
Superliga. Zulmat ostonasidagi uchrashuv, "Surxon"ni ayamagan "olimpiyachilar" va ovda davom etayotgan "bo‘rilar" haqida
Kecha O‘zbekiston Superligasi ikkinchi davra o‘yinlariga start berildi. 14-turdan o‘rin olgan 3 ta bellashuvda muxlislar gollar shousidan tashqari qiziqarli voqealarga ham guvoh bo‘ldi. Jizzaxdagi o‘yinda mezbonlar ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi - 2:0. "Paxtakor" Toshkentda yangi murabbiy qo‘l ostida qiyin g‘alabaga erishdi - 3:2. Shuningdek, "Olimpik" Olmaliqda "Surxon"ga umuman imkon qoldirmadi - 5:0.
E’tiborlisi, mazkur 3 o‘yinda jamoalar umumiy 17 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, jamoalar Superliga havosini ancha sog‘inib qolgan. Xo‘sh, kecha "pichoqqa ilinadigan" yana qanday voqealar sodir bo‘ldi. Quyida, har uchala o‘yin haqida batafsil to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.
"Surxon" - "Olimpik" - 0:5.
Uchrashuvning bu darajada yirik hisob qayd etilishida ilk daqiqalardan qizil kartochka ko‘rsatilgani ta’sir o‘tkazdi, degan fikrlar ko‘p yangradi. Biroq darvozabonning yosh bolalarcha qilgan xatosini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Bu vaziyatda hakam to‘g‘ri qaror qabul qildi, deya olamiz. Sababi, posbon jarima maydonchasi tashqarida to‘pni qo‘li bilan qaytarib qoldi. Vaholanki, bu vaziyatda mehmonlar a’zosi gol urish uchun juda qulay imkoniyatga ega bo‘lgandi.
Uchrashuvning 35-daqiqasida "Olimpik" penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Bu imkoniyatdan Ruslan Jiyanov unumli foydalandi va hisobni ochdi. Keyinchalik bir kishi kam bo‘lib qolgan "uchar tulporlar" pozitsiya tanlashda qoniqarsiz harakat qila boshladi. Kapadze shogirdlari o‘z ustunligini tobora mustahkamlab bordi. Bahsning 43-daqiqasida mezbonlar vakili Kamron Saidazimov ochiqchasiga qo‘pollik ishlatgani uchun ikkinchi sariq kartochkasini oldi va jamoasining maydonda 9 kishi bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ldi. Bu voqeadan 2 daqiqa o‘tar-o‘tmas, Jiyanov o‘zining va "olimpiyachilar"ning ikkinchi golini kiritdi.
Keyingi 45 daqiqalikda hisob 5:0 ko‘rinishiga keldi. Dastlab, Otabek Jo‘raqo‘ziev, keyin esa Saidazamat Mirsaidov va Alisher Odilov o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Shu tariqa, "Olimpik" ikkinchi davrani yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi. "Surxon"da esa hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p ekani yaqqol ko‘rinib qoldi.
"So‘g‘diyona" - "Bunyodkor" - 2:0.
Jizzaxda mezbon "So‘g‘diyona" klubi Toshkentning "Bunyodkor" jamoasini qabul qildi. Qiziqarli va kurashlarga boy o‘tishi kutilgan bahs amalda o‘z isbotini topdi. Bahsning 17-daqiqasi o‘tib borayotgan bir paytda Jasur Xasanovning qanotdan oshirib bergan to‘pini Javohir Qahramonov qabul qildi va kuchli zarbasi bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi - 1:0. Keyin jamoalar bir necha qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ammo 73-daqiqaga qadar uchrashuvda hisob o‘zgarmadi. Aynan shu vaqtda mehmonlar a’zosi Avazbek O‘lmasaliev kutilmaganda o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi - 2:0. Bu gol bellashuvda oxirgisi bo‘lib qoldi va "bo‘rilar" ikkinchi davrani ishonchli hisobdagi g‘alaba bilan boshladi. "Bunyodkor" keyingi bahslarga jiddiy e’tibor qaratib, kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishga urinib ko‘radi.
