
"Stadiondagi muhit shunchaki "bomba", Kubokda kim bilan o‘ynashimizni farqi yo‘q, buni hech kim bilmagandi". Zafar Polvonov "Andijon"da ilk bor matbuotda ko‘rinish berdi
“Andijon” klubi O‘zbekiston Kubogidagi yurishini davom ettiryapti. “Turon”ni mag‘lub etgan “Burgutlar” chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Pro ligada ham “Burgutlar”ning natijalari yaxshi va peshqadamlikni o‘z qo‘liga olgan.
Yozgi transfer oynasi vaqtida tarkibga ikki nafar o‘yinchi qo‘shilgan bo‘lib, ulardan biri hujumchi Zafar Polvonov. Tajribali hujumchi Superligadagi faoliyatidan so‘ng endi pro ligada “Andijon”ga yordam berishga qaror qildi. Polvonov ilk taassurotlari bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Andijon” O‘zbekiston Kubogida “Turon” ustidan g‘alaba qozonib chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘yin borasida nima degan bo‘alardingiz?
- O‘yinga kelsak, “Turon” yaxshi jamoa. Chunki raqibni qanday o‘yin ko‘rsatishini bilardik. “Turon” ham barcha pozitsiyasi bo‘yicha yaxshi shakllangan. Bizga qiyinchilik tug‘dirishini sezgandik. Shunga yarasha o‘zimiz ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Chunki oldimizga aniq vazifa qo‘yilgan. G‘alabali seriyani davom ettirib, muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishiga harakat qilyapmiz. To‘g‘ri, uchrashuv davomida raqib jamoamizga qiyinchilik tug‘dirdi. Yigitlarga rahmat, yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozongan holda maqsadimizga erishdik.
- “Andijon”ga qo‘shilganingizdan beri uchta o‘yin o‘tdi va barchasida jamoa g‘alabaga erishib kelmoqda. Debyut o‘yiningizdayoq gol urishga muvaffaq bo‘ldingiz. Yangi jamoangizdagi ilk taassurotlaringiz qanday?
- Anchadan beri pro liga o‘yinlariga e’tibor bermagan ekanman. Endi o‘zim guvoh bo‘lyapmanki, pro liganing darajasi ham ancha yuqori ekan. Jamoada meni chiroyli kutib olishdi. Muxlislar ajoyib. “Andijon”ga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Hech qachon biror futbolchi yangi klubga kelsa, darrov moslashib ketmaydi. Qo‘shilib ketishiga ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Biz hamma o‘yinga jiddiy tayyorlanamiz. Chunki jamoamiz uchun har bir o‘yin xuddi finaldek. Barchamiz bu erda bir oilamiz. Xudo xohlasa, ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz.
- “Andijon”ga qo‘shilishingiz transfer oynasining oxirgi kunida hal bo‘ldi va buni hech kim kutmagandi. Aslida barchasi qanday yuz bergandi?
- Ha, buni hech kim bilmagandi. Oldindan nima bo‘lishini aytib bo‘lmaydi. Bu futbol. Yo‘q joydan ushbu transferning amalga oshgani ham futbolning bir qismi. Men bu erda xursandman va jamoamning g‘alabalariga hissa qo‘shishga harakat qilaman.
- O‘zbekiston Kubogi chorak finalida qaysi raqibni kutyapsiz?
- Qaysi raqibni kutaman? Bizga kim bilan o‘ynashimizning farqi yo‘q. Chunki Superliga jamoalaridan biri bilan o‘ynaymiz. Superliga klublari bilan o‘yinlar hech qachon oson bo‘lmaydi. Biz ham shunga qarab tayyorgarlik ko‘ramiz. Shuncha yo‘lni bosib o‘tib, osongina taslim bo‘lish yo‘q. Xudo xohlasa, oxirigacha harakat qilamiz.
- Siz bosh murabbiy Viktor Kumikov bilan ilgari ham birga ishlagansiz-a?
- Kumikov bilan 2018 yili ishlaganman. Bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Mashg‘ulot uslublari va o‘yin taktikalari qandayligini bilaman. Shu sababli oson kirishib ketdim.
- Stadiondagi muhit haqida nima deysiz? Adashmasam, doim ham bu darajadagi qaynoq muhitda o‘ynamagansiz...
- Stadiondagi muhit shunchaki “bomba”. Fantaziya juda ajoyib. Oldin raqib sifatida Andijonga kelgan paytimizda e’tiborimizni faqat o‘yinga qaratardik. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashini ko‘rardik. Lekin bu darajada tayyorgarlik ko‘rib, jonkuyarliklariga qoyil qoldim. Bunday ishqibozlar uchun o‘ynamasak, yana kim uchun o‘ynaymiz? Muxlislar uchun bor kuchimiz bilan kurashamiz. “Andijon” uchun jon kuydirib, ishqibozlarni xursand qilish maqsadida mahoratimizni ishga solamiz.
Fikrlar