Superligada supero‘yinlar yoxud 2-tur sarguzashtlari oldidan

  • 7 mart, 2024, 15:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

8-11 mart kunlari O‘zbekiston Superligasida 2-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Oldimizda yanada ajoyib to‘qnashuvlar bor va yangi mavsumdagi ilk o‘yinni o‘z arenasida qabul qilayotganlar ham yo‘q emas. Quyida 2-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlariga to‘xtalamiz.

8 mart

“Metallurg” – “So‘g‘diyona”

Bekobodda yaxshi o‘yin bor. Ikkalasi ham ilk turda g‘alaba qozona olmadilar. Biri durang o‘ynadi, yana biri yutqazdi. “Metallurg” Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi 2:2 hisobini qayd etdi. “So‘g‘diyona” Jizzaxda musobaqa favoritlaridan biri “Neftchi”ga imkoniyatni boy berdi - 1:2. Vesko Steshevich jamoasi Bekoboddagi ilk muxlislari qarshisida kechadigan mavsumning ochilish o‘yinini g‘alaba bilan boshlash harakatida. Ivan Boshkovich boshchiligidagi “So‘g‘diyona” esa chempionatni ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan boshlashni aslo xohlamasligi turgan gap. Hozircha imkoniyatlar 50\50.

“Paxtakor” – “Nasaf”

Turning eng muhim va markaziy to‘qnashuvi. “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev birinchi turda “Olimpik” mag‘lub etilgach, matbuot anjumanida aynan bo‘lajak bellashuvga ham to‘xtalib, “Paxtakor”ga qarshi oxirgi paytlardagi o‘zaro uchrashuvlarda yaxshiroq natijalar qayd etayotganini va buni ushbu safar ham davom ettirishga umid qilayotganiga to‘xtalgandi. “Nasaf” chempionlikni qo‘lga kiritish uchun jiddiy kurashga qo‘shilgan. “Paxtakor” yana chempionlik kamarini himoya qilish maqsadida maydonga tushyapti. Shatskix jamoasining tarkibi biroz kuchsizlangani va ketganlar o‘rni nomdor o‘yinchilar bilan to‘ldirilmaganiga urg‘u qaratayotganlar ko‘p. Klub endilikda mahalliy yoshlariga ko‘proq suyanmoqchi. Shatskix esa ilk bahsdan keyin jamoasida chempionlik ruhiyati borligini aytdi. Ha, u bu gapni aytganida haq edi. Imkoniyatlar esa teng!

paxtakor 1

9 mart

“Olimpik” – “Lokomotiv”

Toshkent derbisini ham ko‘ramiz. Afsuski, u qadar ko‘p muxlislar auditoriyasiga ega bo‘lmagan “Olimpik” hamda “Lokomotiv” o‘rtasidagi uchrashuv qay darajada anshlag bo‘larkin, buni o‘yin ko‘ramiz. Timur Kapadze Qarshidagi mag‘lubiyatdan keyin derbida sobiq klubi – “Lokomotiv”ni engmoqchi. Yangi murabbiyga ega bo‘lgan “Temiryo‘lchilar” uyida “Metallurg” bilan bahsda g‘alabani qo‘ldan chiqargandi. Bu safar nima bo‘larkin, kuzatamiz. Bu bahsda ham imkoniyatlarni teng deyish mumkin.

“Navbahor” – OKMK

Samvel Babayan va Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan jamoalar Namanganda kuch sinashadilar. Musobaqa favoriti sifatida e’tirof etilayotgan “Navbahor”ni bu safar ham imkoniyati yuqoriroq baholanyapti. OKMK birinchi turda o‘z maydonida “Andijon” bilan 0:0 o‘ynaganini bilasiz. Ular ketma-ket ikkinchi bor vodiy klubiga qarshi maydonga tushadi. Agar ilk turdan xulosa qilinadigan bo‘lsa, “Navbahor”da imkoniyat chindan ham ko‘proqqa o‘xshayapti. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

Navbahor-Dinamo_1

10 mart

“Andijon” – “Bunyodkor”

Andijondagi “Bobur Arena”da ochilish futbol bayrami. “Burgutlar” “Qaldirg‘ochlar”ga qarshi bor kuchini sarflashi aniq. Boz ustiga andijonliklar minglab muxlislari qarshisida o‘ynaydilar. “Bunyodkor” dastlabki bahsda o‘z maydonida “Qizilqum”ga 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, ishqibozlarining xafsalasini pir qildi. "Bobur" Arena"da evropacha fantastik muhit bo‘lishi shubhasiz. “Andijon” Olmaliqda OKMKga qarshi munosib kurashdi. Bu safar imkoniyatning ko‘prog‘i Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi “Burgutlar”da.

“Dinamo” – “Neftchi”

“Neftchi” mavsumni ketma-ket ikkinchi marta Jizzaxdagi stadionda o‘tkazadi. Dastlab mezbon “So‘g‘diyona”ga qarshi maydonga tushdi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Endi nominal mezbon sifatida “Dinamo” ham Jizzaxda o‘ynaydi va farg‘onaliklar yana bir bor o‘sha arenada maydonga tushadi. Vadim Abramov va uning jamoasi Namanganda “Navbahor”ga yutqazib keldi, endi vodiyning yana bir klubiga qarshi bahs olib boradi va “Neftchi” ham Superliga favoritlaridan biri. Ko‘ramiz, Abramov Levchenkoga qanday syurpriz tayyorlayotgan ekan?

dinamo7

11 mart

“Qizilqum” – “Surxon”

1-turda ikkala jamoa ham o‘ziga yarasha ajablantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Masalan, Jamshid Saidov boshchiligidagi “Qizilqum” “Bunyodkor” maydonida 3:1 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Surxon” esa “Paxtakor” stadionida nominal mezbon sifatida to‘p surib, raqibi “Paxtakor”dan uchta gol “tarsaki” edi. Ikkala jamoaning o‘yinidan kelib chiqsak, “Qizilqum”da g‘olib chiqish imkoniyatlari ko‘proqqa o‘xshayapti.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Журабой
08/03/2024 13:49
Сугдиенага омад тилайман!!!