Tojikistonda yangi sahifa ochgan chempion! Yoki qo‘shni yurtda omadini izlayotgan Andrey Sidorov xususida

  • 10 aprel, 2020, 20:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ikki yil oldin O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lgan iqtidorli futbolchilarimizdan biri Andrey Sidorovni muxlislar yaxshi bilishadi. Ayniqsa, uning finalda Vetnam darvozasiga qo‘shimcha bo‘limlarning oxirgi daqiqasida kiritgan goli yakunda O‘zbekistonning qit’a chempionligining qo‘lga kiritilishida juda muhim turtki bo‘lgandi. Shundan so‘ng Sidorov ham yanada tanila boshlagandi.

Tecno

Hozirgi paytda esa ushbu hujumchi faoliyatini Tojikistonning “Xo‘jand” klubida davom ettirmoqda. Hozircha hamyurtimizning u erdagi ishlari chakki emas. Masalan, kuni kecha Tojikiston chempionatining dastlabki turida “Xo‘jand” safarda 1:3 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi va gollardan biriga Sidorov mualliflik qildi. Buning ustiga u eng yaxshi o‘yinchilardan biriga aylangan holda turning ramziy terma jamoasiga ham kiritildi. Albatta, bunday e’tibor futbolchimizni yanada ruhlantiradi. Qiziq, aslini olganda, uning “Xo‘jand”ga borib qolishi qanday yuz bergan ekan-a? Keling, yaxshisi bunga uning o‘zidan javobni eshitsak.

- Tojik klubidan taklif bo‘lgach, agentim menga bu variantni ko‘rib chiqishimni aytdi. Aniqrog‘i, agentim menga shunday variant bor, agar istasang ular bilan kelishib olamiz dedi. “Xo‘jand” klubining OFK Kubogida ishtirok etayotgani meni o‘ziga tortdi, - deydi Sidorov.

sidorov

Shuni ham ta’kidlash joizki, ushbu hujumchimiz o‘zimizning bir qator jamoalarimizda ham to‘p surdi. Biroq qandaydir sabablar tufayli Andrey o‘ynagan klublarida o‘zini yorqin tomondan ko‘rsata olgani yo‘q. Xo‘sh, Sidorovning o‘z so‘zini ayta olmaganiga nima sabab yoki unga etarli darajada ishonch bildirilmaganmidi? Balki endi Tojikiston chempionatida nimalarga qodirligini ko‘rsata olar?!

- Ha, O‘zbekistonda chindan ham bir nechta klubda o‘ynadim, - deya fikrini davom ettirdi, hujumchi. - Aytish mumkin bo‘lsa, biror-bir jamoada o‘zimni yorqin tomondan ko‘rsata olmadim. Nima etishmagani haqida esa bir narsa deyishim qiyin. Ehtimol, o‘zimga bo‘lgan ishonchni yaxshi his qilmaganim menga pand berib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Xudo xohlasa, Tojikistonda o‘zimni yaxshi tomondan ko‘rsata olaman deb umid qilyapman. O‘zimning eng yaxshi jihatlarimni namoyish etishga harakat qilaman. Bu yil men uchun omadli kechishini istayman.

Baribir uni ishqibozlarimiz yaxshi ko‘rishadi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, o‘sha Osiyo chempionatining hal qiluvchi uchrashuvida o‘ta qimmatli gol muallifi bo‘lgani va bu bizga chempionlikni taqdim etgani hammamizni naqadar quvontirganini hali unutganimiz yo‘q. Balki o‘sha Osiyo chempionatidan so‘ng Andrey Sidorovning hayotida qandaydir o‘zgarishlar bo‘lgandir-a? Bu borada uning o‘zi quyidagicha fikr bildirdi.

- Osiyo chempionatidan keyin hamma meni taniy boshladi. Ko‘cha-ko‘yda meni tanib qolgan ishqibozlar birga suratga tushishga taklif qilishga kirishib ketdilar. Bu juda ham yoqimli bo‘ldi. Har bir ishqibozning taklifini esa rad eta olmasdim. Buning uchun bizni qo‘llab-quvvatlagan har bir muxlisga minnatdorlik bildiraman. Osiyo chempionatidagi g‘alaba faqat bir kishining emas, balki jamoadagi barcha insonlarning say’-harakatlari tufayli qo‘lga kiritilgan. Aytish mumkin bo‘lsa, bu butun O‘zbekistonning, O‘zbekiston futbolining g‘alabasi. Chunki chempionatni butun xalqimiz zo‘r qiziqish bilan kuzatgan.

