
Teylor Xigginz: O‘zbekistonlik uch nafar bokschi Tokio Olimpiadasi chempioni bo‘ladi
O‘zbek bokschilari xorij ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinib, ajoyib ruknlar “qahramon”iga aylanmoqdalar. Ayniqsa, buyuk britaniyalik jurnalist, “Thefight-site.com” sayti muxbiri Teylor Xigginz hamyurtlarimiz haqida ko‘plab intervyu hamda tahliliy maqolalarini e’lon qilmoqda. Qizig‘i, Teylorning ba’zi o‘zbek bokschilari borasida mukammal ma’lumotga ega ekani, o‘zbek boksiga qiziqishi bizni xayron qoldirish bilan birgalikda xursand ham qildi. Chunki kim ham vatandoshlarini jahonning eng ko‘zga ko‘ringan mamlakatida e’tirof etilishidan quvonmaydi, deysiz... Xullas, biz ushbu britaniyalik jurnalist bilan suhbat uyushtirishga qaror qildik. Niyatimiz xolis ekan, bu intervyu amalga oshdi. Quyida buni e’tiboringizga havola etamiz.
- Teylor, sizni o‘zbek bokschilari haqidagi maqolalaringizni o‘qib juda xursand bo‘ldik. Qolaversa, o‘zbek boksi va bokschilarini yaxshi bilishingiz yanada quvontirish barobarida siz bilan suhbat qurishga turtki bo‘ldi. Yo‘q demasangiz, Sports.uz sayti uchun maxsus intervyu qilish niyatidamiz?
- Albatta! Bajonidil. O‘zbek boksi haqida suhbat qurish men uchun maroqli bo‘lar edi.
- Boks borasidagi bilimingizni inobatga olsak, ushbu savolga qoniqarli javob olamiz degan umiddaman. Ya’ni, ushbu sport turini mukammal yoritish va aniq tahlil qila olish uchun nazariyaning o‘zi etarli bo‘ladimi?
- Bilasizmi, men ham 28-0 statistikaga ega bo‘lgan, havaskor bokschiman. O‘z yurtimdagi turli xil turnirlarda ishtirok etib, bir qator yutuqlarga erisha olganman. Umuman olganda, boksga yuqori darajada ishqiboz bo‘lsangiz va musobaqalarni, boksga oid barcha voqealarni muntazam kuzatsangiz, nazariyaning o‘zi etarli bo‘ladi, deb o‘ylayman. Juda ko‘p insonlarni bilaman, ular deyarli har qanday jurnalistdan ko‘ra yaxshiroq tahlil qila oladilar va ular hech qachon ringga qadam ham bosishmagan.
- Misol uchun, Anatoliy Lomachenkoni olaylik, u havaskor bokschi sifatida biroz faoliyat olib borgan xolos. Hozirda esa u dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri ekanligini isbotladi. Ha ringdagi tajriba yordam berishi mumkin. Biroq bu boksni tahlil qilish uchun u qadar muhim, deb o‘ylamayman.
- Lekin bevosita ringga «begona» bo‘lmagan jurnalist yoki bloggerga yanada osonroq bo‘lishi tabiiyku?
- Qaysidir ma’noda bu yordam berishi mumkin. Ammo yana bir bor aytaman, bu eng muhimi emas. Asosiysi, tajribani rivojlantirishga yordam beradigan auditoriya bilan hamnafas bo‘lishdir. To‘g‘ri, boks bilan shug‘ullanmagan kishi e’tibordan chetda qoldirishi mumkin bo‘lgan ba’zi narsalar bor. Masalan, uslub va texnika… Biroq siz bu sport turini muntazam kuzatib borsangiz, sizda hamon yaxshi tahlilchi yoki jurnalist bo‘lish imkoni mavjud.
- Mamlakatingiz Evropada havaskor yo‘nalishda etakchilardan biri hisoblanadi. Biroq so‘ngi yillarda asosiy urg‘u professional boksga qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Tokio Olimpiadasida britaniyalik bokschilardan yaxshi natijalar kutilmoqdami?
