyalik qanot himoyachisi ko‘rsatayotgan o‘yin ancha yaxshidek ko‘rinmoqda. “Der Klassiker”da kiritgan goli orqali jamoasi g‘alabasiga ham hissa qo‘shishga muvaffaq bo‘ldi.
Markaziy himoyachi: Yannik Vestergor (“Sautgempton”)
“Sautgempton” mavsumni juda qiyin boshladi. Dastlab, “Kristal Pelas” maydonidagi minimal mag‘lubiyat, so‘ngra, o‘z uyida “Tottenxem”dan qabul qilib olingan 5 ta gol. Ammo ushbu omadsizliklardan so‘ng, Xazenxyutl shogirdlari har bir uchrashuvda o‘zlarini qoniqtiradigan natijalarni qayd etib, ayni paytda kuchli to‘rtlikda boryapti.
Daniyalik himoyachi esa har bir uchrashuvda jamoasini oldinga boshlab, jamoa markaziy himoyasidagi balansni ushlab turibdi. Uni allaqachon yangi Van Deyk deb atamoqdalar. Barqarorlik tilaymiz!
O‘ng qanot himoyachisi: Serxi Roberto (“Barselona”)
“Betis” bilan kechgan bahs kataloniyaliklarning navbatdagi qiyin o‘yini bo‘lishi kerakdek edi. Ammo yakunda barchasi ular kutganidan ham a’lo darajada yakunlandi. Ko‘ngilni xira qiladigan yagona jihat Ansu Fatining naq 4 oyga safdan chiqqani bo‘ldi. Taqdir hazilimi yoki boshqa narsa, Messi ham “ko‘k-anorranglilar” safida o‘z o‘rniga ega bo‘la boshlagan ilk davrida shunday jarohat olgandi. Ispaniya terma jamoasi a’zosini yana ko‘p jihatdan argentinalik futbol dahosiga o‘xshatish mumkin. Gap Roberto haqida edi!
Ushbu uchrashuvda to‘liq harakat qilgan va bexato o‘ynagan yagona futbolchi Serxi bo‘lgandek ko‘rindi ko‘zimizga. Grizmann gol urgani bilan, penaltidan aniq foydalana olmadi. Messi esa ikkinchi taymda maydonga tushdi. 28 yoshli qanot himoyachisi o‘z hisobiga 2 ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishdi va ramziy jamoamizning o‘ng qanotini egalladi.
Markaziy yarim himoyachi: Ngolo Kante (“Chelsi”)
“Aristokratlar” mana endi yaxshi saviyadagi o‘yinni namoyish eta boshladi. Kantening qirralarini Lempard endi tushuna boshladi, chog‘i. So‘nggi o‘yinlari orqali bir paytlar uni ta’riflash uchun ishlatilgan iboralarni qayta tilga olishga majbur etmoqda: Erga asteroid urilish xavfi bo‘lsa, uni faqat Kante to‘xtatib qola oladi.
Markaziy yarim himoyachi: Eberechi Eze (“Kristal Pelas”)
Grinvichda tug‘ilgan Eberechi joriy mavsumdan “Kristal Pelas” safiga kelib qo‘shildi. 22 yoshli futbolchi bungacha KPR futbolchisi sifatida faoliyat yuritib kelardi. Gollardagi ishtirokining u qadar yuqori emasligi sabab tanqidlarga uchray boshlagan ingliz xavbeki “Lids”ga qarshi o‘yinda bittadan gol va assist amalga oshirib, javob berdi.
Chap qanot vingeri: Geynrix Mxitaryan (“Roma”)
“Jenoa”ga qarshi bahs Paulo Fonseka shogirdlari uchun oson kechdi, deya olmaymiz. Ayniqsa, genuyaliklar hisobni tenlashtirgach, ancha tartibli himoyalana boshladi. Ammo shu kuni armanistonlik futbolchining “ketmoni uchgan” kun ekan. U Perin darvozasiga kiritgan 3 gol yakunda “jallorossi”larga ishonchli g‘alaba taqdim etdi.
O‘ng qanot vingeri: Anxel Di Mariya (PSJ)
PSJ o‘z ligasida shu qadar erkin harakat qilmoqdaki, Neymar va Mbappe kabi megayulduzlarisiz ham yirik hisobdagi g‘alabalarni qalashtirib tashlamoqda. Mavsum avvalidagi salbiy natijalar Liga 1 da intrigali kurash ko‘rishimizga umid bergandek edi. Ammo 10-turga etib ulgurmay, parijliklar yana ligada yaqqol peshqadam. Frantsiya chempionatining boshqa grandlarida stabillik etishmayotgan ekan, PSJ muxlislarini chiroyli g‘alaba bilan tabriklashdan boshqa choramiz yo‘q.
Di Mariya esa “Renn”ga qarshi kechgan muhim uchrashuvda dirijyor obrazida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ldi.
Hujumkor yarim himoyachi: Brunu Fernandesh (“Manchester Yunayted”)
“Mankuniyanlar” tarkibida o‘ynash o‘zgacha qiyinchiliklar tug‘diradi. Sen “orzular teatri”da mezbon futbolchi sifatida harakat qilar ekansan, “qizil iblislar” libosini kiyar ekansan, o‘z imkoniyating darajasidan ham yuqori darajada harakat qilishga majbursan.
Fernandesh o‘tgan mavsumning ikkinchi qismini fantastik tarzda o‘tkazdi. Deyarli, har bir o‘yinda gol, assist yoki foydali harakatlar. Ha, o‘sha davrda ham u kiritadigan to‘plarning asosiy qismi penalti evaziga ekani bot-bot ta’kidlanardi. Ammo bu mavsumda u hatto 11 metrlik nuqtadan ham adashdi. Gollarining soni ham kamayib ketdi.
“Everton”ga qarshi printsipial bahsni o‘z benefisiga aylantirib yuborgan portugaliyalik yarim himoyachi ta’bir joiz bo‘lsa, haftaning eng yaxshi futbolchisi, deya tan olinishga haqli.
Markaziy hujumchi: Joau Felish (“Atletiko”)
Yo‘q, bu gal Levandovski emas. Portugaliyalik yosh iqtidor egasi o‘z o‘yinini topib bormoqda. “Benfika”dan bu qadar katta summaga xarid qilinishi va undan keyingi o‘yinlari mutaxassislarning tanqidlariga sabab bo‘layotgandi. Mana endi madridliklarning birmuncha “keksa” tarkibi bu bolakayning gollariga muhtoj.
Balki, aynan uning sharofati bilan “matraschilar” muhim o‘yinlarga nisbatan kam ochko yo‘qotgan holda etib kelayotgandir.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar