Toshkent bugun dahshatli boks oqshomiga mezbonlik qiladi
Bugun Toshkent shahridagi "Humo arena" majmuasida Olimpiya chempionlari va jahon prof ringi yulduzlari ishtirokida katta professional boks oqshomi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur kecha WBC Eurasia, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi hamda Lift Promotion hamkorligida o‘tkazilib, bir qator muhim va printsipial janglarni o‘z ichiga oladi. Bellashuvlar davomida xalqaro reyting ochkolari uchun kurashlar bilan birga ayrim vazn toifalarida WBC Eurasia chempionlik kamarlarining sohiblari ham aniq lanishi rejalashtirilgan.
Markaziy janglaridan biri esa ikki karra Olimpiya chempioni kubalik Robeysi Ramirez hamda mahoratli bokschi Asror Vohidov o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shuningdek, professional boksda yuqori natijalar qayd etib kelayotgan Murodjon Ahmadaliev ham ushbu oqshom doirasida navbatdagi jangini o‘tkazadi.
Og‘ir vazn toifasida Olimpiya chempioni Lazizbek Mullajonov WBC Eurasia chempionlik kamari uchun ringa ko‘tariladi. Yana bir Olimpiya chempioni Abdumalik Xalakov ishtirokidagi bellashuv ham kechaning eng kutilgan janglaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bilan birga, yarim og‘ir vaznda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan Ali Izmailov ham WBC Eurasia kamari uchun kurash olib boradi.
Shuningdek, dasturdan yana bir qator reyting janglari ham o‘rin olgan bo‘lib, ular professional ringdagi yangi nomlar va kuchli raqobat muhitini namoyon etishi kutilmoqda.
Asosiy kard:
Murodjon Ahmadaliev – Hegli Moskida
Asror Vohidov – Robeysi Ramirez
Lazizbek Mullajonov – Luis Garsiya
Abdumalik Xalakov – Ramadhan Iddi
Ali Izmailov – Frenk Shagembe
Shohjahon Abdullaev – Denis Okoz
Anderkard:
Nusislom Ismoilov – Dulla Mbabe
Shohabbos Mahmudov – Asadbek Bekmirzaev
Ma’lumot o‘rnida, WBC Eurasia tashkiloti 2025 yil dekabr oyida MDH va Qora dengiz mintaqasi boks byurosi negizida qayta tashkil etilgan bo‘lib, unga taniqli sport funksioneri, o‘zbekist onlik Gafur Rahimov rahbarlik qilib kelmoqda.
29 may kuni Toshkentda o‘tkaziladigan mazkur professional boks oqshomi nafaqat mamlakatimiz sport muxlislari, balki xalqaro boks jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lishi kutilmoqda. Janglarni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish maqsadida WBC tomonidan taniqli sport arbobi Pэт Fиакко nazoratchi sifatida tayinlangan.
Janglar 18:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.

Fikrlar