
"Surxon"da 10 nafar ispaniyalik bor, menda esa 2 ta yordamchi" - Luisma Ernandes Anxel Lopesga qanday syurpriz tayyorlaganini aytdi
“Metallurg” klubi “Surxon”ga qarshi uchrashuvda 2:1 hisobida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Ahamiyatlisi, bu ikki ispaniyalik murabbiylar o‘rtasidagi to‘qnashuv edi. Birida Luisma Ernandes, yana birida Anxel Lopes ishlayotganini yaxshi bilasiz.
Ushbu to‘qnashuvda Ernandesning qo‘li baland keldi va “Metallurg” o‘z hisobiga uch ochkoni yozib qo‘ydi. O‘yindan keyin bekobodliklar ustozi Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- O‘yin har tomonlama sizga yoqdimi? Nima deysiz?
- Umuman olganda, bu biz uchun qiyin va muhim o‘yinlardan bittasi bo‘ldi, deb aytsam noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Raqib jamoani bilamiz. Ularga bugungi uchrashuvda g‘alaba suv va havodek zarur bo‘lgani uchun faqat g‘alabaga o‘ynashini bilgandik. Bu safar tarkibni odatdagidan ko‘ra boshqacharoq tarzda tuzishga qaror qildik. Ya’ni, uchta hujumchi taktikasini qo‘llab, shu orqali raqibga qaysidir ma’noda syurpriz qilib o‘ynashga qaror qildik. Har doimgidek himoyaga katta urg‘u bergan holatda hujumda ham maksimal imkoniyatlardan foydalanishni oldimizga maqsad qilib qo‘ygandik. O‘ylashimcha, o‘yin juda yaxshi o‘tdi. Bellashuv natijasini 3:0 ko‘rinishida ertaroq hal qilib qo‘yishimiz ham mumkin edi. Lekin ayrim holatlarda bizga aniqlik etishmadi. Oxirgi daqiqalarda raqib ham hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.
- Yuqorida “Surxon”ga qarshi uchta hujumchi bilan o‘ynaganingiz haqida aytdingiz. Bu tavakkalchilik emasmidi?
- Uchta hujumchi bilan o‘ynashimizga kelsak, har bir o‘yinni o‘z uslubi bo‘lganidek, biz ham o‘yindan oldin murabbiylar shtabi bilan raqib jamoani o‘rganib chiqamiz. Shundan kelib chiqqan holatda kerakli taktikani tanlaymiz. Uchta hujumchi bilan to‘p surishimizga yana bir sabab, jarohat olgan futbolchilarimiz evaziga ham bu bizni yanada hujumkor o‘yin ko‘rsatishimizga majbur qildi.
- O‘yin oxirida “Surxon” gol urganida qattiq xavotirga tushdingizmi?
- To‘g‘ri, “Surxon” oxirida hisobni tenglashtirishga va yana bitta gol urishga qattiq harakat qildi. Yuqori pressing qo‘llagan holda o‘ynadi. Gol bo‘lgan vaziyatda futbolchimiz Farruh Ibragimov maydonga yiqilib tushgandi. O‘sha holatda baribir himoyada bitta o‘yinchimizning yo‘qligi sezildi. Bu futbol va unda har qanday vaziyat bo‘ladi. Shunday bo‘lgan taqdirda ham sovuqqonlikni yo‘qotmagan holatda harakat qilishimiz kerak.
- E’tiborlisi, bu o‘yin ispan derbisi maqomida o‘tdi. Negaki, “Surxon”da ham ispaniyalik mutaxassis bosh murabbiy. Shuning evaziga ko‘pchilik tomonidan ispancha derbi ko‘ramiz, deganlar ko‘p bo‘ldi. Bu holatga e’tibor qaratganmidingiz?
- Bu biz uchun juda maxsus o‘yin edi. Chunki “Surxon” jamoasini bilamiz. Ularda umumiy hisobda 10 ta ispaniyalik bo‘lib, 4 ta futbolchisi va 6 nafar murabbiylar ishlashadi. Men esa hozirgi paytda ikkitagina hamyurtim bilan “Metallurg” jamoasida ishlab kelyapmiz. O‘yindan oldin bu narsaga ham katta e’tibor va urg‘u berilgandi. Biz bor kuchimizni sarflab, iloji boricha g‘alaba qozonishni oldimizga maqsad qilib qo‘ygandik. Umumiy hisobda ikkita g‘alaba va bitta durangdan keyin bugungi o‘yindan va natijadan xursandman. Futbolchilarimizning harakatlaridan ham mamnunman.
- Birinchi davradagi uchrashuvda durang qayd etilgan. Bu safar “Surxon” mag‘lub etildi. Nima deb o‘ylaysiz, “Surxon”dagi hamkasbingiz Anxel Lopesdan kuchli ekanimni isbotladim, degan fikr xayolingizga kelyaptimi?
- O‘zimni hamkasbimdan ustunman deb bilmayman. Chunki mehnatni faqatgina bosh murabbiy yoki murabbiylar shtabi bajarmaydi. Bu yoqda butun bir jamoa ishlashi kerak bo‘ladi. Lekin ushbu uchrashuvdan ikki barobar xursandman. Negaki, oldimizga qo‘yilgan maqsadga ko‘ra, yosh futbolchilar bilan to‘p surish edi va ular o‘zlarini juda yaxshi tomonlama ko‘rsatishyapti. Ikkinchi tomondan yana bir xursand bo‘lganim shuki, o‘yin boshida jamoamiz ikkita og‘ir jarohat olgan yigitlarga bugungi o‘yinni bag‘ishlashgandi. Bu ham meni quvontirdi.
- Oldinda “Metallurg”ni “eski” raqibi kutyapti. Ya’ni, AGMKga qarshi maydonga tushasizlar. Yaqinda ushbu jamoa maydonida g‘alaba qozongandinglar. Yana tanish jamoaga qarshi to‘p surish noqulay tug‘dirmaydimi? Kubok uchun rejangiz qanday?
- Albatta, AGMK jamoasini juda yaxshi bilamiz. Chempionat doirasida ikkita o‘yin o‘tkazdik va ikkalasida ham 1:0 hisobida g‘alaba qozondik. Bu bizga o‘yin oldidan ustunlik beradi, desam adashmagan bo‘laman. Hozir “Surxon” ustidan qozonilgan g‘alabadan ruhlangan holda dam olamiz. Ertadan tiklanish ishlarini amalga oshirgan holatda AGMKga qarshi o‘yinga tayyorlanamiz. Iloji boricha Kubokda ham AGKMni yana yutishga va muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.
Fikrlar