
"Turon"ni boshqarish uchun mening ham nomzodim borligini eshitdim" yoxud "Surxon" murabbiyi klubdagi taqdiri qachon hal bo‘lishini aytdi
Termizning “Surxon” jamoasi og‘ir kechgan mavsumda bir amallab Superligada qolish vazifasini uddalay oldi.
Xabaringiz bo‘lsa, ikkinchi davra o‘rtalarida klubga Yorqin Nazarov taklif qilindi va murabbiylar shtabida ishga kirishdi. Bir so‘z bilan aytganda, “Surxon” jamoasi Superligada qolish uchun munosib o‘yin ko‘rsata boshladi.
Albatta, bu borada bosh murabbiy Bahrom Haydarovning ham hissasi katta bo‘ldi. Shu bilan birga Yorqin Nazarov bilan hamkorlikda yaxshi ish olib bordilar. Ushbu mutaxassis “Andijon”ni ham boshqarganini bilasiz. Keyin asosiy raqobatchilaridan birida ishga kirishdi va yakunda “Surxon” bilan elitada qoldi.
- “Andijon”dan ketganimdan so‘ng, biroz dam olaman deb o‘ylagandim, - deya gap boshladi Nazarov. - Ammo “Surxon” rahbari qo‘ng‘iroq qilib ish taklif qildi. Ya’ni, klub direktori lavozimini o‘rtaga tashladi. O‘ylab ko‘rganimdan keyin ko‘rishdik va shartnoma imzoladik. Lekin bitta o‘yin o‘tganidan keyin rahbar meni chaqirib, jamoa o‘yini muhimroq, direktorlikdan ko‘ra, aynan o‘yinni yo‘lga qo‘yib, klubni Superligada olib qolishimiz bo‘yicha vazifa yukladi. O‘zim bilan birga Timur degan yordamchimni “Surxon”ga olib keldim. U “Andijon”da ham menga yordam bergan. Shunday qilib, ishga kirishib ketdim. Mashg‘ulotlarda futbolchilarni o‘zimizni o‘yin uslubimizga moslashtirib, shunga yarasha tarkibni shakllantirdik. Keyin bilsam, futbolchilarni shartnomalarida agar klub 10-o‘rinni olsa bonuslar bor ekan. Mendagi vazifa “Surxon”ni Superligada olib qolish edi. Keyin o‘yinchilarning shartnomalarida yozilgan bandga asosan biz nafaqat elitada qolish, balki 10-o‘rinni egallash vazifasini ham bajardik. Birinchi navbatda rahbariyatning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Xudoga shukr, qilgan ishimizdan qoniqishdi. Surxondaryolik muxlislar ham bizdan xursand.
- Klubda bosh murabbiy Bahrom Haydarov edi. Natijaga kim javobgar bo‘lgandi?
- To‘g‘risini aytsam, natija bo‘yicha rahbariyatga men javob berishim kerak edi. Umuman olganda, butun murabbiylar shtabi javob berardi. Ammo har o‘yindan keyin men rahbarning oldiga kirib hisobot topshirishim kerak edi. Klubda hamma murabbiylar – Bahrom Haydarov, Rustam Oripov, Shavkat Abduxo‘jaev, barchamiz ishladik. Hammaga tashakkur aytamiz. Chunki klubdagi barcha bir jamoa bo‘lib mehnat qildik.
- Yangi mavsumda ham “Surxon”da ishlashda davom etasizmi?
- Meni “Surxon” rahbariyati jamoada qoldirmoqchi. Lekin xabaringiz bo‘lsa, klubga yangi homiylar kelyapti. Faqat ularni kelayotgani hozircha og‘izda gapirilyapti. Rasmiy ravishda “Surxon”ni boshqarishga kirishgani yuzasidan qaror chiqqani yo‘q. Ular akademiya va bolalar futbolini ko‘tarishadimi yoki bosh jamoaga ham rahbarlik qilishadimi? Hozircha menda bu borada aniq ma’lumot yo‘q. Keyingi faoliyatim bo‘yicha bir haftadan keyin oydinlik kiritiladi. Bundan tashqari, Superliga va pro ligadan takliflar tushyapti. Hozircha hech qanday javob bermadim. “Surxon”dagi taqdirimga qarab keyin javob aytaman.
- Mendagi ma’lumotga qaraganda, sizga “Turon” klubi qiziqyapti ekan. Bu jamoadan taklif bo‘ldimi?
- “Turon” bosh murabbiyligi uchun mening ham nomzodim turganini eshitdim. Ammo rasman bu klubdan hech kim menga aloqaga chiqqani yo‘q. Boya aytganimdek, hozircha “Surxon”dagi ishimni hal qilib olganimcha yo‘q.
- Sobiq klubingiz - “Andijon”ning Superligani tark etishiga qanday munosabat bildirasiz?
- Superligani tark etish uchun nomzodlar beshta edi. “Surxon”, “Turon”, “Metallurg”, “Andijon” va “Mash’al”. Shulardan istalgan ikkita jamoa tushib ketishi mumkin edi. Lekin oxirgi turlarda “Surxon” bilan “Metallurg”ga omad kulib boqdi va biz Superligada qoldik. “Andijon”ni ham qolish uchun imkoniyati bor edi. O‘z maydonida “Metallurg”ni yutayotib oxirgi daqiqalarda ikkita to‘p o‘tkazib yubormaganida ikkala jamoani o‘rni o‘zgargan bo‘lardi. “Andijon”ni tushib ketganini boshqalardan qidirmaslik kerak, hammasi o‘zida bo‘ldi. O‘yinlarda jamoaga omad kulib boqmadi. Futbolchilar yaxshimi-yomonmi, byudjetiga yarasha o‘yinchilar bor edi. Ularning orasida yaxshi futbolchilar ham borligini aytishim kerak.
Fikrlar