Taqdir hazili yoxud Viktor Kumikovning "Andijon"ni tanlashiga Sports.uz muxbiri ta’sir o‘tkazgani haqida

  • 31 may, 2020, 14:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda xabar berganimizdek, rossiyalik tajribali mutaxassis Viktor Kumikov “Andijon” klubini boshqarishga rozi bo‘ldi. Uning bunday tanlovidan esa hayron qolganlar ham yoki vaziyatga odatiy hol sifatida qaraganlar ham bo‘ldi.

Oxirgi mavsumlarda barqaror o‘yin ko‘rsatishi qiyin kechayotgan jamoaning bosh murabbiy tanlashda omadi chopdi, deyayotganlar ham topiladi. Balki, endi klub Kumikov boshchiligida raqobatbardosh jamoaga aylanar, albatta buni vaqt ko‘rsatadi.

Yaqinda saytimiz orqali Viktor Balyutovichning bosh murabbiy etib tayinlanishi yuzasidan “Andijon” klubi vitse-prezidentining munosabati bildirilgandi. Ammo rasman ishga kirishgan bosh murabbiy voqealar rivoji qay darajada kechgani borasida hali jiddiy bir gap aytmagandi. Yangi klubiga ega bo‘lgani bois Kumikovga beradigan savollarimiz ko‘p edi. Shu sababli Viktor Balyutovich Sports.uz sayti uchun “Andijon”  bilan bog‘liq dastlabki katta intervyu berdi. 

-  Salom Viktor Balyutovich! Sizni “Andijon” klubining bosh murabbiyi etib tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Shunisi diqqatga sazovorki, bunday tayinlanuv tug‘ilgan kuningizda yuz berdi. Ayting-chi, bu ham taqdirning o‘ziga xos tuhfasi, deb o‘ylaysizmi?

-  Tabrik uchun rahmat. Ammo dabdurustdan bir narsa deyish amrimahol. Hammasi mavsum oxiriga borganda ko‘rinadi va natijaga binoan sarhisob qilib olish mumkin.

-  Klubga tayinlanganingizdan so‘ng ishni nimadan boshladingiz?

-  Hozircha maxsus dastur asosida ishlayapmiz xolos. Axir karantin shuni taqozo etadi. Hozircha nolishga hojat yo‘q. Hammasi joyida. Asosiysi, ishni boshlab oldik.

kumikov7

-  “Andijon” taklifini qabul qilishingizda sizga nima yoki kimdir o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatdimi?

-  Bilasizmi, O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng, karantin boshlanib qolgani tufayli shu erda qolib ketdim. Aftidan, bu ham taqdirning qandaydir tuhfasi bo‘lsa kerak. Qolaversa, bunga qadar andijonlik jurnalistga bergan intervyuda bildirgan fikrlarim amalda ham o‘z tasdig‘ini topgan ko‘rinadi.

-  Siz bilan o‘sha suhbatni uyushtirgan jurnalist o‘zim edim...

-  Sizning o‘sha maqolangiz tufayli hammasi shunday tus olganidan xursandman. Bundan barcha andijonlik ishqibozlar ham xabardor. Baribir ham vaziyat taqozosi bilan ortimga qayta olmasdim. Boz ustiga qarshimda tanlash imkoniyati unchalik ko‘p emasdi. Umid qilamanki, taqdir tuhfasi tufayli “Andijon” klubidagi ishlarimiz omadli kechadi.

-  Karantin tufayli Yangierda qolib ketdingiz. Agar vaziyat bunday tus olmagan taqdirda Rossiyaga qaytib ketishingiz tayin edi. Buni ham taqdirning o‘ziga xos sovg‘asi sifatida qabul qildingizmi? Balki O‘zbekistonga ishlash maqsadida tashrif buyurganmidingiz?..

-  Savolingizning dastlabki bandlarida jon bor. Karantin tufayli ortga qayta olmasligim aniq bo‘lib qolgandi. Karantinda hammasi insonning istak-xohishlariga nisbatan holat yuz beravermaydi. Chunki kishi borki, erkinlikni istaydi. Ammo bunday cheklovlarning ham o‘ziga yarasha foydali tomonlari borki, buni istisno qilib bo‘lmaydi. Darhaqiqat, mana shunday holat sabab faoliyatimni bundan keyin ham O‘zbekistonda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lib turibman.

kumikov_2

-  Aftidan, “Andijon” klubi haqida ma’lumotlar yig‘ishni boshlab yuborgan bo‘lsangiz kerak?..

-  Gapingiz rost, hozircha faqat asosan ma’lumotlar to‘plash bilan ko‘proq band bo‘lyapmiz. Ayni chog‘da menda aniq bir reja yo‘q. Negaki, klubga bosh murabbiy etib tayinlanganimdan beri faqat izlanish va o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lishimga to‘g‘ri kelmoqda. Vaziyat shuni taqozo etmoqda. Karantin nihoyasiga etsin, o‘shanda sizga bu masalada istalgan savolingizga javob qaytara oladigan darajada ma’lumotlarga ega bo‘laman, deb o‘ylayman.

