UFC ning taniqli sharhlovchisi Jo Rogan MMA qoidalarini o‘zgartirish bo‘yicha noodatiy taklif kiritdi!
UFC ning mashhur sharhlovchisi Jo Rogan aralash yakkakurashlar(MMA)da vazn toifalari sonini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
"Menimcha, MMA vakillari shuni tan olishi kerak: haddan tashqari vazn tashlashni to‘xtatishga yordam beradigan omillardan biri — jangchilarga ko‘proq vazn toifalari va imkoniyatlar berishdir. MMAda atigi sakkiz nafar chempionning bo‘lishi juda ham cheklovchi holat. Aralash yakkakurashlarda ikki kamarni yutishning o‘ziyok juda qiyin. Hozirgacha eng yuqori natija shu — faqat ikki vaznda chempionlik. Hech kim uch vaznda bunga erishmagan. Agar variantlar ko‘proq bo‘lganida, biz yanada raqobatli janglarni ko‘rardik. Qolaversa, bu jangchilar salomatligi uchun ham foyda. Chempionlar doirasi keng bo‘lishi sport rivojiga xizmat qiladi. Chempion bo‘lishga loyiq yigitlar ko‘p, faqat ular uchun mos vazn toifasi yo‘q", — dedi Rogan o‘z podkastida.
Eslatib o‘tamiz, UFC ning navbatdagi turniri 1 mart kuni Mexiko shahrida o‘tkaziladi.
G‘iyosiddin Uralov tayyorladi
Fikrlar