"Taklifni qabul qilish haqida ko‘p o‘ylab o‘tirmadim" - Ilk bor maydonga tushgan "Buxoro"ning gruziyalik legioneri bilan suhbat

  • 23.03.2026 09:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

"Buxoro" jamoasining tajribali hujumchisi, Gruziya milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi Nika Kacharava ilk bor klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Nika, avvalambor jarohatdan tuzalib maydonga qaytganingizdan xursandmiz. Superliga 4-turida jamoa safida debut qildingiz, yangi mamlakat va chempionatga moslashish jarayonlari qanday kechmoqda?

- Jarohatdan forig‘ bo‘lib yana yashil maydonga qaytganimdan men ham xursandman, keyingi uchrashuvlarda ham maydonga tushib, jamoam uchun yordam berishni intiqilik bilan kutyapman. Moslashish jarayonlari barchasi a’lo darajada ketmoqda.

- “Buxoro” jamoasiga qo‘shilish varianti sizda qanday paydo bo‘ldi? O‘zbek futboli va mamlakatimiz haqida sizda qanday ma’lumotlar bor edi?

- Barchasi juda tez sodir bo‘ldi, yil boshida “Buxoro” jamoasidan taklif oldim. Taklifni qabul qilish haqida ko‘p o‘ylab o‘tirmadim, boisi O‘zbekiston chempionatida to‘p surgan do‘stlarim orqali juda ko‘p ijobiy fikrlarni eshitgan edim. Shu tufayli qaror qabul qilish qiyin kechmadi.

- Faoliyatingiz davomida yaxshi saviyadagi chempionatlarga to‘p surgansiz, O‘zbekiston Superligasi darajasi haqida qanday fikrdasiz? Siz o‘ynagan chempionatlar bilan solishtirganda qanday farqlar mavjud? 

- Superligada hozircha faqat bitta uchrashuv o‘tkazdim, taqqoslash uchun hali erta deb o‘ylayman. Ammo hozirgacha ko‘rganlarim shundan iboratki, futbolchilar jismoniy jihatdan kuchli ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchiman.

- “Buxoro” chempionatni muvaffaqiyatli tarzda boshladi, jamoaning dastlabki o‘yinlardagi o‘yini haqida qanday fikrdasiz?

- Darhaqiqat chempionatda yaxshi start oldik, ortda qolgan o‘yinlar davomida yigitlar juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. O‘yindan-o‘yinga o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortib bormoqda. Biz keyingi o‘yinlarda ham shu ruhda davom etishimiz kerak.

- Bilamizki, otangiz Kacharava  o‘z vaqtida Gruziyda mashhur futbolchi bo‘lgan, futbolga kirib kelishingizga otangiz ham sabab bo‘lganmi?  

- Albatta, men futbol o‘ynashni boshlashimga eng katta sabab otam edi. Yoshligimda uning o‘yinlarini ko‘rib katta bo‘lganman va har doim unga o‘xshashni xohlar edim.

- Muxlislarning sizdan bu yilgi mavsumdan umidlari katta. Ishonamizki, mavsum davomida o‘z gollaringiz bilan buxorolik muxlislarni xursand qilasiz.

- Meni ham bu yilgi mavsumdan umidlarim katta. Muxlislar ishonchini his qilib turibman. Buxoro” jamoasining g‘alabalariga o‘z gollarim bilan yordam berishga tayyorman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!