
Tedesko O‘runovning boshqa futbolchilarda yo‘q xislatini aytdi. “Spartak” nima qilmoqchi?
Qishki transferlar davrida har bir jamoadan o‘zgarish va yangiliklar kutiladi. Joriy mavsumda Rossi premer-ligasida chempionlik va Evropa chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan “Spartak”, birinchi navbatda, o‘z tarkibini tartibga solib olishi kerak. Bu jarayonda turli o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy hol.
Legionerlar “Spartak”da doim muhim o‘rin tutgan. Hozir ham jamoada umumiy hisobda to‘qqiz nafar legioner bor. Domeniko Tedesko ularning biridan voz kechishi kerak. Chunki Rossiya premer-ligasi reglamentiga ko‘ra, bir klub ko‘pi bilan sakkiz nafar xorijlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.
Aynan mana shu limit tufayli ko‘pchilik jamoa asosiy tarkibiga kira olmayotgan o‘zbekistonlik legioner Oston O‘runovning ketishini kutmoqda. Qizig‘i shundaki, “Spartak” rahbariyati hamyurtimiz transferini “Rubin”ga sotmadi, “Ufa” ijaraga so‘raganida bermadi. Moskvaliklarning bu xatti-harakati O‘runov ularga kerakday taassurot uyg‘otmoqda.
Bundan tashqari, “Spartak”ning ayrim legionerlariga xorijdan takliflar bor. Balki klub xo‘jayinlari voqealar rivojini kutayotgandir. Ya’ni, qaysidir legioner xorij klubiga maqbul narxga transfer qilinsa, ketishi kutilayotgan Ostonga joy ochilishi mumkin. Oxirgi variant sifatida qaysidir legionerni “Spartak-2” jamoasiga o‘tkazib, Milliy futbol ligasida o‘ynatish imkoniyati qolmoqda.
Yana bir muhim jihati, jamoa bosh murabbiyi Domeniko Tedesko Oston O‘runovning boshqa futbolchilarda uchramaydigan xislatlari ko‘p ekanini ta’kidlamoqda. Yaqinda jurnalistlar undan “Hamma O‘runovning transferini tanqid qilyapti. Oston “Spartak”ni kuchaytirishiga ishonasizmi?”, deb so‘rashdi.
Javrb quyidagicha bo‘ldi.
- Asosiy tarkibga kirish qiyin masala. Maydon markazida o‘ynaydigan futbolchilarimiz o‘rtasida raqobat juda kuchli. Aleks Kral, Nail Umyarov, Roman Zobnin, Zelimxan Bakaev, Viktor Mozes, Oston O‘runov, Yorrit Xendriks bor. Qarang, zo‘r o‘yinchilarimiz qancha. O‘runov ancha yosh. U bor kuchini berib shug‘ullanyapti. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini zo‘r o‘tkazyapti.
Biz uning boshqalardan kuchli tomonlarini yaxshi bilamiz. Maydonning o‘zida to‘pni egallagan holda turli variantlar qidiradigan va raqibni birga bir holatda aldab o‘ta oladigan o‘yinchilar juda kam. Oston bu ishlarni yaxshi uddalaydi va shunaqa vaziyatlarni hal eta oladi.
Biroq, hozircha u maydondagi pozitsiyasini yo‘qotib qo‘ymoqda. Masalan, biz uni 10-raqam o‘ynaydigan hududga tashlasak, u 6-raqam bajaradigan vazifalarga kirishib ketyapti. To‘pni oldinga emas, yon tomonga uzatyapti.
O‘runov raqib darvozasiga yaqinroq o‘ynashi kerak. Agar shu hududda unga aniq pas oshirilsa, Oston ko‘p narsaga qodir ekanini ko‘rsata oladi. Uning jismoni quvvati zo‘r va energiyasi ko‘p. “Spartak”da har bir futbolchi o‘z imkoniyatiga ega bo‘ladi, - dedi Domeniko Tedesko.
Oston O‘runov ayni paytda “Spartak” jamoasi tarkibida Birlashgan Arab Amirliklarida birinchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tamoqda.
Voqealar rivojini sports.uz portalida kuzatib boring!
Fikrlar