
UFC 268. Abu-Dabidan Nyu-Yorkka qaytamiz yoxud Usman revanshda ham g‘alaba qozonadimi? Janglar anonsi bilan tanishing
UFC muxlislarni shod etish tadorigini ko‘rib qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Ketma-ket o‘tkazilayotgan raqamli turnirlar bunga yaqqol misol. Abu-Dabida o‘tgan UFC 267 turnirining taassurotlari sovumasdan turib, estafetani Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan UFC 268 turniri davom ettiradi. Kard esa o‘tgan haftadagi turnirdan o‘tsa o‘tadiki, aslo qolishmaydi.
Asosiy jang azaliy dushmanlarning o‘zaro masalalariga oydinlik kiritishi shart. Vaznidan qat’iy nazar (Pound-for-Pound) reytingida qudratli Djon Djonsni ag‘darib, peshqadamlikni qo‘lga olgan Kamaru Usman o‘z vaznidagi dominant yurishini bu safar eski tanishi Kolbi Kovington manzili bilan tutashtiradi.
Revanshlar epidemiyasi shu bilan o‘z nihoyasiga etmaydi. Ayollar minimal engil vaznida o‘ziga tegishli kamarni yana qaytarib olgan Rouz Namayunas taqdirdan qochib qutula olmadi. Xitoylik Veyli Jang o‘tgan jangda o‘z unvonini Rouzga topshirib qo‘ygan bo‘lsada, qasos ilinjida yana unga qarshi oktagonga ko‘tarilmoqda.
Va, albatta, turnirning yana bitta yorqin afishasi, shubhasiz, Djastin Getji va Maykl Chendler jangidir. Ikkita zambarakka ega jangchilar jangi oldidan nokaut hidi anqimoqda. Bu olishuv natijasi asosida chigallik sari ildamlayotgan engil vaznda salgina tartibga guvoh bo‘lsak ajabmas.
Shuningdek, UFC 268 bir qator qizg‘in bahslarga boy. Xususan, sobiq chempion Frenki Edgarning qaytishi. Kikboksingda bir emas, ikki marotaba Israel Adesanyani mag‘lub etgan braziliyalik Aleks Pereyraning debyuti va yorqin prospektlar Edmen Shaxbazyan va Nassurdin Imavovlar o‘trasidagi bahslar voqealikka o‘zgacha fayz bag‘ishlashi aniq.
Yakshanba tongida, jahonga mashhur «Madison Square Garden» o‘yingohi mezbonlik qiladigan turnir asl MMA shaydolari uchun unutilmas onlarni taqdim etadi. Faqat, shirin uyquning bahridan o‘ta olsa bo‘lgani.
Ko‘pchilik muxlislar qiziqishini inobatga olgan holda, Uzreport TV kanali O‘zbekistonda mazkur turnir translatsiyasini qo‘lga kiritdi.
Asosiy kard
Kamaru Usman – Kolbi Kovington
Rouz Namayunas – Veyli Jang
Djastin Getji – Maykl Chendler
Sheyn Burgos – Billi Kuarantillo
Frenki Edgar – Marlon Vera
Prelim kard
Aleks Pereyra – Andreas Mixailidis
El Yakvinta – Bobbi Grin
Filipp Xouz – Kris Kyortis
Edmen Shaxbazyan – Nassurdin Imavov
Yan Gerri – Djordan Uillyams
Fikrlar