
Toshkentda shaxmat bo‘yicha xalqaro turnir yakunlandi. Natijalar bilan tanishing!
Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida roppa-rosa bir hafta davom etgan shaxmat bo‘yicha o‘zbekistonlik birinchi grossmeyster Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan 14-an’anaviy xalqaro turnir o‘z yakuniga etdi.
Bugun musobaqaning so‘nggi 9-tur o‘yinlari o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Yakuniy tur oldidan g‘oliblikka asosiy da’vogar sifatida ikki shaxmatchi qaralayotgan edi. Bular – armanistonlik Shant Sargisyan hamda hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboev.
9-turda armanistonlik shaxmatchi qora donalarda o‘ynashiga qaramay hamyurtimiz Jahongir Vohidov bilan murosaga erishdi. Natijada u o‘z ochkolari sonini 7 taga etkazib oldi.
Nodirbek Yoqubboev esa Ozarbayjon vakili Misratdin Iskandarov bilan kuch sinashdi. Iskandarov FIDE reytingidagi o‘rni, qolaversa turnirda qayd etayotgan natijalari borasida Nodirbekdan orqada qolayotgandi. Shu bois mazkur o‘yinda qayd etiladigan durang natija ham Yoqubboevni xalqaro turnir g‘olibiga aylantirishi kutilayotgan edi. Boz ustiga, hamyurtimizning oq donalarda harakat qilishi ham unga sezilarli ustunlik berardi. Ammo, bosim kuchlilik qildimi yoki boshqa sababmi, xullas Nodirbek kutilmaganda raqibiga yutqazib qo‘ydi. Natijada u xalqaro turnirni 5-o‘rinda yakunladi.
9-turda tajribali Marat Jumaevni qora donalarda mag‘lub etgan yosh, umidli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov esa o‘z ochkolari sonini 6,5taga etkazgan holda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikka esa xuddi shuncha ochko jamg‘argan tojikistonlik xalqaro master Muhammad Xusenxo‘jaev yakun yasab berdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduxakimov hamda arab mamlakatlari shaxmat federatsiyasi prezidenti, Sharja shaxmat va madaniyat klubi prezidenti Shayx Saud Abdulaziz Almualla ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Turizm va sport vaziri A.Abduxakimov musobaqa yuqori saviyada tashkil etilgani, musobaqa davomida hakamlarga nisbatan bironta ham e’tiroz bo‘lmagani, qolaversa hozirgi pandemik sharoitda Toshkentga 12ta davlatdan kuchli shaxmatchilarning kelishgani – bu dunyo shaxmat oilasida Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan turnirga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanligidan darak berishini alohida ta’kidladi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, xalqaro turnir g‘olibi bo‘lgan armanistonlik Sh.Sargisyan 5 ming AQSh dollari, 2-o‘rin sohibi N.Abdusattorov 3 500 AQSh dollari, 3-o‘rinni egallagan M.Xusenxo‘jaev esa 2 500 AQSh dollari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 4-o‘rindan 15-o‘ringacha bo‘lgan o‘rin sohiblari ham tegishli pul mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Endi shaxmatchilarni oldinda yana bir xalqaro turnir – 24-29-avgust kunlari qo‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tadigan Sohibqiron Amir Temur kubogi musobaqasi kutib turibdi.
Fikrlar