Tokio-2020: Delegatsiyamiz tarkibida o‘zgarish
Kuni kecha yaqinlashib kelayotgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan delegatsiyamiz tarkibini ma’lum qilgan edik. Tarkibimizda kichik o‘zgarish yuz berdi.
Avvalgi tarkibda Xalqaro suzish federatsiyasining reytingi asosida Xurshidjon Tursunov 100 metrga erkin, Yulduz Qo‘chqorova 100 metrga brass usulida suzish bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmalariga sazovor bo‘lgani ta’kidlangan. Biroq Yulduz Qo‘chqorova uzoq muddatdan beri terma jamoa tarkibida yig‘inlarda ishtirok eta olmayotgani, hozirgi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘lgani uchun bo‘lajak Olimpiadada ishtirok eta olmasligi oydinlashdi. Uning o‘rnini 50 metrga erkin usulda suzish dasturida Natalya Kritinina to‘ldiradigan bo‘ldi.

Ushbu o‘zgarishni Xalqaro suzish federatsiyasi tasdiqladi va Tokio-2020 yo‘llanmasi Natalya Kritininaga taqdim etiladigan bo‘ldi. Shu tariqa, bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz a’zolari 17 sport turida 71 ta yo‘llanma qo‘lga kiritishdi. Unda ishtirok etadigan sportchilarimiz soni esa 67 tani tashkil etib, ularning 30 nafari ayollardir. Bu umumiy delegatsiyamizning 45 foiziga teng ko‘rsatkichdir. Ta’kidlash lozim, Olimpiya o‘yinlarida ayol sportchilarning ishtirok etishi bo‘yicha Tokioda mutlaq rekord o‘rnatamiz.
Fikrlar