Temur Kapadze "Buxoro"dan uchralgan mag‘lubiyatga izoh berdi

  • 06.03.2026 01:40
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

Superliganing 2-turida "Navbahor" oʻz maydonida "Buxoro"ga 0:1 hisobida magʻlub boʻldi. Bahsdan soʻng "lochinlar" bosh murabbiyi Temur Kapadze uchrashuv haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

"Avvalambor, "Buxoro"ni gʻalaba bilan tabriklayman. Oʻyin qiyin boʻldi. Tushunarli, "Buxoro" yaxshi himoyalanadi va oʻyinni buzishga harakat qiladi. Bunday paytda bittagina vaziyat yoki gol hammasini oʻzgartirib yuborishi mumkin edi. Afsuski, biz oʻz vaqtida gol ura olmadik. Harakat qildik, ammo koʻp ham imkoniyatga ega boʻlmadik. Bunga raqib ham imkon bermadi. Gol oʻtkazib yuborganimiz yaxshi boʻlmadi, yigitlar oʻyinni qutqarib qolishi kerak edi.

Raqib himoyasini yorib oʻtishga qiynaldik. Bu mavsumning boshi, xatolardan xulosa chiqaramiz. Vahimali joyi yoʻq. Keyingi oʻyinlarga tayyorgarlik koʻramiz. Bu murabbiylarga nimalar ustida ishlash kerakligini koʻrsatadi.

"Buxoro"ni yaxshi oʻrgangandik. Ular koʻproq himoyada oʻynashini bilardik va shunga qarab tayyorgarlik koʻrgandik. Qaerdadir oʻxshadi, qaerdadir yoʻq. Shu jihatdan bu oʻyin biz uchun foydali ham boʻldi, kamchiliklarimizni koʻrib oldik.

Vaziyatlardan foydalanа olmaslik meni tashvishga solmayapti. Legionerlar soʻnggi kunlarda jamoaga kelib qoʻshildi. Tarkibdagi boshqa futbolchilarning ham darajasi yuqori. Oʻz futbolchilarimga ishonaman. Istalgan jamoa bunday zich himoyaga qarshi qiynaladi.

Albatta, magʻlubiyat hech qachon yoqimli emas. Ammo bu magʻlubiyat bizni yanada kuchliroq qiladi. Oldinda oʻyinlar koʻp va jamoa oʻyindan oʻyinga kuchayib boradi. Raqib himoyada zich oʻynaydi va koʻp holatda oʻyinni buzishga harakat qiladi. Baʼzida oʻzi ham futbol oʻynamaydi va raqibga ham imkoniyat bermaydi. Bugun "Buxoro"da ham koʻp xavfli vaziyatlar boʻlmadi. Bittagina standart oʻyin natijani hal qildi.

Norchaev hozir Italiyada davolanmoqda. Davolanish tugagach, jamoaga qoʻshiladi.

Standart holatlarga tayyorlangan edik. Ammo blokdagi futbolchilarimiz xatoga yoʻl qoʻydi. Raqib oson sakrab, gol urdi. Bu individual xato. Bunday holatlarni ham tahlil qilib chiqamiz. Chunki har bir oʻyinda standartlar katta rol oʻynaydi."

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!