"Tokio-2020": Tarixda ilk bor O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori ayol kishi bo‘ladi

Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida mamlakatlar paradi ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘ladigan eng asosiy jarayonlardan biri. Unda ko‘pchilikning diqqat-e’tibori qaysi atlet delegatsiya bayrog‘ini ko‘tarib chiqishiga qaratiladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytining xabar berishicha, "Tokio-2020" Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida delegatsiyamiz bayroqdorlari afsonaviy gimnastikachimiz Oksana Chusovitina va bokschimiz Bobo-Usmon Baturov bo‘ladi. Qayd etish joiz, Oksana Chusovitina yozgi Olimpiya o‘yinlarida bayroqdor bo‘lgan dastlabki ayol atletimiz sifatida tarixdan joy olmoqda.

Oksana Chusovitina "Barselona-1992" Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qatorasiga ettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan er yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Demak, Tokiodagi ochilish marosimda o‘zining sakkizinchi Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan, allaqachon dunyo gimnastikasi afsonasiga aylangan hamyurtimiz, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni egasi Oksana Chusovitina mamlakatimiz sport delegatsiyasini hur diyorimiz bayrog‘ini sarbaland ko‘targan holda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining bosh arenasiga boshlab tushadi. Unga esa boks bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Bobo-Usmon Baturov hamrohlik qiladi.

Ochilish marosimining stsenariysiga ko‘ra, barcha davlatlardan 1 nafardan erkak va ayol sportchilar bayroqdor bo‘lib chiqishadi. Bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan targ‘ib qilinayotgan gender tenglik siyosatining amalda tatbiq etilishidir.

Eslatib o‘tamiz, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi «Olimpiya» stadionida boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
17/07/2021 17:39
Хали хеч кандай тузукрок натижага эришмаса хам, аллакачон юлдузлик касалига дучор булган Бобоусмон бунга лойик эмас эди! Шахобиддин ёки Баходир Жалолов купрок лойик эди!