
"UFC 300" turniri oldidan Sports.uz sayti imkoniyatlarni baholab chiqdi!
Ma’lumki, 14 aprel tongida “UFC 300” turniri bo‘lib o‘tadi. Yubiley turnir bo‘lganligi sababli kard juda “dahshat”li tarzda tuzilgan. Albatta, Deyveson Figeredo, Kodi Garbrand, Jessika Andrade kabi promoushen yulduzlarining jangi erta prelimdan o‘rin olganligi ham bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Xullas, biz ushbu 13 ta jangdagi imkoniyatlar haqida o‘z taxminimiz bilan o‘rtoqlashamiz...
Deyveson Figeredo (Braziliya) – Kodi Garbrant (AQSh)
- Ikki sobiq chempionlarning to‘qnashuvi ham qiziqarli o‘tishi aniq. Ma’lumki, Figeredo super engil vazn (56,7 kg) toifasida chempionlikka sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Garbrant o‘ta engil (61,2 kg) vaznning sobiq chempioni hisoblanadi. Har ikkisi katta janglarni, jiddiy raqiblarni ko‘rgan. Plyus va minus jihatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Figeredo raqibidan 4 yosh katta ya’ni, 36 yoshda. Tabiiyki, Garbrant yoshroq va bu ham qisman unga ustunlik beradi. Sababi, bu kichik vazn toifasi va bunda albatta, yosh rol o‘ynaydi. Qolaversa, Figeredo uchun bu diviziondagi 2-jangi hisoblanadi. Ya’ni, avval u bir vazn pastda harakat qilgan. Bu ham Garbrant uchun plyus jihat. Ammo, Garbrantning “jag‘i baquvvat” deb bo‘lmaydi. Faoliyatidagi mag‘lubiyatlarining 5 tasining 4 tasida texnik nokaut va nokaut bilan mag‘lub bo‘lgan. Figeredo esa bu borada anchagina matonatli sanaladi. Shuningdek, Kodi ochiqroq jang qiladi. Himoyada xatoliklar ko‘p. Xullas, bracha omillarni taroziga solib ko‘rib, bu jangda Figeredoning imkoniyatini yuqoriroq baholadik. Ya’ni 55/45 Figeredo!
Bobbi Grin(AQSh) – Jim Miller (AQSh)
- Engil vazn toifasi faxriy jangchilarining to‘qnashuvi. Grin 37 yoshda, Miller esa 40 yoshda. Bir-biriga juda mos raqiblar. Miller raqibiga nisbatan sabmishenlarni amalga oshirishga usta sanaladi. Grin esa “stoyka”da kuchliroq. Nazarimda bu jangda Grin ustunroq. Imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardim. Albatta, Grin foydasiga!
Jessika Andrade (Braziliya) –Marina Rodriges(Braziliya)
- Ikki braziliyalik qizlarning o‘zaro hisob kitobida nisbatan biroz ustunlikni Jessika Andradega bergan bo‘lardim. Har holda, uning “parter”da Rodrigesga nisbatan foydali ish koeeftsienti ko‘proq. Qolaversa, Andrade ikki divizionda juda kuchli raqiblar bilan, katta janglarda ishtirok etgan. Valentina Shevchenko, Rouz Namayunas, Veyli Jang, Yoanna Enjeychik.... xullas, raqibasidan anchagina tajribalai sanaladi. Imkoniyatlar 55/45 Andrade!
Jalin Tyorner (AQSh) – Renato Moykano (Braziliya)
- Bu jangda ko‘proq imkoniyat Jalin Tyornerda deb o‘ylayman. Ochig‘i, Tyornerning gabariti anchagina katta. Engil vaznda ko‘p vazn tashlay olish qobiliyati borligi uchun faoliyat yuritmoqda, deb o‘ylayman. Moykano zo‘r jitser sanaladi. Biroq, uning kuchli jihati Tyornerga o‘tmaydi, deb o‘ylayman. Bu jangda imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardim!
Diego Lopes (Braziliya) – Sodiq Yusuf (AQSh)
- Bu qarama-qarshilik Diego Lopesning ustunligi ostida kechadi, degan fikrdaman. Lopes juda iqtidorli jangchi meni nazarimda. Ajoyib jitser, “stoyka”si ham yomon emas. Xullas, imkoniyatlar 65/35 Lopes!
Xolli Xolm (AQSh) – Xarrison Ford (AQSh)
- Ha, Xolli Xolm zo‘r jangchi. U Ronda Rouzi erasiga yakun yasagan, kuchli atlet. Biroq, u hozir 42 yoshda. Xarrison esa ayni kuchga to‘lgan, 33 yoshda. Bilasiz, Xarrison MMAga jahonning eng kuchli dzyudochilaridan biri sifatida kirib kelgan. Ikki karra Olimpiada chempioni, jahon chempioni sanaladi. PFLdan UFCga qo‘shilgan Xarrison jahonning eng kuchli divizionida debyut qiladi. Xullas, bu jangda Xarrison muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritsa kerak. Imkoniyatlar 70/30.
