
"Surxon" Namanganda doim boshi berk ko‘chaga kirib qoladi yoxud Babayan va uning jamoasi uchun o‘ta qulay raqib, sababi...
Xabaringiz bor, bugundan Superligada 15-tur o‘yinlariga start beriladi. Yana qiziqarli juftliklar kutayotganiga ishonch katta. Boisi, ikkinchi davra har bir jamoa uchun hal qiluvchi palla hisoblanadi. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, har bir qo‘lga kiritilgan va har bir yo‘qotilgan ochko klublar uchun qanchalik qadrli ekanligini o‘zlari nihoyatda yaxshi tushunib turishibdi.
Bu yilgi Superliga intrigaga boy o‘tyapti-a? Ayniqsa, chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar soni bir muncha ko‘payib qoldi. “Navbahor” klubi turnir jadvalini boshqarib turibdi. Anchadan beri bu jamoani 1-o‘rinda ko‘rmay qo‘ygandik. Lekin tan olish kerak, “Navbahor”ga ushbu joy yarashib turibdi. Faqat chempionat yakunigacha hozirgi barqarorligini saqlab qola oladimi? Shunisi asosiy savol. Lekin Samvel Babayan va uning jamoasi chempionlik uchun jiddiy harakat qilayotgani hech kimga sir emas. Moliyaviy jihatdan ham barqarorlik sezilyapti. Har tomonlama rivojlanib borayotgan klub o‘zining harakatiga yarasha hozirda karvonboshilikni o‘zida saqlab turibdi. O‘tgan turda Qarshida “Nasaf”dek raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan haqli tarzda g‘alaba qozonib qaytgan “Navbahor” qanchalik kuchli ekanligini o‘sha uchrashuvda yana bir bor ko‘rsata oldi. Bu jamoa o‘zi o‘ynayotgan bahslarda favorit maqomini o‘zida saqlab qolmoqda va shunga yarasha natija ham amalda o‘z isbotini topyapti.
Bu turda namanganliklar o‘z maydonida Termizning “Surxon” jamoasini qabul qiladi. Yaxshi o‘yin bo‘lishi shubhasiz. Lekin mazkur juftlikda mezbonlar yaqqol favorit ekanini hamma bilib turibdi. Bunga yana bir misol sifatida o‘zaro o‘yinlardagi natijalarni ham keltirish mumkin. Statistika bo‘yicha bungacha 31 marta o‘yin o‘tkazilgan. “Navbahor” katta tafovut bilan oldinda boryapti. Boisi, namanganliklar 21 ta uchrashuvda “Surxon” ustidan g‘olib chiqqan. 4 ta bellashuvda kuchlar teng kelib qolgan bo‘lsa, termizliklar kuchli raqibini 6 bor engishga muvaffaq bo‘lgan. To‘plar nisbati bo‘yicha ham tabiiyki, “Navbahor”da katta ustunlik bor. 79 ta gol urilgan va 23 bor to‘p o‘tkazib yuborilgan.
“Surxon” uchun “Navbahor” go‘yoki engilmas raqibdek bo‘lib qolgan. To‘g‘ri, o‘tgan yilgi mavsumda “Surxon” mezbon sifatida namanganliklarni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Ahamiyatlisi, “Surxon” yutgan barcha o‘yinlarni faqat mezbon sifatida o‘tkazgan uchrashuvlarda qo‘lga kiritgan. Namangandagi o‘yinlarda esa “Surxon” doim boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Sababi shundaki, Termiz jamoasi Namangan maydonida umuman g‘alaba qozona olmagan. Chempionat boshlanganidan buyon “Surxon” “Navbahor” maydonida 15 marta o‘ynagan va barchasida mag‘lubiyatga uchragan. Bu nimadan dalolat? Namanganliklar mezbonligi ostidagi o‘yinlarda “Surxon”ga hech qanday imkoniyat qoldirilmayapti. Yana bir qiziq tomoni, “Navbahor” o‘z uyidagi o‘yinlarning 8 tasida raqibini faqat yirik hisoblarda mag‘lubiyatga uchratgan. Eng yirik hisob 1997 yilgi chempionatda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda 9:0 hisobida “Surxon” tor-mor keltirilgan. Yana 7:0, 7:1, 6:0, 5:0 kabi natijalar ham qayd etilgan. Biz hali “Surxon” maydonida “Navbahor”ning yirik hisobdagi natijalarni tilga olganimiz yo‘q.
Yana bir qiziq holat: yuqorida “Surxon” klubi “Navbahor”ni 6 marotaba mag‘lubiyatga uchratgani haqida to‘xtaldik. Shundan 5 tasida faqat 1:0 hisobidagi minimal natijalar kuzatilgan. 1998 yilgi mavsumdagina termizliklar 3:1 hisobi bilan “Navbahor” ustidan zafar quchgan.
Xulosa shundayki, “Surxon” uchun “Navbahor” juda noqulay jamoaga aylangan. Bunga yuqorida keltirilgan faktlar bemalol asos bo‘la oladi. Namanganliklar uchun “Surxon”dek raqib bo‘lsa, degan hayol ham o‘tishi mumkin. Lekin hozirda Termiz jamoasi ham oldingi yillarga qaraganda kuchaygan. Bunda ispaniyalik mutaxassis Anxel Lopesning hissasi katta bo‘lyapti. Faqat ularga barqarorlikni ushlab qolish qiyin kechyapti.
Bilasiz, 14-turda “Surxon” “Olimpik” bilan kuch sinashib, kutilmaganda o‘z darvozasidan javobsiz beshta gol o‘tkazib yubordi. Bunga albatta “Surxon”dan ikki nafar futbolchining maydondan chetlatilgani ham sabab bo‘ldi. Shu sababli o‘sha mag‘lubiyatdan termizliklar jiddiy xulosa chiqarishgan bo‘lsa ajab emas. Shunga yarasha “Navbahor”ga qarshi alohida tayyorlanayotgani bor gap. Lekin o‘sha gap: “Navbahor” baribir bu juftlikda favorit. Chempionlik ishqida “yonayotgan” Babayan jamoasi o‘z maydonida qanday qilib bo‘lmasin “Surxon”ni engish payida bo‘lishi tabiiy. Shu sababli barcha omillar shu kuni mehmonlarga qiyin bo‘lishini ko‘rsatib turibdi. Lekin bu bilan Anxel Lopes jamoasi ojiz deyish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Mehmonlar ham mezbonlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatish harakatida bo‘ladi. Baribir yuqoridagi faktorga tayanadigan bo‘lsak, “Navbahor” o‘z maydonida “Surxon”ni mag‘lub etish an’anasini yana davom ettirishiga ko‘pchilik ishonmoqda. Bu jihatdan olib qarganda termizliklar uchun “Navbahor” har jihatdan noqulay raqibga aylangan.
Fikrlar