Superliga. "Mash’al" — "Qizilqum" o‘yini stadiondagi muammo sabab boshqa shaharda o‘tkaziladi
Superliganing 3-turidan o‘rin olgan "Mash’al" — "Qizilqum" uchrashuvi Navoiy shahriga ko‘chirildi. Shuningdek, jamoalar o‘rtasidagi javob bahsiga ham Navoiy mezbonlik qiladi.
Bunga "Mash’al" klubining Muborak shahridagi stadioni Superliga talablariga javob bermasligi sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, Qarshi shahridagi Markaziy stadionda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari hali yakunlanmagan. Shu bois, "Nasaf" va "Mash’al" jamoalari mavsumni G‘uzor shahrida boshlagan edi.
Biroq Superliganing 2-turidan o‘rin olgan "Mash’al" — "Lokomotiv" uchrashuvidan keyin "Sho‘rtan" klubiga qarashli stadion maydoni shikastlandi. Ayni paytda u yerda sifatli o‘yin o‘tkazish imkoniyati mavjud emas.
Ma’lum qilinishicha, G‘uzordagi stadionda drenaj tizimi bilan bog‘liq muammo avvaldan mavjud bo‘lgan. 5 mart kuni yoqqan kuchli yomg‘ir esa bu kamchilikni yanada yaqqol ko‘rsatib berdi. Hozirda maydonni tiklash ishlari olib borilmoqda.
Liga ehtiyot chorasi sifatida klublarga boshqa stadionlar bilan muzokara olib borish zarurligini bildirgan.
Shuningdek, avvalroq "Mash’al" va "Qizilqum" o‘zaro kelishuv asosida uchrashuvlar joyini almashtirishni so‘ragan, ammo PFL bu taklifni rad etgan.
Bundan tashqari, Buxorodagi stadion holati ham qoniqarli emas. Superliga 1-turidan keyin "Buxoro" klubi rasm an ogohlantirilgan. Reglamentga ko‘ra, maydon holati talabga javob bermasa, klubga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilishi mumkin.
Manba: O‘zPFL.
Fikrlar