SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (16-son)

CHERY AUTO

Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.

Tecno

Ispaniya terma jamoasi nimchorak final bosqichida Marokashga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi. Ispanlarning birorta futbolchisi 11 metrlik nuqtadan gol kirita olmadi. Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilish shu bo‘lsa kerak.  

Nimchorak finalning so‘nggi o‘yinida Portugaliya Shveytsariyaga hech qanday imkon qoldirmadi. Ronalduning o‘rniga asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchi het-trik qayd etdi.  

IMG_5764

Marokash – Ispaniya 0:0

Nimchorak final doirasida kunning ilk o‘yini Marokash hamda Ispaniya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli o‘tishi kutilgan, ammo unday kechmagan bahsda asosiy vaqt 0:0 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha 2 taymda ham gol urilmadi va jamoalar penaltilar seriyasiga murojaat qildi. Unda afrikaliklar 3:0 hisobida zafar quchdi va chorak final yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Uchrashuvdagi qiziqarli faktlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ispaniya yirik turnirlardagi so‘nggi 5 o‘yinida ekstra-taymlarga murojaat qilib kelmoqda.

Marokash Jahon chempionati chorak finaliga chiqqan to‘rtinchi Afrika jamoasiga aylandi.

Xakim Ziyesh shu yilning fevral oyida termadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Hozir u mundial chorak finalida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Luis Enrike musobaqada ishlab topgan daromadining barchasini xayriyaga sarflashini ma’lum qildi. Katta ehtimol bilan mutaxassis yaqin orada Ispaniya termasi bosh murabbiyligidan iste’foga chiqadi.

Marokash darvozaboni Yassin Bunu penaltilar seriyasida 2 ta zarbani qaytargan ilk afrikalik posbonga aylandi.

O‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan Marokash chorak finalda Portugaliya terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Ispaniya esa alamli tarzda musobaqa bilan xayrlashdi.

 

Portugaliya – Shveytsariya 6:1

1/8 finalning so‘nggi o‘yinida Portugaliya va Shveytsariya terma jamoalari chorak final uchun kurash olib bordi. Mazkur bellashuv kutilmaganda Portugaliyaning o‘ta yirik 6:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topdi.

17-daqiqada Gonsalu Ramosh kuchli zarbasi bilan raqib darvozasining o‘tkir burchagini nishonga oldi va bellashuvda hisobni ochdi. 33-daqiqada Pepe burchak zarbasidan uzatib berilgan pasdan so‘ng to‘pga boshi bilan zarba berib, farqni 2 taga oshirib qo‘ydi. 1-taym shu hisobda yakunlandi.

2-bo‘limning oltinchi, aniqrog‘i, 51-daqiqada Ramosh dublni rasmiylashtirdi. U qulay nuqtada paydo bo‘ldi va raqib posbonini yana bir bor ranjitdi - 3:0. Oradan atigi 4 daqiqa o‘tgach, Rafael Gerreyru ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. U qanotdan o‘zi uchun ajoyib hududda ko‘rinish berdi va sherigining aqlli uzatmasidan so‘ng to‘pni darvozaga joyladi. Qisqa vaqt ichida muxlislar bahsda yana bir gol guvohi bo‘ldi. Bu safargisi shveytsariyaliklar foydasiga qayd etildi. Akanji burchak zarbasidan so‘ng bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi.

Shunga qaramay, bu hali yakun emas edi. 67-daqiqada yana o‘sha Ramosh katta sahnaga chiqdi. U darvozabon Zommer bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va sekingina uning ustidan to‘pni oshirib qo‘ydi - 5:1. 90+2-daqiqada Leau raqib mudofaasini aldamchi xarakatlari bilan dog‘da qoldirdi va o‘ta aqlli zarbasi bilan hisobni yakuniy 6:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Gonsalu Ramosh joriy nundialning ilk xet-trik qayd etgan futbolchisi bo‘ldi. Shuningdek, u debyut o‘yinida 3 ta gol urgan Miroslav Klozedan keyin dastlabki o‘yinchiga aylandi. Kloze 2002 yilda shunday natija qayd etgandi.

Agar Shveytsariya mazkur to‘qnashuvda g‘alaba qozonganda, o‘z tarixida birinchi marta JChda ketma-ket 3 uchrashuvda zafar quchgan bo‘lardi. Ammo portugallar bunga yo‘l qo‘ymadi.

Chorak finalda Portugaliya terma jamoasi Ispaniyani turnirdan chiqarib yuborgan Marokash bilan kuch sinashadi. Shveytsariya esa yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng musobaqa bilan xayrlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!