E’tibor qaratadigan jihatlardan biri - yangi kelgan futbolchilarning maydondagi harakati. "So‘g‘diyona" safida "Neftchi"dan xarid qilingan Husniddin G‘ofurov uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. Umuman olganda, u yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Faollik ko‘rsatdi, raqib darvozasiga bir necha zarba yo‘llashga ham muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, terma jamoamizning sobiq a’zosi, o‘sha taniqli Vitaliy Denisov ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushirildi. Biroq uning ancha vaqt o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani baribir o‘z so‘zini aytdi.
"Bunyodkor" safida Pavel Mogilevets asosiy tarkibda maydonga tushdi. Unda tezkorlik, pozitsion joylashuv borasida ustunlik yo‘qligi darrov sezildi. Ammo legionerning driblingi chakki emasligini ham alohida e’tirof lozim. Uning o‘rniga maydonga tushgan Dmitriy Pobulich ham aytarli faollik ko‘rsatmadi. Ularning bu ilk o‘yini ekanini inobatga olsak, kelgusi bellashuvlarda mazkur futbolchilar yaxshi taassurot qoldira oladi, deb umid qilamiz.
"Paxtakor" - "Dinamo" - 3:2.
Kecha har tomonlama futbol jamoatchiligining e’tiborini qozona olgan, gollarga boy o‘tgan bahs. Shatskixning debyuti, Bikmaevning sobiq jamoasiga qarshi o‘ynashi va yana ko‘plab e’tiborga molik voqealarning borligi ushbu o‘yinga bo‘lgan qiziqishni oshirgandi.
Uchrashuv boshlanishi bilan jamoalar hujumkor o‘yin namoyish etdi. Ayniqsa, "Paxtakor" ilk daqiqalarda bir necha qulay imkoniyatlardan unumli foydalana olmadi. Shunga qaramay, birinchi golni "Dinamo" kiritdi. "So‘g‘diyona"dan kelgan Marat Bikmaev avvalgi jamoasi "Paxtakor" darvozasini ishg‘ol qildi. Ammo uning bu goliga "sherlar" Hamdamov va Cheranning gollari bilan javob qaytardi va hisobda oldinga chiqib oldi.
Biroq bu hammasi emas edi. "Arslonlar" safida yangi kelgan Bikmaev va Grigalashvilining samarali harakatlaridan so‘ng hisob yana tenglashdi. Shunga qaramay, samarqandliklarga bu o‘yinda ochko olish nasib qilmagan ekan. Toshkentliklarning polshalik legioneri 79-daqiqada jamoasining uchinchi golini urdi va muhim 3 ochko qo‘lga kiritilishida katta hissa qo‘shdi.
"Dinamo"ning Bikmaev va Grigalashvilini qo‘lga kiritgani yaxshi xarid bo‘ldi. Buni "Paxtakor"ga qarshi bahs ham isbotlab berdi. Tajriba va mahorat samarqandliklarga hali ko‘p ochko keltirishi mumkin. Mazkur o‘yinda esa omad qisman mezbonlarga kulib boqdi.
"Paxtakor" tarkibidagi ikki legioner Iliya Martinovich va Pshemislav Banashak bu bahsda yomon harakat qilmadi. Hatto Banashak bitta gol urishga ham muvaffaq bo‘lgani tahsinga sazovor.
Bellashuvdagi yana bir muhim voqealardan biri - so‘nggi daqiqalar o‘tib borayotgan bir vaqtda stadion chiroqlarining ma’lum bir qismi o‘chib qolgani bo‘ldi. Shu holat sabab 10 daqiqalar atrofida uchrashuv to‘xtatib turildi. Bu kabi vaziyat aynan "Paxtakor" stadionida sodir bo‘lgani ajablanarli. Sababi, chempionatimizni jiddiy kuzatib boradigan muxlislar bu holat birinchisi emasligini yaxshi biladi. Klub vakillari mazkur kamchilikni butkul bartaraf etadi, degan umiddamiz.
Shohrux Zoirov maqolasi.
Fikrlar