
Terma jamoada 100 foiz borimni berib o‘ynashga va’da beraman, faqat muxlislar uchun yoxud Sardor Rashidov "Paxtakor"ga nima maqsadda qo‘shilganini aytdi
Tajribali futbolchi Sardor Rashidov joriy yilni “Paxtakor”da boshladi. Uning “Sherlar” safiga qo‘shilishi klubning muhim transferlaridan biri bo‘ldi. U sports.uz uchun intervyu berishga qaror qildi.
- “Paxtakor”ga o‘tishingiz aslida qanday yuz berdi? Bu oldindan o‘ylanganmidi yoki hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldimi?
- “Paxtakor” jamoasiga qo‘shilganimdan xursandman. Bu o‘z nomiga va mavqeiga ega klub. Osiyoda ham “Paxtakor”ni hamma biladi, yuqori darajaga ega. Meni “Paxtakor”ga qo‘shilishimga jiddiy qiziqtirgan jihat shu bo‘ldiki, jamoa Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Men esa oxirgi ikki yil ichida ushbu nufuzli musobaqada o‘ynay olmadim. Bilasizmi, aynan Osiyo Chempionlar ligasini sog‘ingan holda “Paxtakor”ga keldim. Albatta, chempionatda qatnashish ham o‘ziga yarasha maroqli. Lekin asosiy qiziqishim klub bilan chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish va Kubokni qo‘lga kiritish.
- Niyatingizga erishishni boshladingiz, chunki “Paxtakor”dagi ilk debyutingizdayoq Superkubokni qo‘lga kiritdingiz...
- Albatta, Superkubokni yutganimiz bizga katta kuch berdi. O‘zbekiston chempionati bugundan boshlandi, biz ertaga ilk o‘yinimizni o‘tkazamiz. Superkubokni qo‘lga kiritganimiz bizga katta motivatsiya beradi, deb o‘ylayman.
- Osiyoda o‘z statusingizga ega bo‘lgan futbolchisiz. Yashirishning keragi yo‘q, legioner sifatida to‘p surib narxi baland o‘yinchilardan biriga aylangandingiz. Shuni hisobga olsak, “Paxtakor”ga o‘tishingizda moliyaviy holat qanchalik rol o‘ynadi?
- “Paxtakor”ga mutlaqo pul uchun o‘tganim yo‘q. Hozir aytganimdek, Osiyo Chempionlar ligasini sog‘inganman va u erda munosib to‘p surib, jamoamga yordam berish uchun “Paxtakor”ga qo‘shildim.
- Oxirgi klubingiz – “Qatar SK” edi. Lekin u erdan ketganingizdan keyin ancha vaqt jamoasiz yurdingiz. Aslida o‘shanda nimalar bo‘lgandi?
- Rostini aytsam, o‘shanda bir-ikkita takliflarni ko‘rib chiqqandim. Yana legioner sifatida chetda to‘p surmoqchi edim. Lekin takliflar ma’qul kelmadi va menga “Paxtakor” varianti yaxshiroq ko‘rindi. Shuning uchun bu jamoaga kelib qo‘shildim.
- Umuman aytganda, “Qatar SK”dagi faoliyatingiz o‘zingizga yoqdimi?
- “Qatar SK”ga borganimning sababi bor. Ilgari “Al-Jayish”da ishlagan agentlar va menejerlar mendan “Qatar SK”ga yordam berishimni so‘rashgandi. Ularning chorlovini qabul qilib, klubga yordam berdim va biz kuchlilar safida qoldik. “Qatar SK” ko‘pincha yulduzlar ligasidan tushib ketardi. Shuning uchun meni chaqirib jamoaga yordam berishimni so‘rashgandi. Zimmamdagi vazifani bajarib ortga qaytdim.
- Baribir yana ortga qaytishingizni har kim turlicha baholayapti. O‘zingiz uchun “Paxtakor”ga o‘tishingiz ortga tashlangan qadamdek tuyulmayaptimi?
- Esingizda bo‘lsa, oldin ham chetda o‘ynagach, Toshkentning “Lokomotiv” klubiga kelib, o‘ynab ketgandim. O‘shandan keyin yana legionerga aylangandim. “Paxtakor”ga o‘tishimni ortga qadam, deb o‘ylamayman. Yana imkon bo‘lsa, legioner bo‘lib faoliyatimni davom ettiraman.
- Superligamizga qaytgan futbolchi sifatida ayting-chi, chempionatimiz qanday ko‘rinyapti?
- Yaxshi darajada. Ko‘ryapman, yangi mavsum uchun ko‘plab jamoalarda o‘sish bor. Bu yilgi chempionat ancha qiziqarli bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- “Paxtakor”da ham ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Bosh murabbiy va klub etakchilari ketdi. Sizni olib kelish esa, ketganlarning o‘rnini to‘ldirish hisoblanadi. Lekin “Paxtakor”ning kuchiga shubha bilan qarayotganlar bor...
- “Paxtakor”dagi vaziyat juda yaxshi. Klub oldiga yana jiddiy maqsadlar qo‘yilgan. Osiyo Chempionlar ligasida bu yilgi vazifamiz oliy. Kubokni qo‘lga kiritish niyatimiz bor.
- Faoliyatingizda bir qator xorijlik murabbiylar bilan ishladingiz. “Paxtakor”ning ustozi ham chet ellik. Sizga uning hayron qoldirayotgan jihatlari ko‘rinyaptimi?
- Ko‘rinib turibdiki, Piter Xyuistra tajribali murabbiy. U o‘yinchilardan evropacha futbolni talab qiladi. Tartib-intizomga jiddiy e’tibor qaratadigan murabbiy.
- Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramovning ko‘z o‘ngida to‘p surasiz. Muxlislarni esa doim nega Rashidov chaqirilmayapti, degan savol qiziqtirardi...
- Har bir o‘yinchining milliy terma jamoada to‘p surish ishtiyoqi bo‘ladi. Agar termadan chaqiruv olsam, albatta milliy jamoa va muxlislar uchun 100 foiz borimni berib o‘ynashga va’da beraman va tayyorman. Faqat muxlislar uchun!
- Demak, chempionatimizga qaytganingizdan keyin Abramov siz bilan bog‘lanib holatingiz bilan qiziqmadimi?
- Yo‘q.
- Shu kungacha o‘tkazgan faoliyatingizni tahlil qilsak, yuqori cho‘qqini zabt etdim, deb o‘ylaysizmi yoki hali bormi?
- Hozircha zabt etganim yo‘q. Hali bundan o‘zim qoniqish hosil qilganim yo‘q. Hammasi oldinda.
Fikrlar