Tokio-2020. Yana bir sportchimiz Olimpiadani tark etdi LIVE
15:20. Suzish bo‘yicha yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Xurshidjon Tursunov 50,14 soniya natija bilan o‘z guruhida 4-o‘rinni egalladi. Afsuski, u o‘z ishtirokini yakunlashga majbur bo‘ldi. Reglamentga ko‘ra, eng yaxshi 16 ta sportchi tanlab olinadi. Tursunov o‘sha 16 nafar suzuvchi qatoridan joy ola olmadi.
13:44. Sharofiddin Boltaboev Olimpiada bilan xayrlashdi. Hamyurtimiz vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berdi. Endi uning raqibi bitta g‘alaba orqali bronza medaliga ega chiqishi mumkin. Afsus, yana medalsiz qoldik.
13:40. Sharofiddin Boltaboev - Tato Grigalashvili jangi boshlandi!
13:30. Medal uchun imkoniyati saqlanib qolgan Sharofiddin Boltaboev navbatdagi jangini Tato Grigalashviliga qarshi o‘tkazadi. Tomonlar jang oldidan mashg‘ulot olib bormoqda.
11:20. Afsus, "oltin ochko" avstriyalik sportchiga nasib etdi. 6 daqiqa 15 soniya o‘tib borayotgan bir paytda Borchashvili vazari ochkosi bilan vakilimizni mag‘lubiyatga uchratdi. Biroq Boltaboevda bronza medali uchun imkoniyat saqlanib qolmoqda.
11:17. Bu jangda ham asosiy vaqtda kuchlar teng keldi. Hisob ochilmaganligi tufayli g‘olib nomi "oltin ochko" qoidasi bo‘yicha aniqlanadi.
11:10. Sharofiddin Boltaboevning chorak finaldan o‘rin olgan astriyalik Shamil Borchashviliga qarshi jangi start oldi. Olg‘a, Sharofiddin!
10:20. Hamyurtimizga chorak final bellashuvida avstriyalik Shamil Borchashvili raqiblik qiladi. Mazkur qarama-qarshilik yaqin soatlar ichida start oladi.
10:17. Sharofiddin Boltaboev chorak finalda! 15 daqiqa davom etgan murosasiz bahs o‘z yakuniga etdi. Vakilimiz vazari bahosi bilan g‘alaba qozondi.
10:07. Asosiy vaqtda kuchlar teng keldi, hisob 0:0. Endi hammasi "Golden score"da hal bo‘ladi. Bo‘shashma, Sharofiddin!
10:02. Nimchorak final bosqichi doirasida Sharofiddin Boltaboev o‘z jangini boshladi. Uning raqibi bolgariyalik Ivaylo Ivanov.
09:30. Jangi boshlanishiga bir necha daqiqa qolgan Boltaboev tatami chetida mashg‘ulotlarni olib bormoqda.

08:34. Sharofiddin Boltaboevning jangi muddatidan oldin yakunlandi! Vakilimiz 1-raunddayoq raqibini ippon bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi! Endi unga bolgariyalik Ivaylo Ivanov raqiblik qiladi.
08:31. -81 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan dzyudochimiz Sharofiddin Boltaboev vanatulik Xyugo Kumboga qarshi tatamiga chiqdi.
07:38. Endi Boturov 1/8 final bosqichida Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan Pet MakKormakka qarshi ringga ko‘tariladi. Ushbu jang 30 iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ma’lumot uchun, uning raqibi 2019 yilgi Evropa chempioni hisoblanadi.

07:26. 3-raundda ham katta qiyinchilikka duch kelgan Bobousmon g‘alaba qozonishni uddaladi. Juda qiyin kechgan jangda hamyurtimiz 4:0 hisobida zafar quchdi. Bardavom bo‘lsin!

07:22. Negadir vakilimiz ikkinchi raundda biroz tezlikni pasaytirdi va bu uning zarariga ishladi. Hisob ham 19:19 ko‘rinishiga keldi. Uyg‘onish kerak, Bobousmon!

7:19. Birinchi raundni yaxshi boshlagan hamyurtimiz uni o‘z foydasiga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Hakamlarning barchasi uning g‘alabasini ta’kidmoqda.
7:16. Bobousmon Boturov Olimpiadadagi ishtirokini boshlash uchun ringga ko‘tarildi. Uning raqibi Dominikan Respublikasidan Emiliano Polanko.
7:13. Afsuski, Osipova 3-raunda biroz passiv harakat qildi. Asosiy vaqt yakunlanishiga 1 soniya qolganda uning raqibasi, qozog‘istonlik Jenzel Deniz hisobni 10:9 ko‘rinishiga keltirdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.
07:07. Ajoyib! Osipova ikkinchi raundda tezlikni oshirdi va hisobni 8:5 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Shunday davom etish lozim!
07:05. Ilk raundda Svetlana 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Ammo umid hali so‘nmadi. Bizda 2 raund bor.
07:03. Svetlana Osipovaning jangi boshlandi!
07:03. Dzyudochimiz ilk raundda ippon bahosi bilan imkoniyatni boy berdi va turnir bilan xayrlashdi.

07:00. Farangiz Hojieva tatamiga ko‘tarildi. Jang boshlandi!
06:55. Birinchi bo‘lib kurashga kirishadigan dzyudochimiz Farangiz Hojieva arenaga etib keldi. Uning raqibasi Kabo Verde sharafini himoya qilayotgan Sandrin Billiet bo‘ladi. -63 kg vazn toifasida o‘tkaziladigan bahs boshlanishiga bir necha daqiqa qoldi.
Assalomu alaykum, muhtaram sport ixlosmandlari! Bugun, 27 iyun sanasida 5 nafar vakilimiz O‘zbekiston sharafini xalqaro maydonda himoya qiladi. Quyida Olimpiadaning 4-kunida kurashga kirishadigan sportchilarimiz bilan tanishing:
1.Farangiz Hojieva (dzyudo, ayollar -63 kg) – 07:00
2.Svetlana Osipova (taekvondo, ayollar, +67) – 07:00
3.Bobousmon Boturov (boks, erkaklar, 63-69 kg) – 07:15
4.Sharofiddin Boltaboev (dzyudo, erkaklar, -81 kg)
5.Xurshid Tursunov (suzish, erkaklar) – 15:09.
Fikrlar