- Ha, bu to‘g‘ri. Lekin bu ulkan turnirdan bir nechta medallar kutmoqdamiz. Misol uchun, Pet MakKormak -69 kg vazn toifasida oltin medalga da’vogar bo‘lishi kerak va bizda Pit MakGreyl va Benjamin Uittaker ham sovrindorlar qatoridan o‘rin egallashi mumkin. Qolaversa, Galal Yafai va Frazer Klarkning ham shohsupaga ko‘tarilish ehtimoli bor.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, Britaniya jamoasida ham juda yaxshi murabbiylar bor. Biroq biz va O‘zbekiston termasini bir-biridan farqi shundaki, sizlarda hamjihatlik bor va barcha bir oiladek, bizda esa, hamma o‘zi uchun harakat qiladi.
- O‘zbekistonlik bokschilar orasida kimlar Tokio Olimpiadasi g‘olib va sovrindorlari qatoridan o‘rin oladi, degan fikrdasiz. Albatta, o‘zbek charmqo‘lqop ustalarini kuzatib borishingiz, bu borada fikr bildira olishingizga etarli bo‘lsa kerak?
- Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov va Bahodir Jalolov oltin medalni qo‘lga kirita olsa kerak. Zoirovning vaznida unga etarlicha qiyinchilik tug‘dira oladigan bir nechta bokschilar bor. Biroq, Zoirov oltin medal uchun asosiy da’vogar hisoblanadi. Mirzaxalilov Lazaro Alvaresga qarshi qiynalishi mumkin. Kuba vakili yurtdoshingiz uchun eng xavfli raqib nazarimda… To‘g‘risi, Mirzaxalilovni janglarini juda ko‘p kuzatib boraman. Chunki u men bilan bir vazn toifasida harakat qiladi. Mirzaxalilov bilan sparring jang o‘tkazishni juda istar edim.
- Pet MakKormak jahon chempionati yarim finalida Bobousmon Baturovni mag‘lubiyatga uchratgandi. Tokio Olimpiadasida ular o‘rtasidagi ehtimoliy revansh haqida nima deya olasiz?
- Baturov biroz shoshilib harakat qiladi. Agar Olimpiadada ularning yo‘li kesishadigan bo‘lsa, MakKormak uni mag‘lub etadi, deb o‘ylayman. Ammo bir jihatdan Baturovning ustunligi ham bor. Uning tajovuzkor uslubi hakamlar tomonidan etirof etilishi mumkin.
- So‘ngi uchta Olimpiya o‘yinlarida hamyurtlaringiz +91 kg vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olishgan. Jumladan, Devid Prays Pekinda bronza, Entoni Joshua Londonda oltin, Jo Joys Rioda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Tokioda ushbu vazn toifadagi yurtdoshingiz Frezer Klark Bahodir Jalolovga qay darajada qarshilik ko‘rsata oladi?
- Havaskor boksda hamma narsa yuz berishi mumkin. Biroq Bahodir Jalolov uchun ushbu musobaqada yagona raqobatchi bu qozog‘istonlik Qamshibek Kunkabaev bo‘ladi, degan fikrdaman.
- Tayson Fyuri va Bahodir Jalolov o‘rtasidagi jang haqida WBO tashkiloti prezidenti ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi fikrlari bilan o‘rtoqlashgan edi. To‘g‘ri, hozir bu jangni tashkil qilish imkonsiz. Ammo tasavvur qiling, ular ringda to‘qnash keldi, deylik, Jalolov Fyuriga qay darajada qarshilik ko‘rsata oladi, deb o‘ylaysiz ?
-Hozirda Fyuri Jalolov uchun juda kuchli raqib hisoblanadi. Bahodir professional boksda hali to‘laqonli o‘zini ko‘rsatmadi va ishlashi kerak bo‘lgan jihatlari bor. Bahodir, odatda, qarshi hujumda harakat qiladi va ikkilik zarbalarga tayanadi. Biroz rang- baranglik etishmaydi. Unga professional yo‘nalishdagi elit bokschilarga qarshi jang qilish uchun hali vaqtliroq, degan fikrdaman. Mabodo Fyuri Bahodir bilan Uaylderga qarshi jangdagi kabi harakat qilsa, “Big uzbek” ning ham imkoniyati oshishi mumkin. Ammo doimiy jang uslubi Bahodir uchun katta muammo bo‘ladi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim!
