
Tokio-2020. Bugun O‘zbekiston nomidan qatnashgan 5 sportchidan faqatgina bir nafari keyingi bosqichga o‘tdi, qolganlarchi?
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining ettinchi kunida 5 nafar hamyurtimiz ishtirokidagi bahslar guvohiga aylandik.
1.Bekmurod Oltiboev (dzyudo, erkaklar +100 kg)
2.Bobousmon Baturov (boks, erkaklar -69 kg)
3.Rayxona Qodirova (boks, ayollar, -60 kg)
4.Roksana Xudoyarova (uch xatlab sakrash, ayollar, saralash)
5.Natalya Kritinina (suzish, ayollar, 50 m erkin usulda)
Dzyudo. +100 kg vaznda bahslarga kirishgan Bekmurod Oltiboev mo‘g‘ulistonlik Duurenbayar Ulzibayarga qarshi bahsda vakilimiz ippon bahosi evaziga o‘z yurishini davom ettiradigan bo‘ldi. Uning 1/8 finaldagi raqibi Xenk Grol. Niderlandiyalik sportchi bunga qadar Pekin va London Olimpiadasida bronza medallarini qo‘lga kiritgandi. E’tiborga molik tomoni, Oltiboev tajribali raqibini ilk soniyalardayoq ippon bahosi evaziga engdi va chorak finalga chiqdi. Hamyurtimiz bu bosqichda chexiyalik Lukash Krpalek bilan bellashdi. U ham Olimpiada chempioni hisoblanardi.
Asosiy vaqtda Bekmurod vazari bahosi evaziga Lukashga mag‘lub bo‘ldi. Ammo hali medal uchun imkoniyat yo‘q emasdi. Oltiboev bronza medali uchun o‘tish bahsida ukrainalik Yakiv Xammoga qarshi tatamiga ko‘tarildi. Vakilimiz kurashda Yakivdan engildi va turnirni medalsiz yakunladi.
Boks. -69 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Bobousmon Baturov 1/4 final bosqichida Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan Pet MakKormakka qarshi ringga ko‘tarildi. G‘olib yarim finalga yo‘l olardi! Afsuski, Bobousmon raqibiga 4:1 hisobida imkoniyatni boy berib, Olimpiada bilan xayrlashdi.
-60 kg vaznda Rayxona Qodirova kongolik Naomi Yumbaga qarshi ringga chiqdi. Bellashuvda vakilamiz Kongo Demokratik Respublikasi a’zosiga umuman imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Rayxona Qodirovani chorak finalda braziliyalik Beatris Ferreyra Soares kutib turibdi. Soares 2019 yilgi jahon chempioni hisoblanadi.
Engil Atletika. 3 xatlab sakrash bahslarida ishtirok etgan Roksana Xudoyorova o‘zining ilk urinishida 12.63 metr masofaga sakradi va onlayn jadvalda 17 sportchi orasida 11-o‘ringa joylashdi. Ikkinchi urinishda 13.02 metr ko‘rsatkichni qayd etib, onlayn jadvalda 13-pog‘onani band etdi. Xudoyorova so‘nggi urinishda 13.01 metr natija bilan 14-pog‘onani egallagan holda, Olimpiada bilan xayrlashdi. Finalga yo‘l olgan eng past ko‘rsatkich egasining natijasi 14.21 metrni tashkil etdi.
Suzish. Natalya Kritinina 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida 26.93 soniya natijani qayd etib, 8 kishilik guruhning so‘nggi pog‘onasida finishga etib keldi. Ma’lumot uchun, eng yaxshi natijaga erishgan 16 sportchi keyingi bosqichga yo‘l oladi. Ishtirokchilar soni esa 83 tani tashkil etadi.
Qolgan guruhlardagi 16 nafar sportchining natijasi 26.93 soniyadan yaxshi bo‘lganligi uchun, Kritinina Olimpiada bilan xayrlashdi.
Ertaga iyul oyining so‘nggi kunida 9 nafar o‘zbekistonlik sportchi Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi.
Quyida ushbu sportchilarimiz bilan tanishib olishingiz mumkin:
1.Shahobiddin Zoirov (boks, erkaklar 48-52 kg) – 07:30
2.Muxtasar Toxirova (o‘q otish, ayollar) – 08:00
3.Elnur Abduraimov (boks, erkaklar 57-63 kg) – 08:51
4.O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi Niderlandiya terma jamoasiga qarshi jamoaviy bellashuvlarda ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, dzyudo bo‘yicha jamoaviy bahslarda har bir terma jamoadan 3 nafar erkak, 3 nafar ayol, jami 6 nafardan sportchi qatnashadi.
Fikrlar
Балким Эски Ўзбекистон сингари йўқолиб бораётгандир....
Лекин мен ўша эски ўзимиз билган, яшаган, нималарнидир ҳис қилган, спорт орқали бўлсада, даврларни соғинмоқдаман... соғиндим....қўмсаяпман....
Янги Ўзбекистон жаннатмакон,
Лекин уна Спортга йўқ имкон...
Корупция гуллаган замон...
Бундай яшаш жонга тегди ишон...