Umar Eshmurodov: "Hozirgi maqsadim klubim bilan yaxshi natija ko‘rsatish va terma jamoamizga JChning saralashida yordam berish"

  • 8 iyul, 2024, 21:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Shu yilning boshida “Nasaf” klubidan Malayziyaning “Selangor” jamoasiga ko‘chib o‘tgan va ilk bor legionerga aylangan hamyurtimiz Umar Eshmurodovning ayni paytda u erdagi hayoti va faoliyati qanday kechmoqda?

Tecno

Quyida Sports.uz muxbirining Umarga klubi va terma jamoa haqida bergan savollariga qanday javob berganini o‘qishingiz mumkin.

- Umarjon, "Selangor" klubidagi faoliyatingiz qanday davom etyapti? Ya’ni, debyut mavsumingizni qanday tasavvur qilgandingiz? Bu borada nimalar o‘xshadi va nimalar o‘xshamadi?

- Bizda hali chempionat va Kubok o‘yinlari davom etyapti. Malayziyada oldin chempionat xuddi O‘zbekistonga o‘xshab mart oyida boshlanib, dekabrda tugatishgan. Endi avgustda boshlab, may oyida tugatishmoqchi. Shuning uchun bu yil chempionat ertaroq boshlandi va keyingi yilning may oyida tugaydi.

- Himoyachi sifatida u erdagi hujumchilarning darajasi haqida nima degan bo‘lardingiz? Masalan, mahalliy va legioner hujumchilar borasida.

- Saviya yomon emas. Har bir jamoada o‘ziga yarasha kuchli hujumchilar va hujumkor futbolchilar bor.

- Adashmasam, u erda ham 92-raqamda to‘p suryapsiz. Bu raqam bo‘shmidi?

- Raqamimni o‘zgartirishni xohlamadim. Bu raqam tug‘ilgan yilimning oxirgi ikki soni. Bundan boshqa hech narsani anglatmaydi.

- Milliy terma jamoamizning JCh-2026 uchinchi saralash bosqichidagi raqiblar aniqlandi. Qaysi raqiblarni kutgandingiz? Umuman, qanday fikrdasiz?

- Albatta, raqiblar jiddiy va qur’adan oldin kimdir bizni guruhga tushsin, kimdir tushmasin deganim yo‘q. Shunchaki, qur’ani kuzatib, guruhimizni bilib oldim. Bu guruh terma jamoamizga faqatgina joylashuv nuqtai nazaridan qulayroq. Guruhdagi hamma davlatga bitta reys orqali borib kelish imkoni bor va bu juda muhim jihat.

- Yana Eron bilan to‘qnash kelishimizni o‘ylaganmidingiz?

- Yo‘q, o‘ylamagandim, bu bosqichda. Hammasi yaxshi terma jamoalar. Shuning uchun tayyorgarlikni yaxshi qilib, kim bilan bo‘lsa ham asosiy maqsad jahon chempionatiga chiqish uchun o‘ynash kerak.   

- Malayziyadagi faoliyatingiz orqali sizni xizmatingizga qiziqish bildirayotgan jamoalar borligi haqida eshitmoqdamiz. Shu rostmi?

- Jamoam bilan shartnomam bor. Hozir asosiy maqsadim jamoam bilan mavsum yakunigacha yaxshi natija ko‘rsatish va terma jamoamizga ushbu saralash bosqichida yordam berish.

- "Selangor" agar Superligamizda qatnashsa qaysi o‘rin uchun kurashgan bo‘lardi, deb o‘ylaysiz?

- Jamoamning saviyasi yomon emas. Menimcha, sovrinli o‘rinlar uchun kurashgan bo‘lardi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!