"Surxon" futbolchilarida koronavirus aniqlandi, endi "Navbahor"ga qarshi o‘yin o‘tkazilmaydimi?

  • 19 iyul, 2020, 08:59
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, bundan avvalroq "Surxon" klubi a’zolarida koronavirus aniqlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev esa bu voqea yuzasidan termizliklarning Superliga 10-turidan o‘rin olgan "Navbahor"ga qarshi bellashuvi o‘tkazilish yoki o‘tkazilmasligi haqida berilayotgan ko‘plab savollarga javob berdi.

Tecno

"Ikki kun davomida eng ko‘p berilgan savol. Javobini esa o‘zimiz ham bilmaymiz. Bilishimiz uchun "Surxon" futbolchilarining hozirgi holati haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz kerak. Hozircha, ma’lumotni ko‘pi bilan 21 iyul tushga qadar kutishga majburmiz.

U-21 o‘yini nima bo‘ladi? Vaziyatdan kelib chiqib, uchrashuv parallel o‘tishi yoki asosiy tarkib jamoalaridan bir kun keyinga rejalashtirilishi mumkin.

Nega "Bunyodkor" uchrashuvi qoldirilgandi-yu, bunisini kutyapmiz? Chunki "Bunyodkor" futbolchisida virus aniqlangani hamda klubning "Buxoro"ga qarshi o‘yini arafasida bizda vaqt yo‘q edi. Bugun bilgan bo‘lsak, ertaga jamoa yo‘lga chiqishi kerak edi. Biz Buxoro futbolchilarining sog‘lig‘ini o‘ylab, uchrashuvni bekor qildik.

"Surxon" — "Navbahor" o‘yinida nima sababdan "Navbahor" mezbon bo‘lib qoldi? Namangan klubi vodiydan yo‘lga chiqib, Termizga borishi kerak edi. Chilla vaqtida temir yo‘l yoki samolyotsiz bu naqadar azob ekanini bilasiz. Shuning uchun ham shartnoma taklifi "Navbahor"dan chiqqan bo‘lishi katta ehtimol. Bundan birinchi galda ular manfaatdor ekanidan kelib chiqib, yugur-yugurni o‘z bo‘ynilariga olishgan. Adolat yuzasidan ikkinchi uchrashuv ham Toshkentda o‘tishiga kelishib olishgan. Vaziyat og‘ir vaqtda ikki klub o‘zaro kelishsa-yu, PFL bunga qarshilik qilishi insofdanmi? Biz insofli bo‘ldik. Kimdir bizdan mantiq qidirayotgan bo‘lsa, ma’lumot uchun, biz barcha jamoaga markazlashgan chempionat taklifini berib, uni tashkillashtirishga tayyor ekanimizni bildirdik, 5 ta mezbon jamoani tashkiliy masalalarga yordam berishga ko‘ndirdik. Biroq viloyat jamoalari buni rad qilishdi va biz ularning fikrlarini hurmat qildik, kimnidir nimagadir majburlamadik.

Klublarni bazaga “qamash” yaxshi emasmi? Yaxshi albatta, boshida shunday boshladik. Ammo doimo shunday davom etishi qiyin. Birinchidan, futbolchilar ham odam, ularning ruhiy kechinmalari ham bor. Ikkinchidan butun bir jamoani muttasil bazada ushlab turish hazilakam mablag‘ talab qilmaydi. Uchinchidan bazaga “qamash” bilangina ular virusdan to‘la himoyalanmaydi. Farrosh bo‘ladimi, oshxona xodimi yoki yana kimdir virusni olib kirmasligiga kafolat yo‘q.

Holat qanaqa? Hozirgacha uch klub haqida aniq ma’lumotlarimiz bor. Virus yuqtirgan futbolchilar izolyatsiyaga olingan. Aniq tasavvur uchun esa imkoniyat kam. Masalan, "Bunyodkor" a’zolari haqida hali ham to‘liq ma’lumot olmaganmiz. "Navbahor" esa bir necha soat ichida barcha ma’lumotni taqdim etishga erishgandi.

Musobaqani to‘xtatish kerakmi? Virus chiqishi tabiiy holga aylangan. Germaniya yoki boshqa chempionatlar qayta tiklanganidan keyin ham virus aniqlangan holatlar bo‘ldi. Ular yangilangan reglament bo‘yicha ish ko‘rib, musobaqani davom ettirishdi. Biroq bizdagi vaziyat bilan Germaniyani solishtirib bo‘lmaydi. Muqobil raglamentni biz klublar rahbariyatiga taqdim etdik. Hali uni tasdiqlatish masalasi bor, bu oson emas. Tushunishimcha, tasdiqlaydigan kishilarning ham hozir futboldan ko‘ra muhimroq mingta muammosi bor.

Musobaqani to‘xtatish xalqaro natijalar, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va shunga o‘xshash masalalarga ta’sir o‘tkazadi. Hozir virus yuqtirib olish xavfi barchamizda bor, ya’ni, turnir to‘xtatilishi futbolchilarni virusdan himoyalanmaydi. Chunki ayrim futbolchilar oila a’zolaridan yuqtirishdi. Biz ehtiyot bo‘lishimiz, barcha narsani talab etilayotgani kabi bajarishimiz kerak. Hech narsa sog‘ligimiz kabi bebaho emas.

Biz ishchi-xodimlarning 60 foizini onlayn rejimda ishlashga o‘tkazganimizga 10 kundan oshdi. Tahminan 7-8 xodim bilan ikki katta musobaqani davom ettirishga harakat qilyapmiz. Ruxsat etilgan vaqtlarda ishga kelib-ketamiz, uyingda o‘tir deyilayotgan kunlarda uydan ishlaymiz. Muhimi, jamoalar safarlarga borib kelishida muammolar yuzaga kelmasligi uchun mehnat qilyapmiz, amallayapmiz.

Xullas, har kunimiz, hatto soatimiz yangilik. Biz barchangizga va oila-a’zolaringizga sog‘liq, xotirjamlik tilaymiz. Balo dunyoni tezroq tinch qo‘yishini so‘raymiz. Harakat va izlanishni davom ettiramiz", - deb yozadi Imomxo‘jaev o‘z telegram sahifasida.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!