Transfer bozorida Saudiyaliklardan qolishmayotgan "Galatasaroy"ning rejalari haqida

  • 12 iyul, 2023, 04:40
  • 0
  • Futbol

O‘tgan yili tarkibni Mauro Ikardi, Lukas Torreyra, Dris Mertens va Xuan Matalar bilan kuchaytirgan "Galatasaroy" yakuniga etgan mavsumda Turkiya chempionatini g‘olibiga aylandi. Shu bilan birgalikda, Chempionlar ligasiga ham yo‘l olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eng asosiysi, jamoaning qilgan transferlari o‘zini oqladi. Ikardi 26 ta o‘yinda 23 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Torreyro va Oliveyra tayanch yarim himoyada yaxshi juftlik bo‘lgan bo‘lsa, Mertens, Aritikoglu va Rashikalar hujum tashkil qilishda aktiv bo‘lishdi. "Sherlar" himoyasi ham chakki harakat qilgani yo‘q. "Galatasaroy" o‘tgan mavsumning eng kam gol o‘tkazgan klubiga aylandi (Turkiya superligasida). Ammo jamoa bu tarkib bilan Chempionlar ligasida ishtirok etmoqchi emas. Okan Buruk yanada ko‘proq futbolchilarning transferini istamoqda. Rahbariyat ham bunga qarshi emas. Ular asosan hujumchilar bilan shartnoma imzolash haqida o‘ylamoqda. Klub ayni dam ispaniyalik himoyachini o‘z tarkibiga qo‘shib olishga juda ham yaqin turibdi. 

photo_2023-07-12_04-31-11

Anxelino

"Manchester "Siti"da bundan 3 yil oldin chap qanotda 3 ta darajasiga bir-biriga yaqin bo‘lgan futbolchilar o‘ynardi. ZinchenkoMendi va Anxelino. Ularning hech biriga asosiy tarkib kafolatlanmagandi. Shu sababli, kimdir jamoani tark etishiga to‘g‘ri kelgan va bu 26 yoshli ispanning chekiga tushdi. Dastlab, "Leyptsig" uni bir mavsum ijaraga oldi. Yaxshi davrni boshdan kechirgan himoyachi qolishga qaror qildi. Germaniya klubi ham uni 28 million evroga sotib olishga rozi bo‘ldi. Jamoada esa murabbiy almashdi. Nagelsmann "Bavariya"ga o‘tib ketdi. Bu fulbekning keyingi faoliyatiga ta’sir qilmay qolmadi. Bir mavsumdan keyin "Xoffenxaym"ga ijaraga berilgan Anxelino 35 ta o‘yinda maydonga tushirildi. Kelajagi so‘roq ostida turgan paytda Uni "Galatasaroy" o‘z tarkibiga qo‘shib olishga qaroq qildi. Turkiya klubi futbolchi sotib olish sharti bilan ijaraga olmoqda. Agarda himoyachi to‘liq sotib olinsa, "sherlar" bilan 3 yillik shartnoma imzolaydi. Tez orada u tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Istanbulga yo‘l olishi kutilmoqda. 

Image

Davinson Sanches

Sanches "Ayaks"da kelajagi porloq himoyachilardan biri sifatida qaralar edi. "Tottenxem"dagi faoliyati davomida asosiy tarkibdan joy ololmagan futbolchi ham "Galatasaroy" vakiliga aylanishi mumkin. London klubiga dastlabki taklif yuborildi. Jamoa bu transferga 9 million evro sarflamoqchi. "Shporlar" ham uni sotishga qarshi emas. Ammo himoyachi uchun boshqa klublardan ham qiziqishlar bor. So‘nggi qarorni Sanchesning o‘zi chiqarishi va o‘ziga yangi jamoa tanlashi kerak bo‘ladi. 

Image

Leandro Paredes

Yana bir o‘z o‘rniga ega bo‘la olmayotgan futbolchi. Peredes PSJda yaxshi hayot kechirayotgandi. Ammo evropaliklar va janubiy amerikaliklar o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatdan keyin klub unga chiqish eshiklarini ko‘rsatdi. Bir mavsum "Yuventus"da o‘ynagan yarim himoyachi murabbiyda yaxshi taassurot qoldira olmagan shekilli, har qolda turinliklar uni sotib olmadi. "Galatasaroy" esa Paredesni o‘z tarkibiga qo‘shib olish niyatida. Tomonlar 6 million evrolik kelishuvga erishish arafasida turibdi. Bu transferga barcha rozi. 29 yoshli jahon chempionining jamoa bilan tuzgan bitimi 2027 yilgacha amal qiladi. Shuni ham unutmaslik kerakki, uni oldinda yaxshigina kurash kutmoqda. Torreyra va Oliveyra murabbiyning ishonchini oqlab bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, bu ikki yarim himoyachi asosiy tarkibda mavsumni boshlaydi. 

Image

Mauro Ikardi

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, "Galatasaroy" hujumchilar sonini ko‘paytirishni maqsad qilgan. Birinchi navbatda ijarada o‘ynayotgan Mauro Ikardini to‘liq sotib olishga harakat qilgan "sherlar" bunga deyarli erishdi ham. Muxlislar yoqimtoyiga aylanib olgan strayker PSJdan "Galatasaroyga" 10 million evro evaziga o‘tishga yaqin turibdi. Futbolchi va klub o‘rtasida 3 yillik shartnoma imzolanishi kutilmoqda. Insayder Nikola Shkiraning so‘zlariga ko‘ra, Ikardiga "Al-Shabab"dan 75 million evrolik taklif tushdi. Ammo u qolib, jamoa bilan Chempionlar ligasiga qaytishga urinib ko‘rishni tanladi. Ma’lumot uchun, 30 yoshli argentinalik "Galatasaroy"da yiliga 9 million evro maosh oladi. Umuman olganda, Mauro uchun ham so‘nggi yillar  bir tekis ketmayotgandi. PSJdagi dastlabki mavsumida 20 ta gol urgan hujumchi keyingi 2 yilda 18 marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. "Inter"ga uning transferidan ko‘p pul ishlay olmagani alam qilsa, PSJga zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira olmasligi ma’qul kelmadi. Hammaga ham birdek yoqavermaydigan Ikardi e’tibordan chetda bo‘lib, yana o‘zining eski darajasini tiklamoqda. Boshlanayotgan mavsum uning uchun juda muhim hisoblanadi. 

Image

 

Zaxira hujumchisi...

"Galatasaroy"ning ikkinchi raqamli hujumchisi bo‘lgan Bafetimbi Gomis klub bilan xayrlashib, erkin agentga aylandi. Endi Turkiya grandiga yangi staykerlar kerak. Variantlar orasida hamyurtimiz Eldor Shomurodovni ko‘rish yoqimli. "Roma"dagi muvaffaqiyatsizlik va "Spetsiya"dagi bir dona goli bilan hujumchining keyingi faoliyati dargumonligicha qolayotgandi. "Galatasaroy" uni sotib olish sharti bilan ijaraga olishi mumkin. Ammo hali rimliklar tomonidan aniq javob aytilmadi. Shomurodovning o‘zi ham so‘nggi qarorni qabul qilmaganga o‘xshaydi. Albatta terma jamoamiz sardorini Chempionlar ligasida ko‘rish quvonarli holat, lekin bitta muammo bor. Gap shundaki, "Fanatik" nashri "Galatasaroy" "An-Nasr" vakili Sedrik Bakambu bilan kelishib olgani va tez orada transfer rasman e’lon qilishi haqda xabar berdi. Katta ehtimol bilan, kongolik hujumchi jamoaning ikkinchi raqamli straykeri bo‘ladi. Bu esa Shomurodovning 3-raqamli hujumchiga aylanishini anglatadi. Agarda 28 yoshli futbolchi bunga rozi bo‘lsa, uni "Galatasaroy" tarkibida ko‘rishimiz mumkin. Ammo Shomurodov aynan zaxirada ko‘p o‘tirgani uchun "Roma"ni tark etmoqchi. 

Image

Suhrob Xolbekov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!