sidorov5

To‘g‘risini aytganda, o‘sha Osiyo chempionatidan so‘ng Sidorovning faoliyatida yanada ko‘tarilish bo‘lishini kutgandik. Ammo har doim ham o‘ylagan rejalar amalga oshavermaydi. Shuningdek, Sidorovga jarohatlar ham ta’sir ko‘rsatdi. Bu xususida uning o‘zi shunday dedi:

- Ha, Osiyo chempionatidan keyin bizdan yana yaxshi natijalarni kutishni boshladilar va bu tabiiy edi. O‘z navbatida jamoadoshlarim kabi men ham shundan umid qilgandim. Ammo shaxsan o‘zimning o‘yinimda hammasi ko‘ngildagidek chiqmay qoldi. Osiyo chempionatidan keyin yangi mavsum oldidan “Neftchi” bilan shartnoma imzoladim. U erdagi faoliyatim dastlab yomon kechmadi. Lekin qishga borib elkamdan og‘ir jarohat oldim. Shuning uchun ancha vaqt maydondan tashqarida qolib ketdim. Olti oy futbolsiz qolish men uchun juda og‘ir bo‘ldi. Keyinchalik “Buxoro”dagi faoliyatim ham yomon chiqqani yo‘q. Biroq og‘ir jarohatdan tiklanganimdan keyin optimal formaga kirishim qiyin bo‘ldi. Shu bois asosiy tarkibdan joy ololmadim. Mana, “Buxoro”dan so‘ng endi Tojikistondan yaxshi taklif tushdi va bu variant menga ma’qul keldi. Bu yilgi rejalarim esa juda yaxshi. Iloji bo‘lsa, Tojikiston chempionatining eng yaxshi to‘purariga aylanishga harakat qilaman.

2018 yilgi Osiyo chempionligidan so‘ng bu yil yanvar oyida Tailandda o‘tgan Osiyo chempionatida ham terma jamoamizdan hech bo‘lmaganda Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishini juda istagandik. Sidorov bilan birga ikki yil oldin chempion bo‘lgan futbolchilar ham bu safargi musobaqada ishtirok etganlariga qaramay, bu safar biz uchun o‘xshamadi. Andrey esa jamoadoshlarining o‘sha omadsizligi haqida o‘z fikrini bildirdi.

- Ha, Yanvar oyida Olimpiada yo‘llanmasi uchun Osiyo chempionati o‘tkazildi. Rostini aytsam, yigitlarimiz maydonda borlarini berib o‘ynashdi. Faqat so‘nggi pallada bizdan omad yuz o‘girdi. Qolaversa, oxirgi paytlarda o‘zimizga biroz ishonch etishmay qoldi shekilli, boshimizga qo‘nib turgan baxt qushini qochirib yubordik. Bundan tashqari, yo‘llanmalardan biriga ega chiqishimiz mumkinligi borasidagi bosim ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

sidorov3

Endilikda faoliyatida yangi sahifa ochgan hamyurtimiz butun e’tiborini yangi jamoasiga qaratgan. O‘z navbatida Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchimiz bugungi o‘zbek va tojik futboli o‘rtasidagi tafovut haqida ham gapirdi.

- Ilgari o‘zbek hamda tojik futboli o‘rtasida katta farq bor edi. Lekin hozir ikkala chempionat o‘rtasida deyarli farq qolmadi. Tojikistonda ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan 3-4 ta klub shakllanib ulgurgan. O‘sha jamoalar tarkibida esa mahoratli futbolchilar to‘p surishmoqda. Ular o‘zbeklar bilan tengma-teng o‘ynay olishlarini isbotlashga harakat qilishyapti. Masalan, “Istiqlol” Toshkentda “Lokomotiv”ni yutib ketdi. Tojikistonda ham futbol yil sayin kuchayib boryapti. Bunga o‘zim ham amin bo‘lib boryapman. O‘zbekiston chempiontida yaxshi ishtirok etish uchun shunga mos ravishda ruhiy va jismoniy tomondan tayyor bo‘lish kerak. Futbol o‘zgarib boryapti, ayniqsa so‘nggi yillarda. Endi hamma uchun natija birinchi o‘ringa chiqqan. Agar kim 100 foiz kuch bilan ishlar ekan, maqsadiga erisha oladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!