-  Demak, hozircha faqat tanishuv jarayoni ketyapti ekanda...

-  Ha, shunday.

-  Rahbariyat bilan jamoani boshqarish masalasidagi muzokaralar qanday kechdi? Aftidan, mutasaddilar “Andijon” oldiga muayyan bir vazifalarni qo‘ygan bo‘lsalar kerak?

-  Rahbariyat jamoaning 7-o‘rindan pastga tushib ketmagan holda mavsumni nihoyasiga etkazish borasida vazifalarni qo‘ydi. Men buni amalga oshirish mumkin bo‘lgan vazifa, deb hisoblayman.

kumikov4_1

-  Demak, bunga o‘zingiz ham hozirdan ishona boshlabsiz-da...

-  Ha, bunga “Andijon” ijrosidagi bir qancha videoyozuvlarni tomosha qilish asnosida keldim. Jamoa jangovor xarakterga ega ekanligini namoyish etmoqda. Shunday ekan, chempionatni 7-o‘rindan past bo‘lmagan pog‘onada yakunlashning iloji bor, deb o‘ylayman. Keyinchalik nasib qilsa, bundan ham yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashga kirishamiz. Klubning istiqboli borligiga ishonaman.

-  Agar sir bo‘lmasa, “Andijon” ijrosidagi aynan qaysi o‘yin sizga ko‘proq manzur bo‘ldi?

-  Menga Qarshidagi uchrashuvdan ham ko‘ra “Andijon”ning “Navbahor”ga qarshi o‘tkazgan o‘yini ko‘proq ma’qul bo‘ldi.

-  O‘sha uchrashuvlardan “Andijon”ning kuchli va kuchsiz tomonlari haqida dastlabki xulosalarni chiqarishga ulgurgan bo‘lsangiz kerak?

-  Kechirasizu, hozirdan bu haqidagi savolingizga tayinli javob ayta olmayman. Qolaversa, har bir va har qanday kuchli klubning ham o‘ziga yarasha ojiz hamda ustunlik tomonlari bo‘ladi. Asosiysi, “Andijon”da ish boshlashga kirishar ekanman, o‘yinning qaysi jabhalarini kuchaytirish borasida dastlabki xulosalarga egaman.

kumikov6

-  Jamoani boshqarishda murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beradi?

-  Menga bu masalada Diyor Mirzaboev, shuningdek, “Shaxtyor” va AGMKda ko‘maklashgan mutaxassilar – o‘z vaqtida o‘yinchi sifatida Rossiya chempioni bo‘lgan Oleg Kornienko bilan Roman Uzdenov yordam berishadi. Uzdenov futbolchilik davrida Rossiya va Qozog‘iston klublarida to‘p surgan. U menga assistent sifatida yordamlashadi.

-  Yordamchilaringiz sizga yangi ish joyingizda ko‘maklashishni boshlab yuborishdimi?

-  Yo‘q, chunki karantin tufayli ular bu erga uchib kela olmadilar. Karantin nihoyasiga etganidan so‘ng shtabimdagi yordamchilar bilan birgalikda ishga kirishamiz. Hozircha esa men asosan Diyor bilan birga ish olib boryapman.

-  Darvozabonlar murabbiyi sifatida Qobil Olimjonov ishlashda davom etaveradimi?

-  Bu borada aniq javobni ayta olmayman. Buning uchun rahbariyat bilan hammasini kelishib, muhokama qilib olishim kerak bo‘ladi. Agar hammasi yaxshi ketsa, u o‘z vazifasini bajarishda davom etaveradi.

kumikov5_1

-  Tabiiyki, “Andijon” bilan birinchi davraning oxiriga qadar Aleksandr Xomyakov tomonidan tuzilgan tarkibdan foydalangan holda ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Albatta, har bir murabbiy o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda tarkibga futbolchilarni jalb etishni xohlaydi. Bu bilan nimaga ishora qilmoqchi ekanligimni o‘zingiz ham tushunib turgan bo‘lsangiz kerak?

-  Buning hech qanday qo‘rqinchli joyi yo‘q. Qolaversa, tajribamda bunday vaziyatlar oldin ham etarlicha kuzatilgan. Chunki murabbiylik ishimda u yoki bu jamoani mavsum o‘rtasida yo oxirida qabul qilishimga va oldingi hamkasbim tanlagan futbolchilar bilan ishni yakuniga etkazishimga to‘g‘ri kelgan holatlar uchragan. Shunday ekan, bundan xavotirga tushmayman. “Andijon”dagi vaziyat oldingilariga nisbatan taqqoslansa, bir muncha yaxshi. Chunki chempionat boshlanib, atigi uchta tur uchrashuvlari o‘tkazilgan xolos. Agar barchamiz eng shimarib ishga kirishadigan bo‘lsak, natijalar ham munosib ko‘rinish olishi tayin. Boz ustiga “Andijon” ishtirokidagi uchrashuvlarning videoyozuvini tomosha qilish asnosida tarkibdagi o‘yinchilarning haqiqiy mehnetsevar yigitlar ekanligiga amin bo‘ldim.