- Yirik musobaqlarda qatnashmagan qaysi o‘zbekistonlik bokschilarni kelajak yulduzlaridan, deb bilasiz?
-Abdumalik Halakov fantastik iste’dod egasidir. Shubhasiz, ushbu salohiyati bilan uzoqqa bora oladi. Shuningdek, professional boksda faoliyat olib borayotgan Abdulhay Shorahmatov ham ajoyib bokschi sanaladi. U o‘z vaznida Murodjon Ahmadaliev va Miraziz Mirzaxalilov bilan raqobat qilishga majbur bo‘lgani biroz achinarli hol. Terma jamoa safida yirik turnirlarda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, Abdulhay ham yuqori probali medal olishga qodir iste’dod sohibidir.
- Shorahmatovning professional yo‘nalishdagi imkoniyatini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Bu borada yaxshi natijalar qayd eta olishiga ishonaman. Lekin unga kuchliroq murabbiy kerak, deb o‘ylayman. Vadim Kornilov bilan hamkorlik qilishini xohlagan bo‘lardim. Chunki unda jahon chempioni bo‘lish uchun iste’dod bor. Kornilov bilan hamkorlik esa uning bu boradagi imkoniyatini oshirgan bo‘lardi. Shorahmatov raqobat juda kuchli bo‘lgan, 122 funt (55,3 kg) vazn toifasida harakat qiladi. Bu vazn etakchisi esa WBA va IBF chempioni bo‘lgan yana bir yurtdoshingiz Murodjon Ahmadaliev hisoblanishini o‘zingiz yaxshi bilasiz.
Shorahmatovning faoliyatiga hech qachon befarq bo‘lmaganman. Chunki u mening birinchi o‘zbek do‘stimdir. Uning jahon chempioniga aylanishini chin dildan istayman!
- Professional boksda faoliyatini boshlamagan kuchli bokschilarimizdan qay birlari bu yo‘nalishda ham o‘zini ko‘rsta oladi?
- Ochig‘i, Mirzaxalilovni professional boksda ko‘rishni orziqib kutmoqdaman. Uni yuqori energiyasi va ringdagi kuchli bosim qilishi 12 raund ichida har qanday raqibga muammo tug‘diradi.
- Umuman olganda, professional yo‘nalishda harakat qilayotgan o‘zbek bokschilari orasida yana kimlarning nufuzli chempionlik kamarini qo‘lga kiritishga qodir deb bilasiz?
- Isroil Madrimovning potentsiali yuqori. U butunlay o‘zgacha bokschi... Shu o‘rinda qo‘shimcha tarzda aytishim mumkinki, Madrimov "Kanelo"ga qarshi munosib qarshilik ko‘rsata olishi mumkin. Holbuki, "Kanelo" oyoqda yaxshi ishlay oladi va ancha chidamli. Lekin uning oyoqda harakatlanishi, holatni o‘zgartirishi u qadar tezkor emas. Ammo masala shundaki, Isroilning gabariti «Kanelo» uchun kichiklik qiladi.
- WBC chempioni Jermell Charlo va WBA, IBF, IBO kamarlari sohibi Xeyson Rosario katta ehtimol bilan yaqin kelajakda Madrimovga raqib bo‘lishi mumkin. Bu ikkisiga qarshi hamyurtimizning imkoniyatini qanday baholaysiz? Ahmadalievning 8 ta jang bilan o‘rnatgan rekordini yangilashi mumkinmi ?
- Isroil bu ikkala bokschini ham mag‘lub eta oladi. Charlo-Rosario bu qiziqarli jang, ammo ikkalasi ham ayni vaziyatda yuqori darajadagi bokschilar emas. Men Aliko Frolovning fikriga qo‘shilaman. Hozirda WBA Regular chempioni Erislandi Lara Isroil uchun eng qiyin raqib bo‘ladi. Chunki Isroilning himoyasi, zarbalarga qarshi pozitsiyani ajoyib tarzda o‘zgartirishga tayanadi. Lara esa bunday himoyalanuvchi bokschilarni bir nechtasini mag‘lub etgan va buning uchun texnik jihatdan mukammal. Shunday bo‘lsa-da, baribir Isroil uni mag‘lub eta oladi. Lara hozir avvalgiday emas. U Jarret Xyorddan uchralgan mag‘lubiyatidan so‘ng harakatlarida ancha pasayish yuzaga keldi. Agar Isroil tanaga beriladigan zarbalarga asosiy e’tiborni qaratsa, Larani ringga qulata olishiga ishonaman.
- Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziev, Hasanboy Do‘smatovlarning imkoniyati va uslublari haqida qanday fikrdasiz?
- G‘iyosovning texnikasi yuqori… Ammo, unga biroz vaqt kerak. U oyoq harakatlarini yanada yaxshilash lozim. Ayni vaqtda Teylor va Prograis unga haddan tashqari ko‘p muammo tug‘dira oladi. G‘iyosov vaqti kelib jahon chempionligini qo‘lga kiritishi mumkin, degan fikrdaman. Biroq men uning menejeri bo‘lganimda shoshilmagan bo‘lardim. U jahon chempioni bo‘lish uchun ko‘proq rivojlanishi kerak.
Meliqo‘zievning oyoqda ishlashi juda yaxshi. Ammo Madrimovniki kabi mukammal emas. Uning yuqori tana harakati muvozanatini ushlashga biroz halal beradi. Biroq uning chidamliligi va kuchli zarbasi asosiy qurolidir. Qolaversa, Bek tana tuzilishi jihatidan ham juda baquvvat. Shuning uchun, unga zarar etkazish juda qiyinligini aytishim mumkin. Tana tuzilishi jihatidan Bek menga Murat Gassievni eslatadi.
Mazkur ijobiy tomonlari vazn toifasidagi har qanday bokschi uchun qiyinchilik tug‘dira olishiga sabab bo‘ladi. U Kallum Smit uchun haqiqiy boshog‘riq bo‘ladi va men uni hozirning o‘zidayoq yarim o‘rta vaznda (79.3 kg) Sergey Kovalyovni ham mag‘lub eta olishiga ko‘zim etadi. Uslub nuqtai nazaridan u uchun eng noqulay raqib IBF chempioni Kaleb Plent deb hisoblayman. Plentning texnikasi yuqori va kuchli himoyalanish qobiliyatiga ega. WSB turnirida Xulio Sezar La Kruz kabi zarba berib, ortga chekinuvchi bokschilarga qarshi Bek qiyinchilikka uchrashini ko‘rdik. Plent ham aynan shunday bokschilar sarasiga kiradi. Farqi shundaki, Plent La Kruz singari mahoratli emas va men uni Bektemirga qarshi 12 raund turib bera olishiga amin emasman. Bektemirning tanaga beradigan zarbalari uni harakatdan to‘xtatib qo‘yadi.
Hasanboy hozirning o‘zida jahon chempioni bo‘lishi mumkin. Uning uslubini yaxshi ko‘raman. Raqibiga bosim qilayotgan paytida uning tana va oyog‘i mutanosib harakat qiladi. U zarbalarini kuch bilan yo‘naltira olmasa - da, vazn toifasida, bu unchalik muammo tug‘dirmaydi. Kelajakda uning yaponiyalik WBC chempioni Ken Shiro kabi bokschilar bilan jangini ko‘rishni juda istardim.
- Yana bir hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorov Errol Spens, Menni Pakyao, Terens Krouford va boshqa yulduzlar yig‘iilgan kuchli divizionda eng yuqori pog‘onalarda bormoqda. U Sergey Lipinetsga qarshi IBFning vaqtinchalik jahon chempionlik kamari uchun jang olib borishi belgilangan. Bu to‘qnashuvda kim g‘alaba qozonadi?
- Abduqahhorov haqida biror jo‘yali fikr ayta oladigan darajada janglarini kuzatmaganman. Lekin Lipinets yuqori texnikali bokschi emas. Agar Abduqahhorov jiddiy maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lsa, u holda Lipinets singari bokschilarni qiyinchiliksiz mag‘lub eta olishi kerak. Bu vaznda qandaydir chempionlik kamariga ega chiqishning o‘zi juda qiyin. Shuning uchun bu kabi imkoniyatdan maksimal tarzda foydalanish zarur.
