Superklub zo‘r hujumchini tekinga qo‘lga kiritdi
Frantsiya chempionatida toblangan kanadalik hujumchi Jonatan Devid bir necha klublardan taklif olganiga qaramay, “Yuventus” safiga qo‘shilishni ma’qul ko‘rdi.
“Lill”da porlagan yulduz Turinga erkin agent maqomida keldi va A Seriya qudratli klubi bilan 2030 yilning 30 iyunigacha davom etadigan bitim imzoladi.
Nufuzli manbalarning ma’lum qilishicha, 25 yoshli forvard turinliklardan har mavsum uchun 6 million evrodan maosh oladigan bo‘ldi.
Jonatan Devid futbol o‘ynashni Kanadaning “Ottava” klubida o‘rgangan. Keyinchalik Evropaga yo‘l olib, “Gent” tizimida mahorat oshirdi. Belgiya klubining asosiy jamoasida ikki yil to‘p tepgan futbolchini “Lill” 2020 yil 27 million evro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgan edi.
Devid klublar miqyosida jami 315 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 146 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 45 ta golli pas uzatgan.
Shuningdek, mohir hujumchi Kanada milliy terma jamoasi safida 67 ta bellashuvda raqiblar darvozasiga 36 ta to‘p kiritgan.
Fikrlar