-  “Nasaf”, “Mash’al” va AGMKdan so‘ng “Andijon” siz uchun O‘zbekistonda boshqargan to‘rtinchi jamoa bo‘ladi. Andijonlik muxlislar sizni tajribali murabbiy sifatida biladilar. Bu borada o‘zingiz qanday fikr bildirgan bo‘lardingiz?

-  Nima ham deyishim mumkin, agar hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlar ekanmiz, natijalar yaxshi ko‘rinish hosil qiladi va bundan jamoa ishqibozlari xursand bo‘ladilar. Shundan umid qilgan holda ishga kirishmoqchimiz. Bilsangiz kerak, o‘z vaqtida “Mash’al” va “Nasaf”ning muxlislari biz olib borgan ishlardan ko‘ngillari to‘lgandi. Mana shunday holatning “Andijon”da ham davom etishidan umid qilib qolamiz. Muhimi, andijonliklar futbolni sevishadi. Muxlislarning daldasi bilan jamoa yaxshi natijalarni qayd eta oladi, deb o‘ylayman.

-  Andijon viloyatining hokimi uchun jamoa o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Bunday holat sizni ehtiyotkorlik bilan ishlashga majbur etishi mumkinmi?..

-  Buni bilmayman. Chunki hokim bilan hali yuzma-yuz uchrashib, gaplashganimcha yo‘q. Andijonga etib kelganimdan keyingina bu borada hammasini bafurja, bamaslahat gaplashib olishimiz mumkin bo‘ladi.

kumikov2_2

-  “Andijon” klubi tarkibidagi o‘yinchilardan qaysilarini yaqindan bilasiz?

-  Men hammasidan ko‘ra Qahramon Bahodirovni yaxshiroq bilaman xolos. Chunki u “Mash’al”da ham, AGMKda ham qo‘l ostimda to‘p surgan. Qolgan yigitlarni esa unchalik bilmayman. Ular bilan endi-endi tanishishni boshladim xolos.

-  Andijonga qachon kelasiz?

-  O‘yinlarni o‘tkazishga ruxsat berilgan zahoti Andijonga uchib boramiz. Aytishlariga qaraganda, bazada ta’mirlash ishlari ketayotgan ekan. O‘yinlarni boshlashga ruxsat berilguncha bunday ishlar nihoyasiga etadi deb o‘ylayman. Bo‘lmasa, uchrashuvlarga Yangierda hozirlik ko‘rib turishimizga to‘g‘ri kelib qolishi ehtimoldan holi emas.

-  Andijon futboli haqida sizda qandaydir o‘ziga xos tasavvur mavjudmi?

-  Bilasizmi, ilgari “Mash’al”, “Nasaf”ni boshqarib yurgan kezlarimda “Andijon” bilan bir necha bor uchrashishimga to‘g‘ri kelgan. Albatta, klub tarkibi yulduz o‘yinchilardan tashkil etilmagandi. Lekin “Andijon” chempionatning o‘rtamiyonalaridan biri sanalsa-da, o‘zidan yomon taassurot qoldirmagan. Biroq oxirgi paytlarda “Andijon”ning qanday holatda bo‘lgani haqida u qadar bilmasdim. Chunki so‘nggi marta O‘zbekistonda ishlagan chog‘imda “Andijon” Superligada emasdi. Biroq shunisi aniqki, “Andijon” osonlikcha taslim bo‘ladigan jamoalar sirasiga kirmaydi.

kumikov8

-  Bunga qadar sobiq klublaringiz bilan “Andijon”ga qarshi bir necha bor o‘yin o‘tkazgansiz. O‘sha uchrashuvlardan qaysi biri xotirangizda ko‘proq saqlanib qolgan?

-  Aftidan, bu 2009 yildagi o‘yinlar bo‘lsa kerak. Chunki o‘shanda “Andijon” o‘zidan yaxshi taassurot qoldiradigan darajada o‘yinlar namoyish etgan. Tarkibda Qayrat O‘taboev, Jasur Narziqulov, Dilyaver Vaniev, Viktor Klishin, Fevzi Davletov singari ijrochilar bor edi. O‘sha mavsumdagi ikkala uchrashuvda “Andijon” menda juda yaxshi taassurot qoldirgandi.

-  Superliganing qachondan davom ettirilishi ham deyarli oydinlashib qolmoqda...

-  Chempionat o‘yinlarini iyun oyining ikkinchi haftasidan boshlash yaxshiroq bo‘lardi, chamamda. Chunki karantin cheklovlari qachon olib tashlanishi hozircha aniq emas. Nima bo‘lgan taqdirda ham uchrashuvlar davom ettirilishi 15-20 iyundan oldin yuz bermasligi aniqqa o‘xshab turibdi.

-  Uchrashuvlarning tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi ehtimoli ko‘proqqa o‘xshaydi. Bu masalada nima degan bo‘lardingiz?

-  Bu masalani albatta mutasaddilar hal qilishadi. Agar o‘yinlarni ularning ishtiroki bilan davom ettirish uchun muayyan choralar ko‘rilsa uchrashuvlarni tomoshabinlar ko‘z o‘ngida o‘tkazishning gashti baribir boshqacha bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!