- Yana Britaniya tomonlarga qaytsak, yurtingiz og‘ir vazn toifadagi bokschilar etishtirib beruvchi fabrikaga o‘xshaydi. Misol uchun, Lennoks Lyuis, Tayson Fyuri, Entoni Joshua, Devid Xey, Jo Joys va hokazo ... Bu nima bilan bog‘liq holat deb o‘ylaysiz? Ushbu vazn toifasi professional boksda eng tomoshabopligi uchunmi yoki boshqa siri bormi?
- Bilasizmi, Amerika kabi mamlakatlarda jussasi katta 200 funtlik insonlar ko‘proq. Ularning aksariyati Amerika futboli yoki milliy basketbol ligalarida faoliyat olib boradi. Axir, nega unday qilmasliklari kerak? Aksariyat odamlar tirikchilik uchun jang qilishni tanlamaydilar. Demoqchimanki, professional boks rivojlangan unday mamlakatlarda og‘ir vaznli ko‘plab iste’dodlar yuqorida sanab o‘tilgan sport turlarida to‘planib qolganday tuyuladi. Buyuk Britaniyada esa katta jussali odamlar uchun bu kabi ommalashgan sport turlari yo‘q. Shuning uchun bizda super og‘ir vazn toifasida etakchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi, deb o‘ylayman.
- Buyuk Britaniyada Lennoks Lyuis, Tayson Fyuri, Entoni Joshua mashhurligi jihatidan Maykl Ouen, Garri Lineker, Devid Bekxem, Alan Shirer, Ueyn Runi kabi futbolchilar bilan bir qatorda e’tirof etiladimi?
- Bu erda ham boksning o‘ziga xos an’anasi bor. Britaniyalik sport muxlislari dunyodagi eng yaxshilaridir. Entoni Joshua singari juda yaxshi zamona qahramonlari borki, ular ko‘plab yoshlarni ilhomlantiradi. Boks, asosan, ko‘cha hayotidagi yigitlar, bezoriliklar avj olgan qatlamda anchagina mashhur. Joshua va Tayson Fyuri Britaniyada ancha mashhurlikka erishgan bo‘lsa-da, siz yuqorida sanab o‘tgan futbolchilar ularga nisbatan ko‘proq shuhrat qozonishgan. Futbol yurtimizda, shubhasiz, eng ommabop va birinchi raqamli sport turi hisoblanadi.
- Super og‘ir vazn toifasi Muhammad Ali, Mayk Tayson, Evander Xolidfild yoki aka-uka Klichko davri bilan taqqoslansa, hozirgi kunda nufuzini yo‘qotib qo‘ymadimi?
- Yo‘q. Ayniqsa, Klichko davrida taniqli bokschilar etishmasligi tufayli divizion nufuzi anchagina ortga ketgan edi. Vitaliy va Vladimir borligini hisobga olmasa, bu vazn toifasida alohida e’tirofga sazovor boshqa bokschi yo‘q edi. Aksincha, hozirda bir muddat yana avvalgi nufuz tiklanayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Umid qilamanki, hozirda etishib chiqayotgan iste’dodlar sababli bu yanada rivojlanadi.
- Teylor biz uchun vaqt ajrata olganiz va ajoyib javoblar uchun tashakkur aytamiz. Suhbatimiz yakunida o‘zbek bokschilari va muxlislar uchun aytar so‘zingiz bordir?
- Albatta, ishoning! Ushbu bokschilar haqida maqola yozish va suhbat qurish har doim maroq bag‘ishlaydi. Men bundan rohat olaman va faxrlanaman. Hozirda O‘zbekistonda ajoyib ishlar amalga oshirilmoqda. Bu omillar bokschilar va jamoani yanada hamjihatligi uchun ulkan sharoit yaratib bermoqda. Ular bir katta oila va men buni juda hurmat qilaman. Kamina bilan suhbat uyushtirganingizdan boshim ko‘kka etdi. So‘ngi so‘z o‘rnida esa, barchangizga o‘zingizni asrang, degan bo‘lardim!
Ahmadbek EShMATOV hamda Jalol AHMEDOV suhbatlashdi.
Fikrlar