
Tartib-intizom qo‘mitasi qarori e’lon qilindi. Namanganga muxlislar kiritilmasligi mumkin!
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi turlar doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar ko‘rib chiqildi.
Coca-Cola Superligasi.
“Surxon” — “Buxoro”.
O‘zbekiston Superligasining 4-turi doirasidagi “Surxon” — “Buxoro” uchrashuvining 73-daqiqasida “Buxoro” klubi futbolchisi Ro‘zimboy Axmedov raqib o‘yinchisining yuz qismiga qo‘li bilan zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan. Shuningdek, uchrashuvning 77-daqiqasida “Surxon” futbolchisi Tamirlan Djamalutdinov to‘psiz vaziyatda bosh qismi bilan raqib o‘yinchisiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Ro‘zimboy Axmedovga (“Buxoro”) nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi, Tamirlan Djamalutdinovga (“Surxon”) nisbatan esa 2 ta o‘yinga chetlashtirish intizom chorasi qo‘llanildi.
“Olimpik” — “Andijon”.
Superliganing 4-turidan o‘rin olgan “Olimpik” — “Andijon” uchrashuvining 90+4-daqiqasida “Andijon” futbol klubi futbolchisi Nodari Kavtaradze oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisi oyog‘ining himoyalanmagan qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Nodari Kavtaradzega (“Andijon”) nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
“Navbahor” — “So‘g‘diyona”.
Superliganing 4-turi doirasidagi “Navbahor lochinlari” — “So‘g‘diyona” uchrashuvining 71-daqiqasida mezbon jamoa muxlislari tomonidan maydon va futbolchilarga qarata turli buyumlar uloqtirilgan.
Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Navbahor lochinlari” klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, klub muxlislari tomonidan kelgusida maydonga turli buyumlarni uloqtirish holatlari takrorlansa, klubga nisbatan uy uchrashuvlarini muxlislarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
“Paxtakor” — “Qizilqum”.
O‘zbekiston Superligasining 5-turi doirasidagi “Paxtakor” — “Qizilqum” uchrashuvining 66-daqiqasida “Qizilqum” klubi futbolchisi Oybek Nurmatov oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisini oyog‘iga qo‘pol tarzda zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Oybek Nurmatovga (“Qizilqum”) nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Fikrlar