Tonali qishda "Nyukasl"ni tark etmaydi

  • 02.02.2026 23:42
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Nyukasl" yarim himoyachisi Sandro Tonali yanvar oyida jamoani tark etmaydi.

Avvalroq "Arsenal" Italiya terma jamoasining 25 yoshli futbolchisini qishki transfer oynasi so‘nggi kunida sotib olish imkoniyatini o‘rganayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

"The Athletic" nashrining ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining agenti Tonalini "Arsenal"ga taklif qilgan, biroq "Nyukasl" bilan muzokaralar o‘tkazilmagan va transfer oynasi yopilguncha vaziyat o‘zgarmaydi.

Italiyalik o‘yinchining vakili "Arsenal" sport direktori Andrea Berta bilan bog‘langan. Tonali "to‘pchilar"ga anchadan beri yoqadi. Berta bu masalani xizmat vazifasi doirasida ko‘rib chiqqan, ammo jarayon davom etmaydi.

"Nyukasl" ayni paytda hech qanday bitim tuzishni istamayapti. Nazariy jihatdan so‘ralayotgan summa ham londonliklar moliyaviy imkoniyatlaridan ancha yuqori ekani aytilmoqda.

Klublar o‘rtasida rasmiy muloqot bo‘lmagani sababli Tonali "Sent-Jeyms Park"da qoladi.

Insayder Fabrizio Romano ham Sandroning qishki transfer oynasida ketishi umuman ko‘rib chiqilmaganini ta’kidlagan. Bir nechta klublar qiziqish bildirganini inobatga olsak, yozda jamoa pozitsiyasiga qarab vaziyat o‘zgarishi mumkin. Ammo hozircha bu masala kun tartibida emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!