
UFC ning yaqin tarixidagi 6 ta "sensatsiya" bilan tanishing
Cport turi borki g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Va yana, sport bilan doimiy ravishda hamroh bo‘ladigan shunday atama borki, agar u voqeylikka aylansa, muxlislar shok holatiga tushadi. Fahmlagan bo‘lsangiz, "sensatsiya" haqida gap ketmoqda. Har qanday sport turida uchrab turadigan bunday kutilmagan natijalar, yakkakurash olamida ham juda ko‘p ro‘y beradi. Jumladan, MMA olamida bunday vaziyatlarni juda ko‘p kuzatganmiz. Ana shunday UFC dagi eng kutilmagan “Apset”larni 6 tasini e’tiboringizga havola qilamiz.
1. Jorj Sen-Per – Matt Xyuz
Kanadalik JSP UFC da ketma-ket 7 ta g‘alabaga erishib, yarim o‘rta vazn toifasining amaldagi chempioni bo‘lib turgan bir vaqtda, 2004 yil 22 oktyabr kuni tashkil qilingan UFC 50 turnirida AQShlik Matt Xyuz bilan to‘qnash keladi. Okean orti vakili ushbu bahsga qadar 4 ta mag‘lubiyatga uchragan bo‘lib, ularning bittasi UFC da afsonaviy B.J. Penn ga qarshi jangda ro‘y bergandi. Qolgan uchtasi boshqa turnirlarda edi. Garchi, faoliyatida mag‘lubiyatlar bo‘lsa ham u yomon jangchi emasdi. Shunday bo‘lsa-da, bu qarama-qarshilikda baribir yaqqol favorit kanadalik jangchi edi. U raqibidan bir bosh baland va barcha uni osonlik bilan g‘alaba qozonadi degan fikrda edilar. Lekin birgina xato qimmatga tushib, birinchi raundni o‘zida “armbar” (qo‘lni tortish) uslubiga tushib qoladi va faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatga uchraydi. Bu xaqiqiy "sensatsiya" edi. Keyinchalik 2006 yil 18 noyabrda bo‘lib o‘tgan UFC 65 turniridagi revanshda Sen-Per ikkinchi raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozonadi.
2. Jorj Sen-Per – Matt Serra
Navbatdagi "sensatsiya" ham kanadalik jangchining faoliyatida ro‘y beradi. U birinchi kutilmagan mag‘lubiyatidan keyin ketma-ket 6 marotaba g‘alaba qozonadi. Unga bu vazn toifasida xech kim bas kela olmayotgandi. Va nihoyat u ikkinchi marotaba mag‘lubiyatga uchraydi. Bu voqea 2007 yil 7 aprelda UFC 69 turnirida sodir bo‘ladi. U AQShlik Matt Serraga birinchi raundning o‘zida texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘ladi. UFC 83 turnirida o‘tkazilgan revansh jangining 2-raundida esa, Sen-Per xatosini to‘g‘irlab, texnik nokaut evaziga g‘alaba qozonadi.
3. Gegard Musasi – Yuraya Xoll
Kelib chiqishi arman millatiga taqaladigan niderlandiyalik Gegard Musasi ham sensatsion tarzda mag‘lubiyatga uchraganiga guvoh bo‘lganmiz. O‘rta vazn toifasida etakchilardan biri bo‘lgan Musasi bu jangdan avval Lioto Machida va Ronaldo “Jakare” Souzadan mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, 2015 yil 26 sentyabr kuni UFC Fight Night 75 da to‘qnash kelgan raqibi Yuraya Xolldan mag‘lub bo‘lishini hech kim kutmagan edi. Jangning 2-raundida kutilmaganda kuchli zarba o‘tkazib yuborib, texnik nokautga uchraydi. Oradan bir yil o‘tib, 2016 yil 19 noyabrda UFC Fight Night 99 da ular yana bir bor oktagonga ko‘tarilishadi va birinchi raundning o‘zida texnik nokaut evaziga Musasi g‘alaba qozonadi.
4. Stipe Miochich – Stefan Struve
Ayni kunda super og‘ir vazn toifasining amaldagi chempioni AQShlik xorvat Stipe Miochich faoliyatidagi ilk shov-shuvli mag‘lubiyatini 2012 yil 29 sentyabr UFC on Fuel TV 5 turnirida niderlandiyalik Stefan Struvedan qabul qilib oladi. Bu jangga qadar Mio UFC da uchta jang o‘tkazib, ajoyib g‘alabalarga erishgandi. Qolaversa, UFC ga o‘tgunga qadar boshqa promoushen turnirlarida biror marta mag‘lub bo‘lmagan va u chempionlikka da’vogarlik qila olish salohiyatiga ega deb e’tirof etilayotgan edi. Lekin ushbu jang barcha muxlislarni hayratda qoldirgan holda, "SKYSCRAPER" ning ikkinchi raunddagi texnik nokaut bilan qo‘lga kiritilgan g‘alabasi bilan yakunlanadi.
5. Ronda Rouzi – Xolli Xolm
AQShlik bu jangchi qiz o‘zining harakatlari bilan butun MMA muxlislarida uni enga oladigani topilmaydi degan tasavvurlarni uyg‘otib bo‘lgan edi. Ketma-ket UFC da 6 ta, faoliyatidagi 12 ta g‘alabasidan keyin 2015 yil 14 noyabr UFC 193 turnirida mazkur promoushenda endigina ikkita jang o‘tkazgan yana bir okean orti vakilasi Xolli Xolmga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Jangning birinchi raundidayoq Xollining “xay-kik” zarbasidan dunyodagi barcha MMA muxlislari shok holatiga tushadi. Chunki, zarba kuchli va aniq ko‘rinish olib Rouzini tom ma’noda “uxlatib” qo‘ygan edi. Xullas, chempionlik kamarini o‘ziniki qilib olgan Xolm Rouzining faoliyatiga chek qo‘yuvchi birinchi qadamni tashlab beradi. Oradan xech qancha o‘tmay bu missiyani Amanda Nunes yakunlaydi va Rouzi epopeyasi o‘z intixosini topadi.
6. Anderson Silva – Kris Vaydman
Braziyalik "THE SPIDER" o‘z vaqtida o‘rta vaznning “qiroli” ga aylangan edi. Uning rang-barang harakatlari, kutilmagan zarbalari, ayniqsa “front-kik” zarbalarining mukammalligi barchani hayratiga sabab bo‘lardi. Silva UFC bilan shartnoma imzolagandan so‘ng, uzluksiz 16 ta jangda g‘alaba qozonib, bu dvizionda tengsiz ekanligini namoyon qilayotgan edi. Lekin uning hukmronligiga ham chek qo‘yiladi. 2013 yil 6 iyul UFC 162 turnirida AQShlik Kris Vaydman Silvani ikkinchi raundda dahshatli nokautga uchratadi. Mazkur jang braziliyalik atletning qora kunlarining boshlanishi ekanligini u hali bilmasdi. O‘sha yilining o‘zida 28 dekabr UFC 168 turnirida revansh jangi tashkil etiladi. Bu to‘qnashuvda Silva oyog‘idan qo‘rqinchli tarzda jarohat oladi va texnik nokaut hisobiga mag‘lubiyat yoziladi.
Fikrlar