Umar Kremlyov: "Necha pul sarflanishidan qat’i nazar, biz bu jangni Moskvaga olib kelamiz"
Rossiyalik yarim og‘ir vazn toifasi vakillari Dmitriy Bivol va Artur Beterbiev o‘rtasidagi uchinchi jangning o‘tkazilish ehtimoli oshdi.
Kuni kecha Ar-Riyod shahrida o‘tgan jangda kelib chiqishi qirg‘izistonlik bo‘lgan Dmitriy Bivol raqibini ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub etib, yarim og‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioniga aylangan edi. Bu bilan u ilk jangdagi mag‘lubiyat uchun revansh olish barobarida 40 yoshli Beterbievga faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni taqdim etdi.
Bokschilar uchinchi jangga ham qarshi emas. Trilogiya Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyov xabar berdi.
"O‘ylashimcha, biz uchun uchinchi jang kerak. Ularning har ikkisi ham dunyoning eng yaxshi bokschilari. Trilogiyani 100 000 tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oluvchi "Lujniki" stadionida o‘tkazishimiz kerak. Agar siz buni istasangiz, necha pul sarflanishidan qat’i nazar, biz jangni Moskvaga olib kelamiz. Muzokaralarni ertagayoq boshlaymiz" – dedi Kremlyov.
O‘zbekiston boks federatsiyasidan.
Fikrlar