
Tachmurod Agamurodov: Hakam noto‘g‘ri qaror chiqardi
Coca Cola Superliga 9-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Qizilqum” (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida “Qizilqum” jamoasi bosh murabbiyi Tachmurod Agamurodov ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
- Jamoamizning namoyish etgan o‘yinidan qoniqdim. Shogirdlarim maydonda qo‘llaridan kelganicha kurashishdi.
“Navbahor” chempionatimizning etakchi jamoalaridan biri sanaladi. Namanganliklar sovrinli o‘rinlar va Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishmoqda. Biz esa hozircha jon saqlab qolish yo‘lida kurash olib boryapmiz. Oldimizga qo‘yilgan vazifa yo‘lida harakat qilamiz. Bugun birgina penalti barchasini hal qildi.
Chempionatni markazlashgan holatda o‘tkazishmi? Shunday qarorga kelishgan ekanmi, demak, barchasi bizni va futbolchilarning sog‘ligini o‘ylab qilinmoqda. Futbol rahbarlari, mutasaddilar insonlarni xavfsizliklarini o‘ylagan holda, shunday qaror chiqarishmoqda, deb o‘ylayman. Haqiqatdan ham shunday yo‘l tutilsa, buni to‘g‘ri deb bilaman. Chempionatni qanday davom ettirish haqidagi qarorni biz chiqarmaymiz. Buni rahbarlar hal qiladi. Bizga farqi yo‘q. Masalan, bugun ham uzoq masofa bosib, Namanganga keldik.
Ha, jamoani og‘ir ahvolda qabul qilib oldim. Boz ustiga taqvim ham biz uchun biroz noqulay edi. Restartdan so‘ng yuqori o‘rinlardagi jamoalar bilan o‘ynadik. “Paxtakor”, AGMK va hokazo. Lekin jamoa harakat qilmoqda. Og‘ir vaziyatdan chiqib olish uchun intilmoqda. Agar biz shunday bor kuchimiz bilan intilishda davom etsak, tushkun holatdan chiqib keta olamiz. Transferlar “oynasi” vaqtida jamoamizni kuchaytirish uchun yangi futbolchilarni taklif qilamiz. Yaxshi futbolchilarsiz ideal murabbiy ham natija qila olmaydi.
“Navbahor”ning o‘yini haqida biror bir fikr bildirishim uchun men shu jamoani ichida bo‘lishim kerak. Mezbonlarning bugungi o‘yini esa menda unchalik yaxshi taassurot qoldirmadi.
Shogirdlarim raqibga munosib qarshilik ko‘rsata olishdi. Ammo hakam penalti belgilashda noto‘g‘ri qaror chiqardi, deb o‘ylayman. Ikki futbolchi boshi bilan bir-biriga to‘qnashib ketsa, kim qoidani buzganligidan qat’iy nazar, hakam darhol o‘yinni to‘xtatish shart. Axir, bu erda futbolchining sog‘ligi borasida gap ketyapti.
Xavfli vaziyatmi, boshqami, u qoidaga ko‘ra, uchrashuvni to‘xtatishi shart edi. Biroq negadir hakam bunday yo‘l tutmadi.
Albatta, hakamlarning ishlarini nazorat qiladigan qo‘mita bor. “Navbahor”ga keyingi bahslarda omad yor bo‘lishi va OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishini tilab qolaman.
O‘zbek futbolida 20 yildan ziyod vaqt davomida faoliyat olib boryapman hamda “Navbahor”ning ko‘plab sadoqatli muxlislarga ega ekanligini yaxshi bilaman.
Bunday muxlislarga esa ushbu ajoyib stadionda OChL bahslarini tomosha qilish yarashadi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar