Uchrashuv kuni va joyi aniq! Rossiya O‘zbekiston bilan o‘yinni kutyapti
Hozir qaysi terma jamoa kuchli?
Rossiya milliy terma jamoasi 2026 yildgi jahon chempionati ishtirokchisi hisoblangan Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Sport24 internet-nashrining xabar berishicha, bellashuv 25 sentabr kuni Nizhniy Novgorod shahrida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
Manba maʼlumotlariga koʻra, Rossiya va Oʻzbekiston futbol federatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga kirgan. Hozircha tomonlar oʻyinni oʻtkazishga oid tashkiliy masalalarni kelishib olmoqda.
Oʻzbekiston terma jamoasi italyalik mutaxassis Fabio Kannavaro qoʻl ostida debut jahon chempionatida guruh bosqichidagi uchala oʻyinda ham magʻlubiyatga uchradi. Oʻzbekistonliklar Kolumbiyaga (1:3), Portugaliyaga (0:5) va Kongo Demokratik Respublikasiga (1:3) yutqazdi.
Shu bilan birga rossiyalik muxlislarga «Rostov»dagi oʻyinlari bilan yaxshi tanish boʻlgan Eldor Shomurodovning kongoliklar darvozasiga kiritgan toʻpi FIFA tomonidan mundialning eng chiroyli ikki golidan biri sifatida eʼtirof etildi.
Rossiya terma jamoasi sentabr oyida yana bir oʻrtoqlik oʻyinini rejalashtirgan. 29 sentabr kuni «Kazan Arena» stadionida Valeriy Karpin boshchiligidagi jamoa oʻquv-mashgʻulot yigʻini doirasida Eron terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Eron futbolchilari ham 2026 yildgi jahon chempionatida ishtirok etgan. Guruh bosqichida jamoa biror marta magʻlubiyatga uchramadi, Yangi Zelandiya, Belgiya va Misrga qarshi uchrashuvlarni durang bilan yakunladi. Shu bilan birga, pley-off bosqichiga chiqa olmadi. Hozirgi vaqtda Eron terma jamoasi FIFA reytingida 22- oʻrinni egallab turibdi.
Rossiya va Eron terma jamoalari oʻrtasida shu kungacha toʻrt marta oʻyin oʻtkazilgan. Eng soʻnggi uchrashuv 2025 yil oktyabr oyida Volgograd shahrida boʻlib oʻtgan va unda Rossiya jamoasi 2:1 hisobida gʻalaba qozongan.
Shuningdek, Rossiya futbol ittifoqi 2026 yilning ikkinchi yarmida Paragvay terma jamoasiga qarshi yana bir oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Avvalroq paragvayliklar bilan oʻyin 2024 yil mart oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo keyinchalik bekor qilingan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari bungacha bir marotaba oʻzaro kuch sinashgan boʻlib, 2022 yil 20 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida oʻtkazilgan bahs golsiz durang bilan yakunlangan.

Izohlar (0)