Aldjameyn Sterling (Yamayka) – Kelvin Kattar (AQSh)
- Bu qarama-qarshilik to‘liq 3 raund davom etsa kerak, degan fikrdaman. Sterling bu jangda kurashini evaziga dominantlik qiladi. Jang asosan “parter”da kechadi. Sterling nazorat qiladi, Kattar esa bundan chiqishga va himoyalanishga urinadi. Xullas ochkolarga ko‘ra, Aldjo g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Imkoniyatlar 60/40.
Irji Proxazka – Aleksandr Rakich
- Qiziqarli jangni guvohiga aylanamiz. Biroq, bu jangda “Samuray” ning imkoniyati yuqori deb o‘ylayman. Qolaversa, u Aleks Perreyradan uchralgan mag‘lubiyatni yopib ketish kerak bo‘ladi. Motivatsiya bor. Umuman olganda ham, Proxazka noodatiy jangchilar sarasiga kiradi va u Rakichdan ustun. Jang muddatidan avval yakunlanadi. Proxazka TKO yoki KO evaziga g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlar 70/30.
Bo Nikal (AQSh) – Kodi Brandeyj (AQSh)
- Nikal uchun “oson pullar”... Ya’ni nisbatan juda oson raqib. Albatta, bu MMA va unda har qanday holat yuzaga kelishi mumkin. Biroq, imkoniyatlar nuqtai nazardan, bu safar ham Nikal qiyinchilikka uchramay g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman..Kodiga hurmatni saqlagan holda aytishim mumkinki, 1-raundning o‘zidayoq jang yakunlansa kerak. Imkoniyatlarni 80/20 deya baholagan bo‘lardim.
Charlz Oliveyra (Braziliya) – Arman Tsarukyan (Rossiya)
- Xo‘o‘o‘sh, menimcha bu jang turnirning eng kutilgan qarama-qarshiliklaridan biri, deb bemalol ayta olamiz. Ha, Tsarukyan yosh, g‘alabaga chanqoq, kurashi kuchli va bu to‘qnashuvda favorit hisoblanmoqda. Biroq, Oliveyra Pore, Getji, Chendler, Dariush kabi jangchilarni qanday “yakson” qilganiga guvoh bo‘ldik. Ular bilan to‘qnashuvlarning ba’zilarida ham Oliveyraning imkoniyati past baholangan edi. Menimcha Tsarukyanni kurashi Oliveyraga o‘tmaydi. Ya’ni qaysi ma’noda “parter”da nazoratni o‘rnata olmaydi. Jang muddatidan avval Oliveyraning g‘alabasi bilan yakunlanadi, degan fikrdaman. Ya’ni braziliyalik jangchi yana bir “sabmishen” bilan g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Imkoniyatlar 60/40.
Maks Xollouey(AQSh)– Jastin Getji (AQSh)
- Haqiqiy straykerlar bahsi bo‘ladi. Maks Xollouey yarim engil vazn (65,8 kg) toifasining shunchaki tirik afsonalaridan biri sanaladi. U ancha avval ham engil vaznga o‘tmoqchi bo‘lgan, biroq Pore uni “bu seni divizioning emas”, deya mag‘lub etgandi. Bu safar unga Getji to‘sqinlik qiladi. Ya’ni, ushbu qarama-qarshilikda Getjining imkoniyati yuqori, degan fikrdaman. Chunki, Getji gabarit jihatidan ham ustun. Qolaversa, nokautga uchratuvchi og‘ir zarbalarga ega. Maksda esa shaxsan men nokautga yo‘llaydigan zarbalarini ko‘rmayapman. Maks ham zarba ko‘tara oladigan jangchi. Faoliyatida biror marta TKO, KOga uchramagan. Biroq, bu safar Getji ushbu an’anani buzgan holda, uni texnik nokaut yoki nokautga yo‘llay oladi, nazarimda. Imkoniyatlar 65/35.
Veyli Jang (Xitoy) –Yan Syaonan (Xitoy)
- Ikki xitoyliklarning to‘qnashuvida Veyli Jangning imkoniyati yuqori. To‘g‘ri, Syaonanda motivatsiya kuchliroq bo‘lishi mumkin. Biroq, MMAda ba’zan ishtiyoqning o‘zi kamlik qiladi. Veyli Rouz Namayunasdan uchralgan ikki mag‘lubiyatdan so‘ng, yuqori sport formasini tiklay oldi. Ehtimol, jang to‘liq davom etar. Biroq, Veylining yaqqol ustunligida kechadi. Imkoniyatlar 60/40.
Aleks Perreyra (Braziliya) – Jamal Xill(AQSh)
- To‘g‘risi,yubiley turnirning markaziy jangiga sal nomunosibroq to‘qnashuv., ochig‘i anons qilinishidan avval mutlaqo boshqa qarama-qarshilikni kutgandik. Imkoniyatlarga to‘xtalsak, Perreyra bu jangni muddatidan avval yakunlasa kerak. Ya’ni, texnik nokaut yoki nokaut bilan. Imkoniyatlar 70/30 Perreyra!
Albatta, bu shaxsiy fikrim! Aslida, kim g‘alaba qozonishini 14 aprel kuni bilib olamiz!
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi.
Fikrlar