Terma jamoa o‘yinchisi hibsga olindi
Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubi va Angliya milliy terma jamoasi hujumchisi Ayvan Toni Londondagi barda bir kishining boshiga zarba berganlikda gumonlanib hibsga olindi.
Bu haqda Britaniyaning The Sun onlayn nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, voqea jabrlanuvchi Toni bilan rasmga tushish maqsadida uning bo‘ynidan ushlaganidan so‘ng sodir bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, jabrlanuvchining burni singan va u tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.
29 yoshli Ayvan Toni “Al-Ahli” klubida 2024 yilning yozidan beri to‘p suradi. Joriy mavsumda ingliz hujumchisi klub miqyosida barcha turnirlarda 18 ta o‘yin o‘tkazib, 12 ta gol urdi va ikkita golli uzatmaga mualliflik qildi.
Toni ilgari Angliyada “Nyukasl”, “Barnsli”, “Shrusberi”, “Skantrop”, “Uigan”, “Piterboro” va “Brentford” kabi turli darajadagi klublar sharafini himoya qilgan.
Ayvan Toni Angliya terma jamoasi safida ettita uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar